Breaking News

Xalqaro Amnistiya: O'zbekistonda qiynoqlar davom etayapti, G'arb nega jim?


BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Xuan Mendez, Xalqaro Amnistiya eksperti Juliya Xoll Kongress qoshidagi brifingda so'zlayapti. 17-aprel, 2015-yil.
BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Xuan Mendez, Xalqaro Amnistiya eksperti Juliya Xoll Kongress qoshidagi brifingda so'zlayapti. 17-aprel, 2015-yil.

Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkilotining bildirishicha, O’zbekistonda qiynoqlar davom etmoqda. Mamlakat hibsxona va qamoqxonalarida odamlarni qiynash, shu asosda ko’rsatma olish keng tarqalgan odat, deyiladi tashkilotning yangi hisobotida. Biroq hukumat buni tan olmaydi, xalqaro tanqidga befarq, chetdan mustaqil tekshiruvlarga yo’l bermaydi.

Xalqaro Amnistiya: O'zbekistonda qiynoqlar davom etayapti, G'arb nega jim? - Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:34 0:00

Xalqaro Amnistiya oxirgi ikki yilda sobiq mahbuslar, ularning yaqinlari, advokatlar, faollar va rasmiylar bilan 60 dan ziyod suhbatlar o’tkazgan. O’zbekiston rahbariyati tekshiruvlarga eshik ochib, vaziyatni o’zgartirmaguncha, qiynoqlarni bas qilmaguncha bo’sh kelmaymiz, deydi xalqaro huquq himoyachilari, Vashingtonda AQSh Kongressi qoshida so’zlar ekan.

Nina Lonskaya qamoqdagi jurnalist Muhammad Bekjonning rafiqasi. 16 yildan beri turmush o’rtog’i, muxolif “Erk” partiyasi gazetasining bosh muharriri ozod qilinishi uchun kurashadi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti Bekjon va u kabi yana yuzlab mahbuslar taqdirini esdan chiqarmang, deb kelayotgan guruh. Tashkilotning yangi hisoboti - “Sir va yo’lg’onlar: O’zbekistonda qiynoqlar asosida olingan iqrornomalar” (Secrets and Lies: Forced Confessions Under Torture in Uzbekistan) deya nomlanib, ana shu muammoga bag’ishlanadi.

Tashkilot eksperti Juliya Xollning aytishicha, boshqa mustaqil guruhlar kabi Xalqaro Amnistiya ham O’zbekistonga kiritilmaydi. Hisobot mavjud to’siqlar osha, qamoqdan chiqib so’zlashga jur’at etgan insonlar va ularning yaqinlari bergan ko’rsatmalarga asoslanadi. O’tgan 20 yilga doir ishlar… Oxirgi ikki yilda Yevropa, Shimoliy Amerika va Markaziy Osiyo bo’ylab sobiq tutqinlardan to’plangan qo’simcha ma’lumotlar… Ayovsiz, qonatib, qiymalab tashlaguncha kaltaklash, bo’g’ish, ham erkak, ham ayollarni yalang’ochlab jinsiy zo’rlash, nomusiga tegish… Vashington markazida, Kapitoliyda ana shular batafsil xatlangan hujjatga doir brifing o’tdi.

Mualliflardan biri, O’zbekistonda ishlagan Allison Gillning aytishicha, adliya tizimida qiynoqlar muttasil davom etib keladi. Odamlarni qiynab olingan ko’rsatmalar sudda dalil sifatida qo’llanadi. Militsiya va xavfsizlik xodimlari qilmishi jazosiz qolishini biladi.

Ayniqsa, hukumatga qarshi faoliyat, terrorizm bilan bog’liq ayblov bilan ushlab qamalgan ayollar va erkaklar qiynoqlar bilan yuzlashadi. Ularning oilalari, yaqinlariga shafqat qilinmaydi. Butun boshli oilalar gum qilinadi. Xususan, din ahliga xavfsizlikka tahdid, terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan berahmlarcha azob beriladi, deyiladi Xalqaro Amnistiya hisobotida.

Allison Gill nazdida O’zbekistonda bosh muammolardan biri xalqaro, mustaqil monitoring uchun sharoit yo’qligidir. Mamlakat xorijiy huquq tashkilotlari va axborot vositalariga yopiq. Xalqaro Amnistiya mamlakatga kirishni istaydi, lekin iltimoslar Toshkent tomonidan e’tiborsiz qoldiriladi.

Shu bilan birga, odamlar orasida qo’rquv hissi shu qadar kuchliki, ular qonunbuzarliklar, bosim va qiynoqlar haqida gap ochishdan nihoyatda hayiqadi. Biroq tashkilot ularni tashqarida, xavfsiz manzillarda ochilibroq gapirishga ko’ndira oldi, mamlakatda qolayotgan sanoqli huquq himoyachilari bilan fikrlashib, hisobotni yozishga muvaffaq bo’ldi.

Allison Gill deydiki, AQShning global maydonda terrorizmga qarshi kurash siyosati, O’zbekiston Afg’oniston bois strategik hamkor sifatida ko’rilishi, Yaqin Sharqda “Islomiy davlat” guruhining faollashgani Toshkentning mavjud pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Vashington Toshkent bilan munosabatlarda sabrli bo’lish zaruratini ta’kidlab keladi. Biroq, deydi Allison Gill, O’zbekiston bilan sabrli bo’lish teskari natija bermoqda, xolos. Muhammad Bekjon kabi mahbuslar 16 yildan beri jabr tortayapti. Yevropa Ittifoqi, xususan, Germaniya esa O’zbekistonda biznes manfaatlar va Termizdagi harbiy bazani inson huquqlari va fuqaro erkinliklaridan ustun ko’rayapti, deydi huquq himoyachilari. Xalqaro Amnistiya G’arb O’zbekiston bilan qaysi mavzuda muzokaralar olib bormasin, inson huquqlari doim tilga olinishi, ustuvor masala bo’lib qolishi kerak, deya da’vat etishdan charchamaydi.

Andijon voqealariga 10 yil to’lar ekan, deya eslatadi Juliya Xill, bu da’vatlar g’oyat dolzarb. Huquq tashkiloti fursatdan foydalanib BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili Xuan Mendez O’zbekistonga kirishi uchun da’vatlarga zo’r bermoqda. Mendez o’zi bir vaqtlar huquqiy faoliyati bois Lotin Amerikasida siyosiy mahbus bo’lgan, qiynoqqa tutilgan.

“Muhammad Bekjonning rafiqasi Nina Lonskaya va Oygul Bekjonova bilan bir davrada bo’lish men uchun sharaf. Bu oila qiynoqlar va uning jabrini juda yaxshi biladi, hamdardman. O’zbekiston rahbariyati BMTning Inson huquqlari kengashidan tushgan, o’lkada tekshiruv o’tkazishga doir qayta-qayta murojaatlarini javobsiz qoldirdi. Oxirgi bor rasmiy Toshkentga o’tgan yili murojaat qilgan bo’lsam, hanuz javob yo’q”, - deydi Xuan Mendez.

Allison Gill, Markaziy Osiyo bo'yicha ekspert, Nina Lonskaya va Oygul Bekjonova, Muhammad Bekjonning rafiqasi va qizi Kongress qoshidagi brifingda. 17-aprel, 2015-yil.
Allison Gill, Markaziy Osiyo bo'yicha ekspert, Nina Lonskaya va Oygul Bekjonova, Muhammad Bekjonning rafiqasi va qizi Kongress qoshidagi brifingda. 17-aprel, 2015-yil.

BMTning qiynoqlar bo’yicha sobiq vakili Teo Vanboven O’zbekistonga 2002-yilda safar qilib, qiynoqlar keng ko’lamli va sistematik ravishda amalga oshirilayotganini ovoza qilgan edi. Haligacha ahvol ijobiy tomonga o’zgarganicha yo’q, deydi Mendez.

“To’rt yildan beri BMTning qiynoqlar bo’yicha maxsus vakili bo’lib ishlab kelaman. O’zbekiston hukumatiga bir necha bor savol yo’llagan bo’lsam, biror marta javob bo’lmadi. O’tgan oy BMT Inson huquqlari kengashiga qilgan yillik hisobotimda bu masalani, ya’ni hukumatlarning sukut saqlab qutulish odatini alohida tilga oldim. BMTning qiynoqlar bo’yicha vakilini mamlakatga taklif qilish katta mas’uliyat ekani, ba’zi davlatlardan ikki yildan keyin javob kelishi g’ayritabiiy hol emas. Lekin O’zbekiston kabi mutlaqo javob qilmaslik, bunday behurmatlik, rasmiylarning inson huquqlariga munosabatidan dalolat beradi”, - deydi Mendez.

Xuan Mendez faoliyati davomida Markaziy Osiyoning bir nech davlati, xususan, Qirg’iziston va Tojikistonda bir necha bor bo’lib tekshiruvlar o’tkazgan. O’zbekiston esa hamkorlikdan bosh tortmoqda, deydi BMT diplomati.

Xalqaro Amnistiya O’zbekistonni huquq himoyachilari va faollar uchun g’oyat xatarli joy deb biladi. Hukumat bugun tez-tez qo’llayotgan to’siqlardan biri, deydi Allison Gill, chet elda xalqaro anjumanlarga borib fikr almashishga yoki malakasini oshirishga harakat qilayotgan faollarga chiqish vizasini bermaslikdir. Shunga qaramasdan inson huquqlari sohasida ishini davom ettirayotgan mard insonlar bor.

Sir va yolg'onlar: O'zbekistonda qiynoqlar ostida olingan iqrornomalar. Xalqaro Amnistiya tashkilotining yangi hisoboti.
Sir va yolg'onlar: O'zbekistonda qiynoqlar ostida olingan iqrornomalar. Xalqaro Amnistiya tashkilotining yangi hisoboti.

Ochiq jamiyat instituti eksperti Jeff Goldstayn Andijon fojeasidan keyin huquq faollari qattiq zarbalar dosh bera oldi, deydi. 2005-yilgacha ham mamlakatda ishlash qiyin edi, undan keyin battar og’irlashdi.

“Huquq sohasida biror moliyaviy va boshqa madad berayotgan xalqaro tashkilotlar o’zini chetga oldi. Faollar mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Huquq himoyachilari xorijda turib, O’zbekistondagi manbalariga tayanib ishini davom ettirishga urinayapti. Lekin bu juda mashaqqatli, xavfli soha”, - deydi Goldstayn.

Vashingtonning amaldagi siyosati O’zbekiston hukumatida yoki jamoatchilikda Amerika inson huquqlariga befarq ekan, degan tasavvurni kuchaytirmoqda, deydi Goldstayn. Bu juda achinarli hol, deydi u, aslida AQSh bu borada qayg’uradi lekin bugungi strategiya aql o’rgatish yoki bosim o’tkazishga asoslanmagan. Muammo shundaki, amaldagi siyosat samara bermayapti. Tanqid shu bilan bog’liq, deydi u.

Bu mutaxassislarning so’zlariga ko’ra, bugun O’zbekiston bilan aloqalarda talab-me’yorlar juda past. Muloqot bormi-bor, uchrashuv o’tdimi-o’tdi, biroq nima masala hal qilindi? Nega Amerika vaziyatni ochiq qoralamaydi. To’g’ri, Davlat departamenti o’z hisobotlarida O’zbekistonni inson huquqlari muntazam va qo’pol ravishda buziladigan jamiyat deya ta’riflaydi. Boshqa tomondan esa hukumatni o’z hamkori deb ham biladi. Chunki Vashingtonning boshqa manfaatlari ham bor, masalan, qo’shni Afg’onistonda barqarorlikka erishish. Bu yo’lda mintaqa yordami kerak.

Xalqaro Amnistiya singari tashkilotlar nazarida esa G’arb yo unisi yo bunisi deb ish ko’rmasligi kerak. Hukumatlar hamkorlik qilishi kerak, bunga qarshi emasmiz, deydi Juliya Xoll, lekin AQShdek kuchli va demokratik davlatlar inson huquqlari naqadar qo’pol buzilayotgani va adolatsizliklarga nisbatan jim qarab tura olmaydi. Vashingtonga tavsiya ko’p. Ulardan biri - BMTning Qiynoqlar bo’yicha vakili O’zbekistonga kirishi uchun yordam bering va bu tashkilot qoshida respublika bilan shug’ullanuvchi alohida mexanizm yaratilishini quvvatlang. Bu taklifni yana bir yirik tashkilot “Human Rights Watch” ham olg’a surmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG