Breaking News

Qirg’iziston ahli so’z va matbuot erkinligi xususida nima deydi?


Markaziy Osiyoda eng murakkab muammolardan biri - matbuot erkinligi cheklangani. Turli davralarda, mutaxassislar ham, oddiy insonlar ham Qirg’iziastonda matbuot erkinligi qo’shni davlatlarga nisbatan ancha rivoj topganini ta’kidlaydi.
Qirg’izistonda matbuot erkinligi/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:05 0:00
Yuklab oling

Darhaqiqat, mustaqillik yillari o’lkada ommaviy axborot vositalari soni keskin ko’paygan, yoritilayotgan mavzular doirasi kengaygan.

“Amerika Ovozi” suhbatga tortgan oddiy odamlar fikrlari:

“Gazeta-jurnallar kop. Biri maqtasa, biri koyiydi. Ochiq-oydinlik yaxshi. Betga aytganning zahri yo’q”.

“Ro’znomalar ko’pu, yoshlar kam o’qiydi, asosan televizor ko’rishadi”.

“Jurnalistlar jiddiy muammolar borasida aniqlanmagan ma’lumotlarni berayotgani yomon”.

“Matbuot erkinligi yetarli biroq, bilishimcha, axborot vositalarining moddiy bazasi sustligi, mablag’ yetishmasligi imkoniyatlarni chegaralaydi”.

Bishkekdagi “Markaziy Osiyo erkinlik ovozi” sayti bosh muharriri, “Golos svobody” jamoatchilik jamg’armasi rahbari Abdumo’min Mamaraimov nazarida, matbuot erkinligi borasida Qirg’izistonda deyarli muammo yo’q. Masalan, davlat idoralaridan ma’lumot olishda to’siq ko’rinmaydi.

“So'z va matbuot erkinligini ta’minlovchi qonunlar bazasiga kelsak, ha, ularni mukammal deyolmaymiz. Aytaylik, qonunga ko’ra, tegishli idora matbuot so’roviga bir oy ichida javob berishi lozim. Bu juda katta muhlat. Bir hafta, 10 kun belgilansa, yetarli edi. Lekin media tashkilotlar qonunlarga o’zgarish, to’liqlashlar kiritish tashabbuslari bilan chiqishmayapti. Ular mukammallik istab, cheklovlarga duch kelib qolish ehtimolidan cho’chishadi. Qolaversa, hozirgi qonunlarimiz ham matbuot faoliyati uchun yetarli imkoniyat beradi”, - deydi suhbatdosh.

O’shlik qalamkash, tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov matbuot erkinligi degan tushunchaga ishonmaydi.

“Matbuot erkin bo’lishi mumkin emas. U doim kimgadir qaram. Kimnidir manfaatiga xizmat qiladi”, - deydi u.

Mahamadjonov Qirg’izistonda matbuot erkinligini suiiste’mol qilish hollari sezilarli tus olayotganidan tashvishda.

“Telekanallarda reklama qatori berilayotgan SMS-larni olaylik. Elakdan o’tkazmay efirga qo’yilaveriladi. Falon millatli qiz-kelinlar bilan ko’ngilxushlik maqsadida tanishaman, deyishadi. Bu beboshlik, buzuqilik va boshqa qusurlarni targ’ib qilish emasmi? Qolaversa, boshqa millatlarning izzat-nafsiga teguvchi materiallarni berish - bu nizo solishning bir ko’rinishiku axir”, - deydi qalamkash.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarga kelsak, qirg’izistonlik tahlilchilar ushbu zamonaviy vositalarning “turli illatlar ozuqa manbaiga aylanib borayotganidan” xavotirda.

“Shu qadar mag’zava to’kiladi, shu qadar ahmoqona narsalar beriladiki, toqat qilish qiyin. Turli g’alayonlar, to’polonlar ham aynan Internet orqali chaqirishlardan boshlangani ma’lum. Yomon oqibatlarga olib kelayotgan saytlar taqiqlangan taqdirda darrov shov-shuv ko’tariladi. Go’yoki, falon joyda so’z erkinligi, matbuot erkinligi bo’g’ilyapti. O’sha internet manbalar xalq manfaatlarini, xalq turmushi, qadriyatlari, osoyishtaligini oyoq osti qilayotgani bilan hech kimning ishi yo’q. Bu adolatdan emas”, - deydi Ahmadjon Mahamadjonov.

Bishkekdagi “Markaziy Osiyo erkinlik ovozi” sayti bosh muharriri, “Golos svobody” jamoatchilik jamg’armasi rahbari Abdumo’min Mamaraimov mahalliy matbuotda o’rin olayotgan tarafkashlik, ehtiroslarga berilish, shoshma-shoshar xulosalar chiqarish va ularni ovoza qilish kabi ko’rinishlarni axborot vositalari egalarining buyurtmasi va ta’siri bilan bog’laydi.

Suhbatdoshga ko’ra, ko’zga ko’ringan siyosatchilar xususiy gazeta yoki telekanallari orqali o’zlariga ma’qul materiallarni tarqatishga harakat qiladi. Ko’p hollarda bunday chiqishlar jurnalistika meyyorlariga javob bermaydi. Qonunga zid ko’rinishlar ham yo’q emas.

“Menimcha, bu o’rinda jazo choralari qo’llash ish bermaydi. Ko’rinish tabiiy yo’l bilan vaqt o’tib yo’qolib ketadi, har holda ta’sirini yo’qotadi. Buning uchun jamiyat matbuot chiqishlariga ongli munosabat ko’rsatishga o’rganishi darkor. Odamlarimiz qayerdan qanday ma’lumot olish, qaysi ma’lumotga qanchalik ishonishni bilib, o’zlashtirib olgach, bu kasallik ham orqada qolib ketadi”, - deb hisoblaydi Abdumomin Mamaraimov.

Matbuot erkinligi haqida gap ketganda, aksar kuzatuvchilar ushbu qadriyat Qirg’izistonda o’tkazilayotgan demokratik islohotlarning asosiy mahsullaridan biri ekanini aytib o’tadi. Ayni paytda matbuot erkinligi shakllanishi uchun vaqt hamda umumintilish lozimligi ham urg’ulanadi.
XS
SM
MD
LG