Breaking News

Eronga qarshi sanksiyalar bilan maxsus guruh shug’ullanadi


Eronga choralar ko'rish bo'yicha guruh rahbari Brayn Xuk, AQSh Davlat departamenti, 16-avgust, 2018-yil.

Tramp ma’muriyatining Eron bo’yicha maxsus vakili o’z jamoasi bilan Tehronning yadroviy qurollar, terrorizm va amerikaliklarni hibsga olishga doir xatti-harakatlarini o’zgartirishga muhim e’tiboq qaratishini bildirmoqda.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 16-avgust kuni Brayn Xukni Eronga choralar ko’rish bo’yicha guruh rahbari sifatida e’lon qilgan. Davlat departamentida bo’lib o’tgan ana shu tadbirda Xuk so’zga chiqqan.

Uning ma’lum qilishicha, guruh joriy yilning may oyida Pompeo tomonidan e’lon qilingan 12 yo’nalish bo’yicha Tehron pozitsiyasiga o’zgartirish kiritish ustida ish olib boradi.

Amerika may oyida Obama va dunyoning 5 yetakchi kuchlari tomonidan Eron bilan atom energiyasi bo’yicha 2015-yilda imzolangan bitimdan chiqib ketdi. Trampning izoh berishicha, kelishuv Eronning Yaqin Sharqdagi terrorchi guruhlarni qo’llab-quvvatlash va ballistik raketalarni kuchaytirish kabi harakatlarini nazoratga ola olmagan. AQSh prezidenti, shuningdek, ana shu bitim imzolangandan keyin to’xtatilgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich qayta joriy qilishga qaror qilgan.

Tramp Vashington va Tehronning yangi kelishuviga erishish maqsadida Eron liderlari bilan hech qanday shartlarsiz uchrashishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Biroq Eron taklifni rad etdi. Buning uchun Tehron AQShdan sanksiyalarni takror joriy qilish qarorini bekor qilishni talab qildi.

Eronga o’z pozitsiyasini o’zgartirish talabini qo’yish muzokaralarning shartimi? Jurnalistlar bilan suhbatda Brayn Xuk bunga javoban, prezidentning muzokaralarga taklifi va Eronga qarshi maksimum iqtisodiy bosim o’tkazish kampaniyasi Tramp ma’muriyati siyosatining “parallel yo’nalishi” ekanini aytgan.

AQSh joriy oy avvalida Eronga qarshi sanksiyalarning dastlabki ro’yxatini e’lon qilgan edi. Eronning neft eksporti va markaziy bankiga qarshi yo’naltirilgan navbatdagi og’irroq sanksiyalar noyabr oyidan kuchga kirishi kutilmoqda. Xuk AQShning dunyo mamlakatlariga Eron neftini xarid qilishni 4-noyabrdan butunlay to’xtatishga doir chaqirig’ini ham yodga solgan. Bunday chora Eronning yirik daromad manbayiga to’siq bo’ladi. Shuningdek, Xuk mazkur talablarga amal qilmaydigan hukumatlarni ham ogohlantirgan.

“Bizning sanksiyalar bo’yicha siyosatimizda Eron bilan ana shunday savdo aloqalarini saqlab qolgan mamlakatlarga nisbatan qo’shimcha sanksiyalar joriy qilish ko’zda tutilgan”, - deydi Xuk.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG