Aksariyat ayollar uchun internet va texnologiya hamon orzu

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Global tarmoqqa ulanganlarning aksariyati erkaklar. Internetga kiradigan xotin-qizlar ko’p lekin erkaklarga qaraganda ancha kam. Texnologiya olamidagi qudratli ayollar buni o’zgartirmoqchi. Xotin-qizlar uchun internetga yo’lni ochish kerak, deydi ular.

Dunyoning qayerida bo’lmasin, texnologiya yetib borgan joyda insonlar hayoti yaxshilanayotganini ko’rasiz. Ayniqsa, ayollar uchun imkoniyatlar kengayadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda to’siqlar talay. Qizlar o’z kelajagini texnologiya bilan bog’lay olmaydi.

“Amerika Ovozi” bu masala bo’yicha ayol texnologlar bilan hamkorlikda qator tadbirlar o’tkazib, xotin-qizlarga texnologiya tomon yo’l ochadigan siyosat qanday shakllanishi kerak, degan savolni o’rtaga tashlamoqda.

“Afsuski, texnologiya sohasida ayollar xushlanmaydi”, - deydi Ivon Xatchinson, “Ready Set” kompaniyasi rahbari.

Amerikada bu mavzu azaldan muhokamada. Texnolog ayollarga qahramon sifatida qarashadi. Yer yuzi bo’ylab, kompaniyalarda ayol mutaxassislar ko’payib bormoqda. Internetga kirib ishlay oladigan xotin-qizlar erkaklarga qaraganda 12 foiz kamroq. Rivojlanmagan davlatlarda ayollarning atigi 7 foizi global tarmoqqa kira oladi.

Finlandiya qizlari
Finlandiya qizlari

Martin Gilbert, olim:

“Global maydonda, gapning ochig’i, internet va umuman texnologiyadan bemalol foydalanadiganlar bor va unga yaqin kelolmaydiganlar bor. Bu muammoni bir pasda hal eta olmaysiz. Innovatsiya degan narsa jamiyatning har burchagiga bir paytda yetib bormaydi. Astalik bilan”.

Biroq xotin-qizlar uchun ortiqcha to’siqlar mavjud. Ular o’qiy olmaydi, ishlay olmaydi, kam maosh oladi. Ko’plab jamiyatlarda xotin-qizlar uchun texnologiyaga yo’l berilmaydi.

“Afrikaga borsangiz, ayrim mamlakatlarda qizlarga mobil telefon bermang, faqat katta yoshdagi erkaklarga kerak u, degan gapni eshitasiz. Qizlarni o’qitmoqchimiz, desangiz, nega deb so’rashadi. O’g’il bolalarni o’qiting, deyishadi. Bu to’siqlarni yengish juda qiyin”, - deydi Tara Shklovski, "Iridescent" kompaniyasi rahbari.

"Yahoo" rahbari Melissa Mayer
"Yahoo" rahbari Melissa Mayer

AQShda texnologiya kompaniyalarida ishlaydiganlarning 20 foizga yaqini xotin-qizlar. Ularni boshqarayotganlarning 17 foizigina ayollar. Texnologiya bizneslari asoschilari orasida ham xotin-qizlar juda oz. Sarmoyachilar ham kam.

“Hazillashib qo’yaman ba’zida: men hojatxonada navbatda turishim kerak emas, deb. Texnologiya sohasida investor ayollar bo’lsa, 5-10 foiz”, - deydi Keyt Mitchell.

Firmalarga bir amallab kirganlar ham faoliyatini oilaviy sabablarga ko’ra tashlashga majbur bo’ladi. Boshqa yo’l yo’q.

“Ayollarni umuman boshqa me’yorlarga binoan baholashadi. Ular erkaklardan ko’ra qattiqroq ishlamasa, yaroqsiz”, - deydi Stenford universitetidan professor Karolin Simard.

Lekin bu sohada shuhrat qozongan, hamkasblarini lol qoldirganlar ham oz emas, dunyo bo’ylab.

Vyetnam ayollari
Vyetnam ayollari

“Tarixda birinchi marta texnologiya ayollar ovozini balandroq, rolini kuchliroq qilayotganini ko’rib turibmiz”, - deydi Shklovski.

“Bu og’ir mehnat, tirishqoqlik va o’tkir bilim talab qiladi. Texnologlar olamni yangilab kelmoqda. Ular orasida ayollar ko’p bo’lsa, yangiliklar yanayam kengroq bo’ladi. Boshqaruvda ham ko’payaverishi kerak”, - deydi Simard.

Maqsad erkaklar bilan bellashish emas. Ular bilan yonma-yon ishlab, insoniyat taraqqiyoti yo’lida hissa qo’sha olish. Muhimi, texnologiyaga qiziqqan xotin-qizlar uchun yo’l ochiq bo’lsin, bilim olib, ishlasin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG