Prezident va FBR munosabatlari tarixiga nazar

  • Amerika Ovozi

Federal Qidiruv Byurosi sobiq direktori Jeyms Komi 8-iyun kuni Rossiyaga oid tergov va prezident bilan munosabatlari haqida Kongress oldida hisobot berdi. Prezident Donald Tramp uni 9-may kuni ishdan olgan edi. Komining qonunchilar oldida aytganlari hali tasdiqlangani yo'q, ammo to'g'ri bo'lsa, Tramp atrofidagi mojaroni yanada avj oldirishi mumkin.

Kongress oldidagi hisobotida FBR sobiq rahbari bir narsaga ko'p urg'u berdi: U ishlagan tashkilotning mustaqilligiga.

"FBR adolatli va kuchli tashkilot. U mustaqil va doim shunday bo'lib qoladi", - dedi u.

Tinglovda Donald Tramp haqida ham savollar ko'p bo'ldi.

Prezidentning Komidan sodiqlik talab qilgani va milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchiga oid tergovni to'xtatishni so'ragani haqida ham.

Komiga ko'ra, Tramp FBR ishlariga aralashish orqali tashkilot mustaqilligiga tahdid bo'lishi mumkin.

Tashkilot mustaqilligining chegarasi aslida aniq emas, deydi ayrim kuzatuvchilar.

AQSh tarixida FBR va prezident doim yaqin hamkorlikda ishlagan, ba'zan haddidan ham oshishgan. Masalan, Edgar Guver tashkilotni qariyb 50 yil boshqargan, deydi tarixchi Duglas Charlz.

"FBR Oq uyning siyosiy razvedka qanoti bo'lib kelgan. Tashqi siyosat tanqidchilari va siyosiy faollar haqida ma'lumot to'plab, ularni e'tibordan qoldirishga yordam bergan", - deydi Charlz.

Adliya vazirligi tashkilot va Oq uy munosabatlarini tartibga solish haqida yo'l-yo'riq chiqargach, holat o'zgardi.

"Adliya vazirligining hozirgi tartibiga ko'ra, Oq uy bilan faqat Adliya vaziri yoki uning o'rinbosari aloqaga chiqishi mumkin. Tartib shunaqa", - deydi u.

Bundan boshqacha ishlash, masalan, prezidentning FBR rahbariga bosim o'tkazishi yoki biror tergovni to'xtatishni so'rashi noodatiy hol hisoblanadi.

Ammo bu yerda bir masala bor: Adliya vazirligi joriy etgan tartib qonun emas, shunchaki, qo'llanma, xolos.

Trampga oid vaziyatni chigallashtirayotgan narsa ham shu.

Trampning Komi bilan bevosita munosabati ichki tartibning oddiy buzilishimi yoki haqiqatdan ham noqonuniy ish sodir bo'lganmi?

Amerika universiteti professori Kris Edelsonga ko'ra, hozir bu haqda xulosa qilish qiyin.

"Ikkinchi muammo masalaning siyosiyligi. Bu jinoyat bo'lishi yoki bo'lmasligidan qat'i nazar, hozir Oq uyga ishonch yo'q", - deydi u.

Trampning advokati Komi bayonotidagi ayrim ma'lumotlarni yolg'onga chiqardi. So'nggi Kongress tinglovi ortidan Tramp atrofidagi mojaro hali-veri tugamasligi oydinlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG