Breaking News

Amerika Marsga odam yuborish ahdida qat'iy


Mars tasviri (NASA)
Mars tasviri (NASA)

Oq uyga ko’ra, Amerika fazogirlari Marsga albatta chiqishi kerak. Buning uchun Prezident Donald Tramp 3,7 milliard dollar ajratib, yangi izlanishlar uchun mablag’ berishga rozi. Kongress ma’qullasa, albatta. Illinoys shtatining Rokford shahrida bo’ldik.

Sokin bir mahallaning sokin burchagidagi kamtarona majmuada olamshumul kashfiyot ustida ish ketayotganini deyarli hech kim bilmaydi. Yangi fazo vositasi yaratilmoqda.

“Ingersol” kompaniyasi nima bilan band ekani o’ziga xos bir sir”, - deydi bu korxona vakili Mayk Ris.

Ixtiro haqida ko’p gapirishmaydi.

NASA, AQSh fazo agentligi insonni Oyga va Marsga olib chiqishga bel bog’lagan.

“Orion” deb ataluvchi fazo vositasining asosiy qismi bu. Bosimga chidamli. Fazogirlar uning ichida yashaydi, ishlaydi; missiya amalga oshiriladigan joy. Ularni tirik saqlaydigan konteyner”, - deydi fazoshunos Reks Volhaym.

Yangi raketaning to’rt qismidan biri “Ingersol” tomonidan ishlab chiqarilib, “Lockheed Martin” kompaniyasiga uzatiladi. “Orion” uning mahsuloti.

Reks Volhaym singari astronavtlar uchun har bir daqiqa g’animat. 2011-yilda AQShning oxirgi fazo kemasi samoga chiqqanida, Volhaym unda uchgan. Hozirda u “Orion” ustida ishlayotgan yetakchi mutaxassis. Loyiha uzoq vaqt olayapti, deydi u, ish sekin.

“Shoshishdan foyda yo’q, hamma narsaning o’z vaqti bor. Puxta ishlayapmiz. Lekin ko’p narsa bizga bog’liq emas. Sabr kerak. Qayta-qayta testdan o’tkazib, uchishga tayyor qilib beramiz”, - deydi Volhaym.

Loyiha rahbari Mark Kirasich deydiki, vosita mukammal bo’lishi uchun bir necha kompaniya va firmalar bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi kerak. Har bir qadam silliq kechishi kerak. Har bir qism a’lo darajada bo’lishi shart. Yangi raketa va kapsulalar yaratish o’ta nozik jarayon.

“Bugungacha ikki bor sinov parvozlarini o’tkazdik. Ko’tarilish, uchish… Loyihaning asosiy qismlari bitdi hisob. Ishning 75 foizini bajarib bo’ldik. Yangi missiya uchun tayyorgarlik avjida. Yangi fazo kemasi yangi avlod raketasidir”, - deydi Kirasich.

“Ingersol” kompaniyasi yaratayotgan qismlar “Orion” ni shakllantiradi. 2023-yilda unda fazogirlar Oyga parvoz qilishi kutilmoqda. Keyingi manzil esa Mars sayyorasi. Oxirgi marta Oyning atrofini aylanishganiga ancha bo’ldi.

"Uyda bolalar bilan xayolot dunyosiga sho’ng’ib, “Orion” samoda nima qilishi mumkinligini tasavvur qilamiz. Bolalarimni olib kelib, loyiha bilan tanishtirdim. Marsni zabt etish uchun ular hozircha yetib bo’lmas orzu. Lekin orzu qilishdan to’xtamaslik kerak”, - deydi Rays.

NASAning bayon qilishicha, “Orion” fazo kemasi bu yil oxiriga borib, butun holda sinab ko’riladi. “Orion” boshida Oy tomon odamsiz uchadi, qariyb 65 ming kilometr bosishi kerak. Marsga esa 2030-yilda yetib borish rejada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG