Breaking News

Yadroviy energiyani targ'ib qilayotgan ayollar


Yadroviy onalar
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

Yadroviy onalar

AQShda atom inshootlariga e’tibor va yadroviy energiya sanoatiga ahamiyat pasaygan. San-Fransiskoda yaqinda o’tgan anjumanda ayol mutaxassislar bu masalani ko’tarib, hukumat va nohukumat sektorni ular bilan bu borada yaqindan ishlashga chaqirdi.

Fukushima...

Chernobil...

Atom fojialarni boshdan kechirgan joylar talay.

Yadroviy energiyadan voz keching deya bong urayotgan tomonlar uchun bu fojia va halokatlar tahdidning asosiy isboti va dalilidir.

Zavodlar shundoq ham yopilmoqda.

Tabiiy gaz arzon ekan, ularga talab tushib ketgan.

Har jihatdan qulay manba, deydi mutaxassislar.

Atom quvvatidan voz kechishga hali juda erta deya unga ko’proq e’tibor jalb etishga urinayotgan tomon esa o’z asoslariga ega. Ularning aksariyati shu soha egalari – yadrofiziklar va ilmiy laboratoriyalarda ishlaydigan mutaxassislar.

“Minglab xotin-qizlar atom sanoatida mehnat qiladi”, - deydi Kriston Zaitz.

Xezer Matteson ham Kriston singari Kaliforniya shtatining Diablo vodiysidagi atom zavodida ishlaydi.

Biri reaktorni boshqaradi, ikkinchisi esa seysmik muhandis. “Atom onalari” degan tashkilot boshlashgan. U yadroviy energiyaning foydasini targ’ib qiladi.

“Onalar sifatida biz bu sanoatni qadrlaymiz va omma shuni bilsin deymizki, yangi avlod uchun bu sektorning roli juda katta. Uni mahalliy ravishda quvvatlash va kengaytirish lozim deb hisoblaymiz. Atom sanoati xavfli yo’nalish emas”, - deydi Matteson.

Bu eng toza energiya manbai, deydi mutaxassislar, chunki karbonat angidrid chiqarmaydi.

Qizig’i, sanoatga nisbatan munosabatni o’rganib chiqqan tadqiqotchilar deydiki, xotin-qizlar bu targ’ibotni yaxshiroq olib boradi.

Ikkala ayol ham bo’yniga uranli zanjir taqib olgan. Hech qanday xavfli joyi yo’q, deydi olimalar.

“Zavodda ishlay boshlaganimda o’zim ham bu sanoatning kuni bitgan bo’lsa kerak deb o’ylagan edim. Lekin 6-7 yilda shuni tushunib yetdimki, atom energiyasi sohasi tabiat va iqtisodiyotga ulkan foyda keltirar ekan. Buni hamma ham bilmaydi”.

Yangi zavodlar qurish milliardlab dollar talab qiladi. Ta’mir ham juda qimmat.

Diablo vodiysidagi inshootlarda reaktorlar yangilanishi kerak. Bu 2025-yilda amalga oshiriladi. Kaliforniyada boshqa atom energiya zavodi yo’q.

Sanoatning kuni bitgan deb hisoblovchilar ham talay.

“Eski zamonga xos sanoatlarni onalarimiz targ’ib qilmoqda, demak, ularning kelajagi bor ekan deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Fukushimadagi kabi falokatlar bo’lishini xohlaysizmi? Ularning oldini olish uchun bu inshootlarni yo’q qilish kerak”, - deydi Kendra Klayn, tabiatparvar.

Lenka Kollar kabi yoshlar esa bu sohani o’rganish bilan band. Bilmasak, tushunmaymiz, deydi u.

“Olamshumul ahamiyatga ega o’zgarishlar qilishni xohlayman. Inson qudratliroq bo’lsin desak, uni quvvat bilan ta’minlash kerak, xususan atom energiyasi”.

Kelajakni baquvvat sanoatlar tebratadi. Yadroviy energiya sanoati o’zini saqlab qolsa, demak, istiqbolda uning ham hissasi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG