General Do'stum amaldan ketishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi

General Abdul Rashid Do'stum tarafdorlari orasida, Afg'oniston

Abdul Rashid Do'stum kim? Ahmad Ishchi kim? Akbarboy kim? Afg'oniston siyosiy hayotida muhim ro'l o'ynab kelayotgan, hozirgi mashmashalar ortida turgan shaxslarga nazar.

Afg'oniston Vitse-prezidenti general Abdul Rashid Do'stum 2008-yili o'zbek siyosatchi Akbarboyning uyiga hujum qilgani, hozir esa Juzjon sobiq hokimi Ahmad Ishchini qiynoqqa solganlikda gumon qilinadi.

Inson huquqlari tashkilotlari, xalqaro organlar va G'arb davlatlari unga shubha bilan qarab, generalni qabih jinoyatlar ortida turganlikda ayblab keladi. Do'stum bu da'volarni inkor etadi. Xalqi va elati manfaatlari va tinchligi uchun kurashib kelayotganini aytadi.

Talilchilar va raqiblari generalni yakkahokim deb biladi. 2008-yilda Juzjon viloyatida Akbarboy Afg'oniston Turkiylari Sho'rosi degan siyosiy harakatga asos solgach, Do'stum g'azabga kelgan, deydi mahalliy kuzatuvchilar. Ular nazarida, Do'stum o'zidan boshqa hech kimni o'zbeklar rahbari deb tanilishiga bardosh bera olmaydi.

General tarafdorlari shu yilning oktabr oyida Juzjon sobiq hokimi Ahmad Ishchini Shibirg'ondagi uloq maydonidan og'rilab maxsus qamoqxonaga tashlaganlikda ayblanmoqda.

Do'stum Ahmad Ishchini o'ziga raqib deb biladi, degan qarashni uning odamlari rad etmoqda.

Ahmad Ishchi generaldan shikoyat qilgach, bosh prokuror tergov boshlagan. Ahmad Ishchi iddaolarini isbotlash uchun Bagromdagi AQSh kasalxonasida tibbiy ko'rikdan o'tgan. U tekshiruv natijlarini bosh prokurorga topshirgan.

Hujjatda qiynoqlar va hatto jinsiy zo'ravonlik haqida ma'lumot bor, deydi da'vogar. Prokuror esa tergov natijalarini Prezident Ashraf G'aniga topshirgan.

Ahmad Ishchi general Do'stum ustidan shikoyat qilgan
Ahmad Ishchi general Do'stum ustidan shikoyat qilgan

20- dekar kuni prezident milliy xavfsizlik kengashi yig'ilishini o'tkazgan. Rasmiy bayonotga ko'ra, mavzu yuzasidan qaror qabul qilingan, ammo tafsilotlari ma'lum emas.

Do'stumning "Milliy Junbish" partiyasi janjal oqsoqollar yig'ini orqali hal etilsin, deb chiqqan. Partiya vakillari bir necha bor siyosiy rahbarlar bilan ham ushrashgan. Ulardan vositachilik qilishni so'rashgan. Ahmad Ishchi esa masala qonun yo'li bilan, ya'ni sud orqali yechilsin, deya talab qilmoqda.

63 yoshli Ahmad Ishchi Juzjonning Xo'jadukka tumani yaqinidagi qishloqda tug'ilgan. General Do'stum ham o'sha yerlik. Ular o'rtasidagi kelishmovchiliklar o'spirinlikdan beri davom etayotgani aytiladi, va ayniqsa 1985-1990 yillari avj olgan.

Juzjonda Do'stum armiya boshlig'i bo'lgan payt paytda Ahmad Ishchi Prezident Doktor Najibulla farmoni bilan yangi armiya markazi ochgan. U'zi esa o'shanda o'nlab askarga rahbar etib tayinlangan edi. Keyinchalik Ahmad Ishchi Juzjon hokimi bo'ldi va "Milliy Junbish" partiyasining iqtisodiy qo'mitasini ham boshqardi.

Ahmad Ishchi Ishchilar guruhi deya tanilgan syosiy harakat liderlaridan biri. Shuningdek, tijoratchi.

Akbarboy esa Juzjon viloyatining Shibirg'on shahridan. 2009-yili prezident saylovida o'z nomzodini qo'ygan. Lekin jinoyat qilgani isbotlanib nomzodligi bekor qilingan. AQShda Kaliforniya shtati Federal sudi Akbarboyni Narkotik savdosiga aybdor deb topgan.1990-yilda ozod qilingan va "Jumbush-i Islom" partiyasining moliya bo'limida ishlagan. Hatto Do'stumning yordamchishi bo'lgan edi.

Abdul Rashid Do'stum 62 yoshda, harbiy qo'mondon, siyosatchi, Afg'onistonda nafaqat o'zbeklar balki boshqa turkiy elatlar sardori sifatida tanilgan
Abdul Rashid Do'stum 62 yoshda, harbiy qo'mondon, siyosatchi, Afg'onistonda nafaqat o'zbeklar balki boshqa turkiy elatlar sardori sifatida tanilgan

Afg'onistondagi siyosiy hayot bilan yaqindan tanish mutaxassislar deydiki, bu arboblarning kelajagi bir-biriniki bilan bog'liq. Ular bir-biridan yuz o'gira olmaydi. G'ani hokimiyatda qolishi uchun unga shimoldagi o'zbek aholining ovozi kerak. Bu ovozni esa u ko'p jihatdan faqat Do'stum ko'magi bilan olishi mumkin. Turkiy kelib chiqishiga ega afg'onlar orasida generalga ishonch va hurmat baland.

General Do'stum qariyb 40 yildan beri Afg'oniston siyosiy maydonidan tushmay keladi va o'zgacha qudrat sohibi deya tasvirlanadi. 1992-yilda Doktor Najibulla hukumati ag'darilishiga muhim rol o'ynagan. O'sha yili u "Milliy Junbish" partiyasiga asos solgan.

2001-yili Tolibonga qarshi janglarda AQSh qo'shini bilan hamkorlik qilgan, terroristlarni tutishda yordamlashib, moliyaviy mukofotlar olgan.

2004-yilgi prezident saylovda o'z nomzodini qo'ygan edi.

Xalqaro tashkilotlar general Do'stumni toliblar safidagi asirlarni o'ldirganlikda ayblaydi. Ga'rbda u huquqbuzar, qonxo'r qo'mondon sifatida tilga olinadi.

Bir muddat Turkiyaga yashagan Do'stum 2009-yilgi prezident saylovida mahalliy turkiylarning ovozini olish uchun Prezident Hamid Karzay unga vatanga qaytish uchun ruxsat bergan edi.

Hozirgi prezident Muhammad Ashraf G'ani ham 2009-yili o'zining rasmiy veb sahifasida Do'stumni inson huquqlarini buzganlikda ayblab, tanqidiy maqola chiqargan.

2014-yilda esa G'ani prezident saylovida Do'stum bilan til biriktirib, uni o'ziga birinchi o'rinbosar etib tayinladi. Ammo pashtunlar yashovchi hududlardagi siyosiy kampanyalarida Do'stumni tilga olmadi. O'shandayoq Do'stum va G'ani kelisha olmasligi taxmin qilingan edi.

Shimolda isyonchilarga qarshi kurashayotgan general unga zarur vakolat berilmaganidan shikoyat qiladi. Do'stum va G'ani o'rtasidagi munosabatlar ancha taraglashgan. Genral, hatto kerak bo'lsa, G'anini hukumatdan ag'darishga kuchi yetishini aytib, ogohlantirgan.

Afg'onistondagi siyosiy hayot bilan yaqindan tanish mutaxassislar deydiki, bu arboblarning kelajagi bir-biriniki bilan bog'liq. Ular bir-biridan yuz o'gira olmaydi. G'ani hokimiyatda qolishi uchun unga shimoldagi o'zbek aholining ovozi kerak. Bu ovozni esa u ko'p jihatdan faqat Do'stum ko'magi bilan olishi mumkin. Turkiy kelib chiqishiga ega afg'onlar orasida generalga ishonch va hurmat baland.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG