Breaking News

Nufuzli gazetadagi o'zgarish AQShda jinsiy tengsizlikka e'tiborni oshirdi


"The New York Times" gazetasi tahririyati joylashgan bino, Nyu-York
"The New York Times" gazetasi tahririyati joylashgan bino, Nyu-York
Amerikaning yetakchi gazetasi “The New York Times” (Nyu-York Tayms) shu kunlarda bosh muharririni yangiladi. Kutilmagan bu o’zgarish mamlakat bo’ylab jinsiy tengsizlik haqida bahs-munozaralarni qizitib yubordi. Erkak va ayol mutaxassislar teng baholanmaydi va qadrlanmaydi – bu masala bugun AQShda qizg’in muhokamada.
Amerikaning yetakchi gazetasi - Jinsiy tengsizlik - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00
Yuklab oling

“The New York Times” gazetasiga 1851-yilda asos solingan. Tiraji kuniga 1 million 250 ming. Raqamli nusxasi 760 ming. Xalqaro nashri "International New York Times" deb atalib, Fransiyada asoslangan.

Eng nufuzli gazetaning bosh muharriri degan lavozimdan ketganidan sal o’tmay Jill Abramson Shimoliy Karolina shtatidagi universitetda bitiruvchilar oldida toqat va bardosh haqida so’zladi.

“Har holda nima haqda gapirayotganimni shaxsan boshdan kechirgansiz. Xohlagan ishini qilolmagan, imkoniyatga ega bo’lmagan, rad javobini olganlar oramizda ko’p. Yutqazish nima ekanini bilasiz. Juda alamli damlar bular. Lekin nimaga qodir ekaningizni ko’rsataverishingiz kerak”,- deydi u.

“The New York Times” noshiriga ko’ra, Abramson xonim gazetani yaxshi boshqara olmagan. Boshqa ma’lumotlarga ko’ra esa bosh muharrir maoshi oldingi erkak muharrirning maoshidan oz bo’lganini bilib qolgach, lavozimni tark etgan. Bu voqea Amerikada jinsiy tengsizlik hamon muammo ekaniga yaqqol misol.

Siyosiy arbob, sobiq tashqi ishlar vazirasi, sobiq senator Xillari Klinton bu borada Jahon bankidagi nutqida to’xtalib o’tdi.

“Ayollarni teng huquqli fuqaro sifatida ko’rish, ularning fikrini inobatga olish nafaqat shart balki oqilona qarordir. Jamiyat farovon va barqaror bo’lsin desak, xotin-qizlarni teng ko’rish kerak”,- deydi Klinton xonim.

Sanoat psixologiyasi degan soha bo’yicha mutaxassis Jon Rayder deydiki, boshqaruvda erkakmi yo ayol, hurmat va ishonch birdek talab qilinadi.

“Mening maslahatim shuki, sizni jinsiy kamsitishayotganida o’rningizdan turib, haqqingizni talab qiling. Qonunlar qabul qilish bilan adolat ta’minlanmaydi. Adolat ortida hurmat va ishonch degan narsa bor”, - deydi ekspert.

Olim tahlilicha, tenglik ta’minlanmagan muhit muammolar ummonidir. Lekin ekspert Jon Rayder Jill Abramsonni himoya qilishga shoshmaydi.

“Abramson xonim muammoni qanday hal etishga uringan, buni bilmaymiz. Shunisi aniqki, u gazeta noshiri, ya’ni uning egalari bilan til topisha olmagan”.

Natija esa ayon. Kuchli mutaxassis endi ishsiz. Qaroridan afsusda emas.

Jill Abramson – zamonning ko’zga ko’ringan jurnalisti, muammolarni yoritib tanilgan matbuotchi. Ekspertlar bu ayolni jabrlangan bir shaxs sifatida ko’rmaydi. Istasa va haqiqatdan ham nohaqlik qilingan bo’lsa, Jill Abramson adolat uchun kurashishi kerak, deydi ular.
Jill Abramson - Amerikaning yetakchi jurnalistlaridan, yuksak mukofotlar sovrindori
Jill Abramson - Amerikaning yetakchi jurnalistlaridan, yuksak mukofotlar sovrindori
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG