Breaking News

Sobiq mahkum O'zbekistonda nohaq qamalganlarni himoya qilmoqchi


Jurnalist Dilmurod Sayyid (markazda) qamoqdan chiqqanidan so'ng huquq faollari davrasida
Jurnalist Dilmurod Sayyid (markazda) qamoqdan chiqqanidan so'ng huquq faollari davrasida

Jurnalist Dilmurod Sayyid sobiq tuzum qurbonlarini oqlash uchun kampaniya boshlamoqchi. Gap nafaqat qamoq jazosini o’tab chiqqan jurnalistlar, siyosiy faollar, balki adolatsiz sudlov tufayli qamalganlar, qiynoqlar tufayli halok bo’lganlarning ham nomlarini oqlash haqida ketmoqda, deydi “Amerika ovozi” bilan suhbatda 9 yillik qamoqdan so’ng ozodlikka chiqqan jurnalist.

Dilmurod Sayyid nohaq qamalganlarni himoya qilish niyatida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:13 0:00

Dilmurod Sayyid o’z nomini oqlash niyatidagi siyosiy mahbuslarni hamjihatlikka, hukumatni esa tuzum qurbonlari ishini ko’rib chiquvchi maxsus komissiya tuzishga chaqirmoqda.

12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid jazo muddatining 9 yilini o’tashi ortidan shu yilning 3-fevralida ozodlikka chiqqan edi.

Dilmurod Sayyid tergovda ham, sudda ham o’ziga qo’yilgan ayblovlarni tan olmagan; tuzum uni jurnalistligi, yozgan tanqidiy maqolalari uchun jazolaganini ta’kidlab keladi. Jurnalistning ozod etilishi ham mamlakatda hokimiyat almashgan, tuzum o’zgarayotgan bir paytda kuzatildi. 2009-yilda qamoq jazosiga hukm qilingan Dilmurod Sayyid uzoq yillar O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar ro’yxatida turdi.

U so’nggi yilda shartli ravishda ozod qilingan siyosiy mahbuslardan biri; boshqa siyosiy mahbuslar kabi muddatidan avval ozod qilindi, ammo biror jinoyatsiz 9 yillik umrini qamoqda o’tkazishiga qaramasdan ayblovdan ham, sudlovdan ham soqit qilinmagan.

Sobiq mahkumning aytishicha, umrini asossiz ayblovlar, adolatsiz sudlovlar tufayli qamoqda o’tkazishga majbur bo’lgan faqat u emas, bundaylar juda ko’p.

“Jurnalistlardan bitta men emas, qanchasi qamaldi, chiqdi. Masalan, Solijon Abdurahmonov yoki huquq himoyachilarini olaylik, A’zam Farmonov, A’zam Turg’unov yoki boshqalar. Bu ro’yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Hozir biz yakka holda nohaq qamalganimiz yuzasidan qonun doirasida biror joyga murojaat qiladigan bo’lsak, avvalo, bu arizani biror prokuror ko’rib chiqmaydi, biror sudya bu ishni qonun doirasida ko’rib chiqish mas’uliyatni o’z bo’yniga olmaydi. Chunki buning o’ziga yarasha sabablari bor. Avvalo, qonun doirasida ko’rib chiqilgan, sudya oqlov hukmi emas, deylik bular noto’g’ri qamalgan, ma’muriy javobgarlikka tortilishi kerak edi, degan qaror chiqargan taqdirda ham, buni moddiy-ma’naviy zararlarini qoplash tomonlari bor. Bular shu tomonini ham o’ylaydi. Shuning uchun ham bu ishlarni ko’rib chiqish uchun Bosh prokuror nazoratidagi maxsus komissiya tuzilishini talab qilyapmiz, chunki qonun bajarilishi ustidan nazorat vakolati prokuraturada”, - deydi Dilmurod Sayyid.

O’zbekistonda hokimiyat almashar ekan, Karimov davridagi turg’unlik yillarida turli ayblovlar bilan qamalgan bir guruh siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi, ularning ayrimlari qamoq muddatini butunlay o’tab bo’lgach, ayrimlari shartli ravishda muddatidan oldin chiqarilgan. Ozodlikka chiqqan bu mahbuslarning ba’zilari qo’yilgan ayblovlarni bekor qilish, o’z nomlarini oqlash uchun harakat qilishayotgani haqida ma’lumotlar bor, lekin bunday arizalar bir tergov idorasi yoki mahkama tomonidan qarab chiqilayotgani, qolaversa, oqlov qaror chiqarilgani hali kuzatilmagan.

Dilmurod Sayyidning aytishicha, uning tashabbusi mamlakat rahbariyati olg'a surayotgan siyosatga mos, Prezidentning o’zi oliy minbarlarda bu haqda gapirmoqda.

“Albatta, bu masala (komissiya tashkil etilishi ) birgina meni, Farmonovni yoki boshqa bir hamkasbimizni tashabbusi bilangina ijobiy hal bo’lmaydi. Buning uchun avvalo mamlakatdagi huquq himoyachilari, mustaqil jurnalistlar faol harakat qilishi kerak. Xalqaro tashkilot tomonidan qo’llanib, hukumat darajasiga olib chiqilsa, hozirgi prezident bu narsani to’g’ri qabul qiladi. Chunki uning o’zi yuqori minbarlardan turib bu haqda bir necha bor gapirgan. Faqat natija uchun harakatni birgalikda olib borish kerak, yakka tartibda emas”, - degan fikrda jurnalist.

Sud-huquq tizimini isloh qilish, huquq-tartibot idoralari faoliyatini tubdan o’zgartirish mamlakatdagi yangi prezident olg'a surayotgan, aholi tomonidan qizg’in qo’llab-quvvatlanayotgan islohotlardan biri.

Prezident Mirziyoyev sudlarni oqlov hukmi chiqarmaslik, adolatsiz, asossiz qarorlar uchun, prokuratura, ichki ishlar xodimlarini poraxo’rligi, mansab suiiste’moli uchun bir necha bor ayovsiz tanqid qilib o’tgan. Bu tanqidlar bevosita siyosiy mahbuslar ishiga taalluqli emas, ammo diniy ayblovlar bilan qamalgan minglab fuqarolar taqdirini chetlab o’tmagan.

Dilmurod Sayyid fikricha, dindorlar sobiq tuzumdan aziyat chekkan asosiy qatlam; ayrimlari o’z nomlarini oqlash imkoniyatida emas, qiynoqlardan vafot etishgan.

“Biz tirikmiz, oyoq-qo’limiz ishlab turibdi, nomimizni oqlash uchun harakatda yuribmiz. Ammo qancha-qancha odamlar tegrov izolyatorlarida, qamoqlarda qiynoqlardan o’lib ketdi, shahid bo’ldi. Ularning nomi ham oqlanishi kerak, ularning qanchasi ham nohaq qamalgan. Shuning uchun agar komissiya tuzilsa, bu komissiya ishiga jamoat tashkilotlari qo’shilishi, o’z takliflarini ham bildirishi mumkin bo’ladi”, - deydi jurnalist.

O’zbekistonda siyosiy, diniy mahbuslar qatlami marhum Karimovning chorak asrlik boshqaruvi davrida yuzaga keldi. Amaldagi hokimiyat siyosiy mahbuslar mavjudligi ochiq tan olmasa-da, ammo so'nggi paytlarda ularni ozodlikka chiqara boshlagani kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG