Afg'onistonda Vitse-prezident Do'stum javobgarlikka tortilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Juzjon sobiq hokimi Amad Ishchi 13-dekabr kuni general Abdul Rashid Do'stumni qiynoq va tajovuzda ayblab chiqqan edi

Afg'onistonda Bosh prokuratura Vitse-prezident general Abdul Rashid Do'stumni javobgarlikka tortadi.

Vitse-prezident idorasining bildirishicha, Do'stumdan Juzjon viloyati sobiq hokimi Ahmad Ishchi ilgari so'rgan iddaolarga javob berish uchun sudga kelish so'ralgan. Ishchi 13-dekabr kuni general Do'stumni qiynoq va tajovuzda ayblab chiqqan edi.

"Amerika Ovozi" ning aniqlashicha, vitse-prezident bundan norozi.

Uning idorasi shunday bayonot bermoqda: "Bosh qonunda vitse-prezidentning sudga tortilishi xususida hech narsa deyilmagan. Bunday holda prezident qanday sudga tortilsa, vitse-prezident ham shunday tarzda javobgarlikka tortilishi kerak bo'ladi. Chunki vitse-prezident prezident saylovi orqali saylanadi".

Qonunchilar nazarida mojaroning hal qilinishi yo'lida siyosiy muammodan tashqari qonuniy to'siq ham turibdi. Vitse-prezident odatda saylov orqali hokimiyatga keladi.

Qonunchilar ham general Do'stumni sudga tortish hech qanday idoraning vakolatlaridan emas ekanini urg'ulaydi.

Afg'oniston konstitutsiyasida vitse-prezidentga yuklangan ayblovlar qanday tekshirilishi bo'yicha hech nima deyilmagan.

Konstitutsiyaning 69-moddasiga ko'ra, agar prezidentga insoniyatga qarshi jinoyatlar, milliy xiyonat yoki biror bir jinoyat qilganlikda ayblansa, vakillar majlisi a'zolarining uchdan birining taklifi va uchdan ikkisining tasdig'i bilan, maxsus sud orqali javobgarlikka tortilishi lozim. Prezidentni javobgarlikka tortish bo'yicha maxsus sud "Loya Jirg'a" tomonidan tashkil qilinishi kerak. Loya Jirg'a" esa bir oy davomida o'tkazilishi aytilgan.

Do'stumning "Milliy Junbish" partiyasi bu ishga siyosi fitna deb qarab, bu harakat to'xtamasa, tarafdorlar keng namoyishlar uyushtirmoqchi.

Partiya so'zlovchisi Bashir Ahmad Tayanchga ko'ra, AQSh kasalxonasining Ahmad Ishchi haqida bergan ma'lumotlari ularda ham bor.

Bu hujjatda, deydi u, Ishchiga jinsiy zo'ravonlik qilinganini isbotlovchi hech qanday ma'lumot yo'q.

Ahmad Ishchi Bagromdagi tibbiy dargohda umumiy ko'rikdan o'tgan. Natija bosh prokurorga topshirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG