Ferguson shahri irqchilikka qarshi kurashmoqda

  • Amerika Ovozi

18 yoshli qora tanli yigit, Maykl Braunning politsiya tomonidan otib o’ldirilgani federal miqyosda tergov qilingan. Xulosa shuki, irqchilik Missuri shtatining Ferguson shahrida chuqur ildiz otgan illat, ayniqsa, politsiya tizimida.

2014-yilda namoyishlar va to’polonlar sahnasi bo’lgan mahalladamiz. Maykl Braun shu yerda o’ldirilgan. Ferguson shahar meri Jeyms Noules fikricha, jamoatchilik bu fojiani hali ham unutmagan.

“Umidim shuki, aholi politsiya va shahar hokimiyatiga yana ishona boshlaydi. Astalik bilan, harakatimiz tufayli”.

"Fergusondagi tekshiruv politsiya faoliyatini elakdan o’tkazadi, xususan, qurol ishlatishni”, - degan edi Erik Xolder, o’sha davrdagi adliya vaziri.

Tekshiruv xulosalari Amerikani dahshatga solgan. Qora tanlilar ataylab nishonga olingan. Irqchilik ozaygan deb yurganlar bu tahlilnoma bilan tanishib, yurtiga o’zgacha ko’z bilan qaray boshlagan.

2016-yilda shahar politsiyasi boshqa odam qo’liga o’tdi. Delrish Moss islohotlar boshladi. Federal hukumat uni yaqindan quvvatladi.

“Ferguson ahli huquq-tartibot organlariga tayana olishi kerak. Biz xalq xizmatidamiz. Odamlar bizdan qo’rqmasligi zarur. Shuni ta’minlash kerak”, - deydi Moss.

Adliya vazirligi talabiga binoan, har bir politsiyachi maxsus treninglardan o’tishi shart. Kuch ishlatar tizimlar faoliyatini fuqarolardan iborat maxsus hay’at nazorat qiladi. Islohotlar shaharga milllionlab dollarga tushmoqda. Qattiq mehnat ham talab qiladi.

“Islohotlarni federal hukumat bilan hamkorlikda olib borayapmiz. Qiynalayapmizmi? Albatta! Lekin muammolarni hal etish, irqchilikni bartaraf etish shuni taqozo etadi. Ferguson hokimiyati va politsiyasi uchun ulkan sinov bu”, - deydi Nouls.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolar shahardagi o’zgarishlardan mamnun. Ikki yil ichida ancha yangiliklar qilindi, deydi ular.

“Politsiya boshqarmasi harakatda ekanini ko’rib turibmiz”, - deydi Bell.

Advokat Vesli Bell 2015-yildan beri Ferguson shahar kengashi a’zosi. Jamoatchilik bilan ishlashda jonbozlik ko’rsatib kelayotgan mahalliy siyosatchilardan.

“Politsiya roli juda muhim. Odamlarning politsiyadan ko’ngli to’q bo’lsa, boshqa muammolar ham hal etilishi mumkin. Adliya vazirligi talablarini qondira olsak, Ferguson politsiyasi AQShdagi eng kuchli va ishonchli tizimlardan biri bo’ladi deb o’ylayman”,- deydi Bell.

Shahar ahli esa baho berishga shoshmayapti. Hali erta, deydi odamlar.

“Fojia ketidan imkoniyat qidiramiz, odatda. U mudhish voqealar takroklanmasligi kerak. Ularga yetaklagan sabablar oydek ravshan. Illatlarga qarshi kurashib, ularni yengishimiz kerak. Boshqa yo’l yo’q. O’zgarish qila olamiz”, - deydi Bell.

Gap faqat hokimiyat va politsiyada emas, deydi arboblar, har bir fuqaro shahar tinchligi va ravnaqi yo’lida hissa qo’shishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG