Breaking News

"WikiLeaks" da Toshkentdan bitilgan diplomatik maktublar ham bor


"WikiLeaks" da Toshkentdan bitilgan diplomatik maktublar ham bor
"WikiLeaks" da Toshkentdan bitilgan diplomatik maktublar ham bor

AQSh hukumatiga tegishli maxfiy hujjatlarning internetda chop etilishi ularda tilga olingan ayrim davlatlar siyosatchilarini g'azabga solib, so'z erkinligi uchun kurashayotgan faollar va "WikiLeaks" asoschisi Julian Assanjga qarshi bosimdan norozi xakerlarni faoliyatini kuchaytirishga ruhlantirmoqda.

Assanj Londonda hibsga olinib, ikki ayblov bilan Shvetsiyaga ekstraditsiyasini kutmoqda. "WikiLeaks" sahifasi bilan ishlagan ayrim kompaniyalar va xususan kredit karta kompaniyalari AQSh hukumati talabiga ko'ra "WikiLeaks" bilan aloqani uzgach, internet xakerlar bu kompaniya sahifalariga xurujlar uyushtirgan.

Jahon bo'ylab kimdir Assanj va "WikiLeaks"ni qo'llab-quvvatlab, so'z erkinligiga hissa qo'shgan deb olqishlayotgan bo'lsa, rasmiylar uni davlat sirini oshkor etib, uni tashqi tahdid oldida zaiflashtirganlikda ayblamoqda.

Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillardning aytishicha, "WikiLeaks" faoliyati noqonuniydir.

"Maxfiy hujjatlar noqonuniy yo'l bilan olinib, saytga uzatilgan", - deydi u.

"WikiLeaks" AQSh elchixonalarining Davlat departamentiga yuborgan telegrammalarini Vashingtondagi manbadan olib, chop etgan. Hujjatlarda Amerika diplomatlarining u yoki bu davlat rasmiylari siyosati, hayoti va kamchiliklari haqidagi kuzatishlari alohida qiziqish uyg'otgan.

Markaziy Osiyoga tegishli ayrim telegrammalarga nazar tashlaydigan bo'lsak, O'zbekistonda ishlayotgan Amerika diplomatlarining Vashingtonga bitgan xatlaridan shu narsa ayon bo'ldiki, AQSh Afg'onistonda xizmat qilayotgan koalitsiya qo'shinlari uchun yuklarni yetkazishda O'zbekistonga katta umid bog'lab, prezident Islom Karimov bilan aloqani yaxshilashga harakat qilgan. Diplomatik hujjatlar O'zbekistonni korrupsiyaga botgan, uyushgan jinoyatchilik avjiga chiqqan, paxta dalalarida majburiy mehnat odatiy holga aylangan va qiynoqlar amaliyoti keng yo'lga qo'yilgan davlat sifatida ta'riflaydi.

Ko'p telegrammalar O'zbekiston prezidentining to'ng'ich qizi Gulnora Karimovaning hayoti va faoliyatini aks ettiradi. Hujjatlar unga xalq eng ko'p nafratlanadigan inson deb baho beradi.

Shuningdek, telegrammalarda aytilishicha, O'zbekiston hukumati uyushgan jinoyatchilik bilan chambarchas bog'liq.

Amerika diplomatlari Tojikistonda prezident Emomali Rahmon siyosati natijasida mahalliychilik va korrupsiya kuchayib, qo'shni Afg'onistondan o'tayotgan qoradori oqimi ortayotganiga e'tibor qaratadi. Uni mintaqaning eng qashshoq davlati hamda zilzila, toshqin, qurg'oqchilik va boshqa balolar qurboni deya ta'riflaydi. Prezident Rahmon mamlakat iqtisodiyotidan shaxsiy foydasi uchun foydalanmoqda, deyiladi AQSh elchixonasi hisobotlarida.

"WikiLeaks"da chop etilgan hujjatlarning bir qismi Qozog'istonga ham tegishli. AQSh nazarida respublikada korrupsiya kuchaygan, neft kontraktlarini olish maqsadida ayrim G'arb kompaniyalari hukumat rasmiylariga millionlab dollar pora bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG