Chet elda yurgan faollar va muxolifatdan foyda nima?


Huquq faoli Mo'tabar Tojiboyeva O'zbekistonda uch yil qamoqda o'tirgan. O'zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turganlikda ayblagan.

Huquq faoli Mo'tabar Tojiboyeva O'zbekistonda uch yil qamoqda o'tirgan. O'zbekiston hukumati uni Andijon voqealari ortida turganlikda ayblagan.

Andijon voqealarining besh yilligi xotirlanar ekan, chet elda yashayotgan o’zbekistonlik faollar xalqaro hamjamiyatdan yordam va e’tibor so’rashda davom etmoqda. Ularning aytishicha, vatanda ahvol kun sayin og’irlashmoqda, aholining esa hukumatdan nolishga haddi sig’maydi.


Lekin O’zbekistonda bu fikrga hamma ham qo’shilavermaydi. Huquq himoyachilariga nisbatan yangraydigan doimiy tanqidlardan biri shuki, bu insonlar xorijdan moliya yoki grant olish umidida har narsa deyishga tayyor, xususan yurtini jahon sahnasida yomonlab, sharmanda qilishga.

Hukumat tarafdorlarining eslatishicha, uydagi gapni tashqariga olib chiqish o’zbek urf-odatlariga, madaniyatiga to’g’ri kelmaydi.

Bosim va tazyiqlarni bahona qilib chet elga ketgan, bir necha yillardan beri u yerda yashayotgan odamlar mamlakatdagi asl vaziyatni qaydan bilsin deya xayron bo’ladiganlar ko’p.

Biz ana shu savol bilan ayrim ko’zga ko’ringan huquq himoyachilariga murojaat qildik.

Abdujalil Boymatov 2006 yildan beri Irlandiyada istiqomat qiladi. O'zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati rahbari. Oilasi vatanda qolgan. Jahon ommasini O'zbekistondagi vaziyatdan, xususan huquq ahvoli qanday ekanidan boxabar qilib turishni o'z burchi deb biladi. Internet orqali tunu kun ma'lumot ulashadi.

Muhojirlikning o’z azobi bor, deydi u, lekin bu zamonda uzoqda yashash ona zamindan uzoqlashish degani emas. Erkinlik esa tabiiy bir talab.

“Men o’ylagan edimki, chet eldagilarning har bittasi O’zbekistonda bir kishiga yordam bersa, o’zgarish bo’ladi. Lekin men o’ylagan narsa chiqmadi, hamma o’zi bilan o’zi ovora. Bu 28 million aholi uchun sharmandalik. Yevropada qancha, Amerika va boshqa joylarda. O’zbekiston dunyodagi eng repressiv 10 davlatlar ichida. Bu haqiqatda uyat… Butun O’zbekiston xalqi uchun, O’zbekiston hukumati uchun, hamma uchun juda uyatli. Eng repressiv degani o’sha yerda poraxo’rlik, korrupsiya nihoyatda rivojlangan degani. Haqiqatda O’zbekistonda siz qanday pul topishingizning ahamiyati yo’q. Masalan, prokuror o’g’rilik bilan topadimi, poraxo’rlik bilan topadimi, odamlar uni hurmat qilaveradi. Bu sharmandalik”,- deydi u.

Toshkentda huquq faoli Abdulla Tojiboy o’g’li bir o’zi piket qilayotgani achinarli hol, deydi muhojir. Norozilik bildirish, muammolarni ko’tarib chiqish tinchlikka raxna solish emas, deydi Abdujalil Boymatov, fuqarolar uyushish, shikoyat qilish huquqiga ega. Lekin O’zbekistonda hukumat ham, odamlar ham bunga o’rganmagan. Masalan, yaqinda xususiy avtobuslar qatnovi to’xtatib qo’yilgan. Biror odam nega deb so’ramagan. Piket qilsangiz, sizga g’alati bir odamdek qarashadi. Nolishdan foyda yo’q, harakat qilgan odam yashayapti deyishadi. Bu loqaydlik, deydi Abdujalil Boymatov.

“2006 yilning 31 iyuligacha O’zbekistonda yashaganman. 1989 yilda Karimov hokimiyatga kelgan paytdan beri muxolifatdaman. Men chetda turib kuzatib turganim yo’q. Men hali ham O’zbekiston fuqarosiman. Chet elda majbur bo’lib yashayapmiz. Hozir mana 11 a’zomiz (O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati) qamoqda. 8-9-10 yilga qamalgan. Oxirgi paytda mana (Qashqadaryoda, diniy motiv va tuzumga qarshi ayblar bilan) Shaxlo Rahmatova olti yarim yilga, Mehriniso Hamdamova esa yetti yilga qamaldi. Mana hozir “Nega chet elga chiqib ketdilaring, O’zbekistonga kelinglar” deydi",- deydi Boymatov.

Yuqorida nomi keltirilgan ayollar va ularning 28 safdoshi va shogirdlari 2009 yilning noyabr oyida Qashqadaryo viloyatida ekstremizm gumoni ostida qo’lga olingan edi. Mehriniso Hamdamova, jamoatchilikka yaxshi tanilgan otin, yoshlar orasida dinni targ’ib qilib, ularni hukumatga qarshi qayraganlikda aybdor deb topilgan. Huquq himoyachilari esa bu insonlar qonunni buzmagan deydi.

Fuqaro erkin fikrlab, o’z burchi va mas’uliyatini bajarishga harakat qilishi uyat yoki ayb emas, deydi Abdujalil Boymatov.

“Dunyo tarixi erkinlik uchun kurashdan iborat. Erkinlik deganda norozilik bildirish, tashkilotlar tuzish, namoyishlar, ish tashlashlar erkinligi, o’z fikrini ochiq ifoda qilish, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar erkinligini tushunaman. Haqiqiy O’zbekistonda erkinlik yo’q. Erkinlik va demokratiya bir-biriga bog’liq. Erkinlik qancha ko’p bo’lsa, demokratiya ham shuncha oshadi. Demokratiya xalq boshqaruvi degani, lekin buning uchun xalq erkin bo’lishi kerak”.

O'zbekistonning o'tyurak farzandi deya xalqaro maydonda ulug'langan, Andijon voqealarida ayblanib, uch yilga yaqin qamoqda o'tirgan, xorij bosimi ostida ozod etilgan Mo'tabar Tojiboyeva hozir Fransiyada yashaydi.

Siyosiy asira sifatida ko’rgan-kechirganlari haqida kitob yozayapti. O’zbekistonda korrupsiya va qashshoqlik masalasini yoritadigan hujjatli film ham ishlamoqda.

“Biz bormiz, dunyo yurtimizdagi vaziyat haqida biladi, oz bo’lsa-da xalq dardini olib chiqayapmiz”,- deydi u.

O’zbekistonda yashab turib, atrofda aslida nima bo’layotganini bilish qiyin. Omma informatsion vakuumda yashaydi. Tashqaridan turib vaziyatni baholash osonroq, chunki yig’ilgan ma’lumotlarni tahlil qilish, masalaga har tomonlana nazar tashlash imkoniyatiga egasiz. Lekin Mo’tabar Tojiboyeva safdoshlar bilan aloqa qilish xavfli deya eslatadi.

“O’zbekistonga telefon qilsangiz, doimiy xavotirdasiz, men gaplashgan odamimga keyin nima bo’larkin deb. Lekin tashqaridan turib vaziyatni xolisroq baholay olasiz. Masalan, biror huquq himoyachisini hibsga olishdi va adolatsiz sud jarayoni o’tayapti. O’zbekistonda bo’lsangiz, bu haqda xabar yetkazasiz. Tashqarida esa siz bu, hibsdagi odam, himoya bilan ta’minlanishi uchun, unga moliyaviy yordam berish uchun harakat qilish mumkin. Yana bir tomondan, O’zbekistondagi vaziyatga qiziqqan xalqaro tashkilotlarga bu borada ma’lumot berish va ular orqali ta’sir o’tkazish imkoni ham bor”.

Kim haq, kim nohaq ekanini faqat vaqt ko’rsatadi, deydi Mo’tabar Tojiboyeva, tanqid qilish oson, lekin amalda biror yutuqqa erishish uchun mehnat qilish kerak, izlanish kerak, shu paytgacha mahkam yopiq turgan eshiklarni ochishga harakat qilish kerak.

Muhojirlar orasida birdamlik, hamfikrlik yo’q ekan, deydi faol, “xalqimizga nafimiz tegayapti” deb maqtanish qiyin.

“Xorijga chiqib ketganlarning hammasi O’zbekiston xalqiga foyda keltirayapti deb aytolmayman. Chunki ko’pchilik harakatsiz, o’zaro qarshilik kuchli. Juda oz sondagi faollar O’zbekistonda fuqaro jamiyati uchun, ahvolni yaxshilash uchun kurashayapti. Bu ishlar bugun ertaga ko’zga ko’rinadigan narsalar emas. Lekin men va men singari insonlarning sa’y-harakatlari o’z mevasini beradi degan umiddaman. Kelajak avlod uchun… O’zgarishlar, yaxshilanishlarga o’zimiz ham guvoh bo’lamiz deb ishonaman”,- deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

O’zbekistondagi holatni tashvishlanarli deb baholaydigan xalqaro tashkilotlar nazarida odamlarni tirikchilikka berilib, siyosat va huquq masalasiga loqayd deb ayblash to’g’ri emas.

Har bir fuqaro, qanchalik fidoiy bo’lmasin, o’z ravnaqi, oilaviy farovonligi haqida qayg’uradi. O’zbekiston ommasi qo’rquvda yashashga o’rganib ketgan, odamlar nima bo’layotganini biladi, ammo uni ochiq aytishdan hayiqadi.

Ishonmasangiz, mamlakat qamoqxonalarida o’tirgan yoki o’tirib chiqqan faollardan so’rang, deydi ular. Ularning esa safi keng. Tanqidchi shoir Yusuf Jumadan tortib, mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidgacha. Ro'yxatning naqadar uzun ekanini ko'rib dahshatga tushasiz, deydi huquq himoyachilari. Ko'pining taqdiri qorong'u.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG