Turkmanistonda saylov bo'ladi lekin rahbar o'zgarmaydi


Ashgabat

Turkmanistonda 2017-yilning 12-fevralida prezident saylovi bo’lib o’tadi. Asosiy nomzod amaldagi rahbar Qurbonguli Berdimuhammedov. Uning taxtda qolishiga shubha yo’q. Mamlakat siyosiy o’zgarish faqat inqilob orqali qilinishi mumkin, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan faollar.

Markaziy saylov komissiyasi dekabr oyidan e’lon qilingan prezidentlik saylov kampaniyasi doirasida to’rt nafar nomzodni ro’yxatga olgan. Demokratik partiya Berdimuhammedovni ko’rsatgan.

Qolgan nomzodlar - Agrar partiyadan Durdiqlich Orazov, Sanoat va tadbirkorlar partiyasidan Bekmurod Ataliev, mustaqil tashabbus guruhidan Maqsad Annanepesov.

Berdimuhammedovdan boshqalar jamoatchilikka tanish emas. Bunga zaruriyat ham yo’q, deydi tahlilchilar, chunki bu nomzodlar faqat Berdimuhammedovning “adolatli” g’alabasini ta’minlash uchun saylovda qatnashmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar Turkmanistondagi vaziyatni O’zbekistondagi jarayonlarga o’xshatadi.

“Turkman jamoatchiligida biror umid yo’q. Saylov ssenariysi O’zbekistonda o’tgan saylovlarga juda o’xshash, hammasi faqat rasmiyatchilik uchun. Natijani oldindan yuz foizga aytish mumkin, Berdimuhammdeov g’alaba qiladi. U taxtni hech kimga bermaydi. Uni Niyozovdan meros qilib olgan. Hokimiyatda qolish uchun tahdid va bosimlardan foydalanadi”, - deydi Ak Velsapar.

“Berdimuhammedov navbatdagi g’alabasidan so’ng demokrat bo’lib uyg’onadi deyishdan yiroqman. O’zbekistonda bo’layotgan kichik o’zgarishlar brinchi navbatda hokimiyatga yangi odam kelgani bilan bog’liq, Mirziyoyev hozir jamoatchilik ishonchini mustahkamlash ustida ishlamoqda. Ammo uning o’zi haqiqatda demokratik tamoyillarga ishonadimi, rostdan ham islohotlar o’tkazadimi, bu masala hali katta savol ostida. Berdimudammedov esa mustahkam o’tiribdi, uning hokimiyatiga kutilmagan inqiloblardan boshqa narsa xavf solayotgani yo’q”.

Berdimuhammedov uchinchi bor prezidentlikka nomzod. Konstitutsiyada prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan. Bir kishining ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilmasligiga doir qonunchilik o’zgartirilgan.

Qurbonguli Berdimuhammedov 2006-yildan beri prezident
Qurbonguli Berdimuhammedov 2006-yildan beri prezident

10 yil oldin birinchi prezident Saparmurod Niyozovni kutilmaganda vafot etishi ortidan hokimiyatga kelgan Berdimuhammedov islohotlar va’da qilgan edi.

“Berdimuhammedov hokimiyatga kelgan dastlabki yillarda ham kichik o’zgarishlar kuzatilgan edi, masalan, fuqarolik jamiyati faollariga tahdid biroz kamaygan, xorijdagilar bilan muloqot qilishga to’siqlar bo’shashgan edi. Ammo keyinchalik hammasi yana o’z o’rniga qaytdi. So’nggi paytda odamlarni turli sabablar bilan xavfsizlik xizmatiga chaqirish, ijtimoiy tarmoqda muloqot qilgani uchun, tahdid va bosimlar ko’rsatish yana kuchaydi”, - deydi yozuvchi.

Ak Velsapar Turkmanistondagi hozirgi vaziyatni ayanchli baholaydi. Niyozov davridagi yakkahokimlik, diktatura davom etmoqda. Xalqdan va jamiyatdan uzoqlashib borayotgan Berdimuhammedov boqiy yetakchi darajasiga ko’tarilgan.

“Berdimuhammedovning uchinchi muddatga prezidentlikda qolishi yaxshilikka ishora emas. Uning o’zi qo’shiqlari, kitoblari bilan jamiyatga, xalqqa yaqinman deb o’ylar. Ammo aholida norozilik kuchayib bormoqda. Berdimuhammedov hokimiyatda qolar ekan, o’zgarishlar faqat inqilob orqali bo’lishi mumkin”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG