Breaking News

Komi: Tramp prezident bo'lishga axloqan loyiq emas


AQSh Federal Qidiruv byurosi sobiq rahbari Jeyms Komi

AQSh Federal Qidiruv byurosi sobiq rahbari Jeyms Komi Prezident Donald Trampni prezident bo'lish uchun "axloqan noloyiq" deb atadi va prezident adolat yo'liga to'siq qo'ygani haqida "ayrim dalillar" borligiga ishora qildi.

Komi bu haqda yaqinda chop etilgan kitobini ommaga e'lon qilishidan bir necha kun avval "ABC News" telekanaliga bergan suhbatida gapirdi. Kitobda 2016-yilgi prezidentlik sayloviga Rossiyaning aralashuvi, demokrat Hillari Klintonning elektron maktublariga oid mashmasha hamda bu ishlarni tekshirishda Komining ishtiroki haqida ma'lumotlar bor. Prezident Tramp Komini ishdan haydashidan avval bo'lib o'tgan shaxsiy suhbat tafsilotlari ham kitobga kiritilgan.

Telekanalda chiqqan suhbat ortidan Prezident Tramp Komini va Federal Qidiruv byurosi direktorining sobiq o'rinbosari Endryu Makkeybni ko'plab jinoyatlarni sodir etganlikda aybladi.

Suhbatda jurnalist Komidan Tramp prezidentlik uchun noloyiqmi, deb so'radi. Shunday, lekin bu uning ruhiy holatidan emas, dedi Komi.

"Uning ruhiy jihatdan sog'lom emasligi haqidagi gaplarga ishonmayman. Sharlotsvil voqealaridan o'xshashlik topadigan, ayollarga bir parcha go'shtdek munosabatda bo'ladigan, katta-kichik narsalar haqida tinimsiz yolg'on gapiradigan va amerikaliklar bunga ishonadi, deb ta'kidlaydigan odam AQSh prezidentligiga axloqan munosib emas", - dedi Jeyms Komi.

Komi ishidan haydalgach, idoraning boshqa bir sobiq rahbari Robert Myuller Rossiyaning saylovga aralashganini tekshirish uchun maxsus tergovchi etib tayinlandi.

Tergov boshlangandan beri Myuller 19 odamga ayblov e'lon qildi. Ular orasida Tramp saylov kampaniyasining sobiq rahbari Pol Manafort hamda kampaniya yordamchilari Rik Geyts va Jorj Papadopulos ham bor.

Oq uy matbuot kotibi Sara Xakabi Sanders o'tgan hafta prezidentda Myullerni ishdan haydash bo'yicha qonuniy vakolat bor, deb atdi. Komiga ko'ra esa, Myuller ishdan haydalsa, bu prezident tomonidan "qonun ustuvorligiga shu paytgacha qilingan eng jiddiy hujum" bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG