Breaking News

Los-Anjelesdagi teatr yoshlarni tarbiyalamoqda


Los-Anjelesning ispanzabonlar yashovchi mahallasida ochilgan kichik teatr muhojirlar ovozi vazifasini o'tamoqda. Bu yer yangi va e'tibordan chetda qolgan san'atkorlar uchun sahnadan joy beradi. Ayrimlari hatto Gollivudgacha chiqishga muvaffaq bo'ldi.

Bir paytlar hujjatsiz bo'lgan Jozefina Lopez “Ayol bo'lsa, do'mboq bo'lsin" filmini yozib xalqaro shuhratga erishdi.

Asarning bosh qahramoni Amerika Ferrera timsolida muallif o'z hayotini ifodalagan.

"AQSh hujjatini olish uchun bir yil kutdim. Gazlama do'konida onam va singlim bilan ishlab yurdik. Ko'rgan-kechirganlarim shu filmni yozishga undadi", - deydi u.

Ushbu muvaffaqiyat ketidan Jozefina Lopez Los-Anjeles markazida "CASA 0101" nomli teatr ochishga qaror qildi. U o'zi o'sib-ulg'aygan ispanzabonlar mahallasining ovozini sahnaga olib chiqishga bel bog'ladi.

"Bizni jinoyatchi, noqonuniy va bir pulga qimmat odamlar deb ko'rsatuvchi stereotipga qarshi sahna asarlari yoza boshladim", - deydi u.

"CASA" 2000-yildan beri 128 ta pyesa namoyish qildi.

Eng so'nggi asari "Sohibjamol va maxluq"ning teatr versiyasi.

Jinoyat va zo'ravonlik mavjud mahallada teatr yoshlar uchun yaxshi ermak bo'la oldi. Aktyor Jonni Ortizning aytishicha, agar bu teatr bo'lmaganda, kelajagi butunlay boshqacha bo'lishi mumkin edi.

"Nogiron, o'lik yoki qamoqda bo'lardim. Shu uch joydan biriga ketgan bo'lardim", - deydi u.

Ortiz "CASA"ga qo'shilguncha ikki yil qamoqda o'tirib chiqqan. Teatrda u aktyorlikni o'rgandi. Hozirgacha bir qator Gollivud asarlarida rol ijro etishga ham ulgurdi.

"Bunday tashkilotlar, ularni qo'llaydigan odamlar yanada ko'proq bo'lsa, ko'chada bema'ni ishlarni qilib yurgan bolalar kamroq bo'lardi. Mening hayotligimga shu kabi tashkilotlar sababchi", - deydi Ortiz.

Teatrning moliyaviy ahvoli yaxshi emas. Ammo tashkilot asoschisi Jozefina Lopezning aytishicha, u yashab qoladi va ulkan orzular og'ushida yurgan bo'lajak aktyorlar hamda ozchilik guruhlar uchun minbar bo'lishda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG