Breaking News

AQSh-Meksika chegarasida: Mahalliy aholi hukumatdan g'azabda


Rio Grande daryosi... AQSh-Meksika chegarasida
Rio Grande daryosi... AQSh-Meksika chegarasida

Prezident Donald Tramp Meksika bilan chegarada baland devor qurish rejasida qat’iy. Lekin bu loyiha uchun hozircha mablag’ yo’q. Ichki xavfsizlik vazirligi esa ayrim hududlar ayniqsa xavfli, deya ogohlantirmoqda. Mahalliy aholi vaziyatga o’rganib ketganini aytadi.

Pamela Teylor Texas shtati janubida 1948-yildan beri yashaydi. Meksika bilan chegarada yeri bor. Uni hech kimga bermoqchi emas, hatto davlat so’rab kelsa ham. Prezident Tramp uni hech qayerga ko’chira olmasligiga ishonchi komil.

“Qo’ra uchun bir dunyo pul sarflashdi. Hech qanday foydasi bo’lmadi”.

Teylor fikricha hukumat yillardan beri ishni uddalay olmaydi. Turli choralar ko’rdi - eski toz, eski hammom. 2006-yilda Prezident Bush ham katta va’dalar bergan edi. Hech narsa o’zgarmadi.

Endi esa Ichki xavfsizlik vazirligi kelib, odamlarni bu yer juda xavfli deb ishontirmoqchi. Buning nimasi yangilik, deya hayron Teylor. Hukumat mahalliy aholidan boshqa joyga ko’chishni so’ramoqda. Yer uchun haq va’da qilmoqda. Odamlar qarshi.

“Kim uyini tashlab chiqadi? Kim ularni hayday oladi? Avvalo bizni o’ylashsin, chunki biz bu yerda yashaymiz. Biz bilan maslahatlashsin. Bizga quloq tutishsin. Biror chora ko’rishdan oldin, qaror qilishdan oldin, kelishsin”, - deydi Pamela Teylor.

Chegarada yashaydigan odamlarga maslahat berayotgan tashkilotlar ko’p. Hukumatga qarshi turishda ular hamkor. 2008-yildan beri 330 shikoyat arizasi yozilgan. 90 tasi ayni damda ko’rib chiqilmoqda. Yangi ogohlantirishdan keyin norozilik yanada avj olgan. Jamoatchilik federal hukumatga la’nat aytmoqda.

“Xonadonlarning egalari, yer egalari birgalikda sudga chiqsa, hukumat hech narsa qila olmaydi. Ularga aholini bu yerdan uzoqlashtirish qiyin bo’ladi. Uzoq vaqt oladi. Hukumat qaroridan qaytishga majbur bo’ladi. Rahbariyatni siyosatni o’zgartirishga majburlash kerak”, - deydi Efren Olivares, huquq faoli.

Chegara aholisi boshqa muammolardan ham xavotirda. Tirikchilik o’zi bu yerda azaldan oson emas.

“Boy emasmiz. Hukumat mo’may pul taklif qilsa, yo’q deyish qiyin. Ba’zilar unga uchib, xo’p ham deyishi mumkin. Lekin oladigan pulimiz ayriladigan mulkimizni oqlamaydi, hech qachon”, - deydi Daniel Villarreal ismli amerikalik.

Daniel shu yerda dunyoga kelgan, katta bo’lgan. Yaqinlari, uy-joyi shu yerda. Hukumatdan xat olishi bilanoq unga qarshi chora ko’rishga shay. Hozircha hammayoq tinch.

“Qarshimiz va qarshi bo’lib qolamiz”, - deydi Daniel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG