Florida qashshoqlari haqida kartina

  • Amerika Ovozi

"The Florida Project", Florida shtatidagi qashshoq oilalar taqdiri haqidagi film ijrochilari, Nyu-York

Florida deganda ko’ngilochar maskanlarni, okean va dengizlar bilan o’ralgan diyorni tasavvur qilishadi. Shtat tabiatan juda go’zal. Taraqqiyotda ham oldinda. Lekin minglab insonlar u yerda qashshoqlikda kun kechiradi. Yangi bir film aynan shu haqda.

Yo’qsil floridaliklar yashaydigan mahalladagi olti yoshli qiz Muni va uning do’stlari jaziramada ko’cha sang’ib yuradi. Doimiy uyi yo’q. Tashlandiq joylarda, arzon ijara beradigan vaqtincha kulbalarda kun tunashadi. Yolg’iz onalar, ishsiz amerikaliklar orasida.

Kino ustasi Shon Beyker fikricha ko’pchilik Amerikaning bu jihatini ko’rishni xohlamaydi.

“Ssenariychim menga bu mavzu haqida film ishlashni taklif qilganida, o’ylanib qoldim. O’rgandim. Arzon mehmonxonalarda yashayotgan bolali oilalar taqdirini ochib berishga bel bog’ladim. Florida eng qiziq, shodu xurram, farovon maskan emasmi”?

Beyker 1920-30 yillarda AQShda qashshoq bolalar hayotini aks ettirgan filmlardan ilhom oldi. Iqtisodiy tushkunlik, jinoyatchilik va adolatsizlikni tasvirlovchi, hayot uchun kurashni ko’rsatgan kartinalar hamon sevib tomosha qilinadi.

Bruklin Prins Muni rolida. Sho’x, qo’rqmas lekin boshqalarga ko’p ozor beradigan qiz. Mehmonxona menejeri Bobbini esa Villem Defo o’ynagan. Bolalarni undan boshqa hech kim boshqara olmaydi. Bu obraz Florida shtatida kambag’allar yashaydigan joyni yuritgan bir kishiga asoslangan.

Munining onasi rolini Hellini Briya Vinaite ijro etgan. Bolasini jonidan ortiq ko’radi. Hayotdan umidini uzmagan. Lekin ishsiz, ilojsiz. Hech kim unga yordam qo’lini cho’zmaydi. Chorasiz qolgan onalar dunyoda millionlarni tashkil etadi, deydi aktrisa.

“Qizingni boqasanmi, turar joying yo’q, yegulik yo’q, o’zing ham nochor bir ahvoldasan. Aksingni ko’rib qo’rqib ketasan. Kasalmandsan. Lekin onalar faqat bolasini o’ylaydi. U to’q bo’lsin, sog’ bo’lsin, deydi. Mening obrazim uchun qizi ko’zining qorasi. Oxirigacha kurashishga shay ayol u”, - deydi Vinaite.

U va Bruklin Prins ijro uchun kino tanqidchilar tomonidan a’lo baho olmoqda. Muni roli shu qadar ta’sirliki, yosh yulduz Oskar mukofotiga ko’rsatilishi mumkin.

“Filmda rosti bilan yig’ladim. Rosa yig’ladim. Azobga chidash qiyin. Uni his qildim. Makiyajim bilan yig’ladim”, - deydi Prins.

Muni orzumand qiz. Hayoti yaxshilanishiga chindan ishonadi. Lekin hayot ba’zida juda beshafqat, adolatsiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG