Breaking News

O'zbekistonda hokimlarni o'zgartirish korrupsiyaga qarshi kurashmi?


Toshkent
Toshkent

Toshkent shahrining iqtisodiy jinoyatlarda gumon qilingan hokimi Abduqahhor To'xtayev ishdan olinib, uning o'rniga o'rinbosari Rahmonbek Usmonov tayinlandi.

Prezident Islom Karimov Toshkent shahar kengashidagi nutqida amaldorlar orasida korrupsiya ildiz otganligini e'tirof etdi.

Kuzatuvchilar nazarida esa aslida butun mamlakat yulg'ichlik botqog’ida. Birgina To'xtayevni ishdan olish yoki umumiy tanqid bilan hukumat bu muammoga qarshi konkret chora ko'rayotgani yo'q. Aslida butun tuzum korrupsiyaga botgan va shundan kun ko'radi, deydi faollar.

Toshkent shahrining yangi hokimi Rahmonbek Usmonov ko'pchilikka uncha tanish emas, lekin shunisi ma'lumki, u Abduqahhor To'xtayev bilan bir doirada. Shu bois jamoatchilik yangi undan biror o'zgarish kutmayapti.

“Rivojlangan davlatlar tajribasidan yaxshi ma`lumki, biror rahbar ketsa, o'z komondasi bilan ketadi, kelsa ham shunday. Faqat avtoritar davlatlarda rahbar o'rinbosari bir jamoada ishlashdan ko'ra boshlig'iga nisbatan kompromat yig'ish, tepaga yetkazish vazifasini ham bajaradi, bu “podstavka” qilishga o'xshaydi",- deydi Abdurahmon Tashamov, mahalliy faollardan biri.

"Albatta korrupsiyaga qarshi kurash davom etishi mumkin. Prezident yana islohotchi sifatida taqdim etiladi. Lekin bu bilan korrupsiyaga barham berilmaydi, chunki tuzumning o'zida bunga qarshi kuch yo'q. Rahmonbek Usmonov avval ko'zga ko'p tashlanmagan, ko'proq qurilish ishlari bilan shug'ullangan”, - deydi Tashanov.

Prezident Islom Karimov
Prezident Islom Karimov
Toshkent shahar kengashida so'zlagan nutqida O'zbekiston rahbari mahalliy boshqaruv fuqarolar dardini tinglashi kerak, befarqlik aholi orasida norozilik kayfiyatiga sabab bo'lmoqda, dedi.

Kuzatuvchilar bu quruq gap xolos degan fikrda.

“Mening nazarimda bu chiqish an'anaviy bir bayonot. Misol uchun To'laganovni shahar hokimligi lavozimidan olish paytida ham prezident xuddi shunday chiqish qilgan edi, shikoyatlar ko`paygani, aholi o'rtasida norozilik ortayotgani, korrupsiya kuchaygani haqida gapirgan edi. Bu bayonotlar birinchisi ham, oxirgisi ham emas",- deydi Abdurahmon Tashanov.

Muxolifatdagi O`zbekiston Xalq Harakati tomonidan tarqatilayotgan bayonotlarda tuzumdagi korrupsiyani faqat ochiq noroziliklar bildirish orqaligina yo'qotish mumkin deya ta'kidlanadi.

Bu harakat faollari prezident xalq noroziligi haqida gapirganidan ajabda.

O'zbekistonda butun tuzum korrupsiyaga asoslangan, deydi jamoatchi faollar
O'zbekistonda butun tuzum korrupsiyaga asoslangan, deydi jamoatchi faollar
“Bu kutilmagan bir holat, chunki 20 yildan ortib ketdi, nafaqat Islom Karimov, balki hokimyatning boshqa bo'ginlari ham xalq dardini eshitishmayotgan edi", - deydi To'lqin Qorayev, harakat a'zolaridan biri.

"Karimovning o'zi korrupsiya bois hokimyatda. Uni shu narsa ushlab turibdi. Endi korrupsiyani tag tugi bilan yo'q qilamiz deyish, aslida Karimov rejimining o'zini yo'qqa chiqishini anglatadi. Biroq uning atrofidagilar bunday kurashga yo'l qo'ymaydi ”, - deydi Qorayev.

Uning fikricha prezident chiqishi ko`proq aholini tinchlantirish maqsadida qilingan bayonot, xolos.

“Albbata xo'ja ko'rsin uchun kimlardir aybdor qilinadi, qamaladi. Hozir ham bu narsa ketayapti, korrupsiyada ayblanib qamalayapti. Lekin qolganiga o'tilmaydi, bu shunchaki xalqaro tashkilotlar ko'zi uchun qilinayotgan bir o'yin”, - deydi Qorayev.

Xalqaro hisobotlarda O'zbekiston dunyodagi eng korrupsiyalashgan mamlakat sifatida tilga olinadi.

Shu yil fevral oyida Amerikada chop etiluvchi "The Daily Beast" siyosiy-tahlil jurnali jahonda yulg'ichlik eng chuqur ildiz otgan 20 davlatni yoritib, O'zbekistonni birinchi o'ringa qo'ygan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG