Baltimor: Kam daromadli oilalar mashinali bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Janey Komegis, ikki farzandning onasi, mahalliy nohukumat tashkilot yordamida mashinali bo'ldi

Amerikada katta shaharlardan tashqariga chiqsangiz, jamoat transporti ko’p emas. Hamma o’z mashinasida yuradi. Avtomobilsiz yashash juda qiyin. Lekin ayrim odamlar haydashni istamaydi. Doimiy ravishda mashinaga egalik qilishni ham xohlamaydi. Talabiga qarab uni ijaraga oladi.

Latonya Piyers nihoyat orzusiga yetdi. Yetti farzandning onasiga mashina nasib qildi. Juda qiynalib ketgan edi.

“Tirikchilik og’ir. Avtobusda yurardim yoki taksida yoki boshqalarning mashinasida. Har kuni qiynalardim. Mana endi bu muammodan qutuldim degan umiddaman. Mashinam bor”, - deydi Piyers.

Avtomobilni unga mahalliy nohukumat tashkilot tadqim etdi, past narxda. Bu muassasa kam daromadli oilalarga yordam beradi.

Martin Shvortz bu tashkilotga Merilend shtatining Baltimor shahrida 1999-yilda asos solgan.

“Mashinalar bizga boshqalardan keladi, xayriya sifatida. Avtomobilning ahvoliga qarab, uni yangi mijoz uchun tayyorlaymiz. Mashinasiz qiynalayotgan oilalarni ro’yxatga olib boramiz”, - deydi u.

900 dollar to’laysiz. Bir yillik kredit olasiz. To’lab borish shart.

“Qarzni vaqtida to’lab borsangiz, banklarning sizga ishonchi oshadi. Bu degani kelajakda ham kredit olishingiz mumkin. Uy sotib olish, kredit kartochka olish uchun bu juda muhim talab. Odamlarga faqat mashina emas, imkoniyat ham taklif qilamiz”, - deydi Shvortz.

Dastur mahalliy idoralar bilan hamkorlikda olib boriladi.

“Kimga yordam berishni biz boshqa jamoat tashkilotlari bilan birga hal qilamiz. Boshpanasiz odamlarga ko’mak ko’rsatadigan dargohlar, ish topish va kasb-hunar o’rganishda yordam beradigan muassasalar, ijtimoiy masalalar bilan mashg’ul idoralar… Vaziyat haqida ular orqali bilamiz”, - deydi u.

Dastur yo’lga qo’yilganidan beri daromadi past oilalarga 5700 dona mashina berildi. Ulardan 75 foizi hozirda ancha oyoqqa turib olgan. Mashina ularning daromadiga yiliga o’rtacha 7 ming dollar qo’shgan.

Latonya Piyers – hamshira. U ham kelajakdan umidvor.

“Oldin bir joyda ishlashga majbur edim, chunki mashinasiz edim. Endi esa uzoq-yaqindan boshqa imkoniyatlar ham chiqmoqda. Xususiy xizmat ko’rsatishim mumkin. Bolalarimni ham olib yuraman, birga dam olishga boramiz. Orzu qilar edik shunday kunlarni”, - deydi u.

Martin Shvortz bu dasturni hali uzoq davom ettirish niyatida. Chunki yordamga muhtoj oilalar hamisha bor. Kimgadir kerakmas mashina kim uchundir madad va daromad manbai.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG