Breaking News
Din

Ikki milliondan ortiq musulmon haj qilmoqda


Xalqaro hayot: Islom olamida haj
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00

Dunyo bo'ylab ikki milliondan ortiq musulmon Saudiya Arabistonida muqaddas haj amalini ado etmoqda.

Ular islom olamining eng muqaddas dargohi - Makka shahrida joylashgan Kabani tavof qilmoqda. Bundan tashqari, bir necha kun davomida o'zaro birdamlik va hokisorlik ramzi bo'lgan boshqa bir qator haj amallari ham ado etiladi.

Qurbi yetgan, sog'lom va balog'at yoshidagi har bir musulmon erkak va ayol uchun umrida bir marta haj qilish farz. Bu amal o'tmishdagi gunohlar uchun ham kafforat sifatida ko'riladi.

Haj jismoniy jihatdan mashaqqatli ibodat. Shunga qaramay, keksa yoki zaiflar ham barcha arkonlarni to'la-to'kis bajarishga urinadi. Bir umr haj uchun mablag' to'playdiganlar ham bor. Oylab yo'l bosib, haj uchun Saudiya Arabistoniga piyoda keladiganlar ham topiladi.

Qurbon hayitidan bir kun avval ziyoratchilar Arofat tog'i vodiysiga yig'ilib, kunni ibodat va duolar bilan o'tkazadi. Ushbu amal hajning eng muhim arkoni hisoblanadi.

Bundan 1400 yil avval xuddi shu tog' bag'rida, haj paytida payg'ambar Muhammadso'nggi xutbasini o'qigan. U barcha musulmonlarni birdamlikka undagan.

Arofat tog'ida duo va iltijolar ijobat bo'lishi va o'tmishdagi barcha gunohlar kechirilishi aytiladi.

Musulmonlar dengiz sathidan 700 metr balandlikda joylashgan g'orga ham borishadi. Bundan 14 asr muqaddam xuddi shu joyda Qur'onning ilk oyatlari nozil bo'lgan.

Makkadagi Nur tog'i islom tug'ilgan maskan sifatida ko'riladi. Payg'ambar Muhammad bu yerdagi g'orga tez-tez kelib turishni odat qilgan.

"Ta'rifga til ojiz. Bu joyning dunyoga ta'siri qanday bo'lganini tasavvur qilolmaysiz. Hammasi shu yerdan boshlangan. Kamtarona ibtido", - deydi amerikalik ziyoratchilardan biri Nosir Mahmud.

Hiro g'origa borish hajning farz amallaridan emas, lekin ko'plab musulmonlar u yerga borishni orzu qiladi.

"Payg'ambar shunday balandlikka tez-tez chiqib turganini, shu yoshda u va umr yo'ldoshi Xadicha bu yerga kelib turganini his qilish sizga ham tepalikka chiqish uchun kuch va ilhom bag'ishlaydi", - deydi yana bir ziyoratchi.

G'orgacha chiqish o'rtacha 40 minut vaqt oladi va odamlarning ko'pi tog' uchun maxsus kiyim-boshga ega emas. Makkada havo harorati hozir 40 darajadan yuqori.

"Issiqdan ehtiyot bo'lishingiz kerak. Yuqori haroratdan saqlanish uchun biz safarni erta saharda boshladik. Yo'l yomon emas, lekin yiqilib tushmaslik uchun qayerga oyoq qo'yayotganingizdan ogoh bo'lishingiz kerak", - deydi ziyoratchi.

Qiyinchiliklarni yengib tepaga chiqa olganlar oldida mo'jizaviy manzara namoyon bo'ladi.

"Shu issiqda payg'ambarimiz amalga oshirgan ishni bajarish go'zal hissiyot. Zinalar bo'lmagan bir paytda Makkadan bu yerga payg'ambar qanday kelganini his qilish qiyin. Hissiyotlarimni hozir aytib bera olmayman", - deydi g'arblik yana bir ziyoratchi.

Musulmonlarga ko'ra, ana shu tog' tepasida joylashgan Hiro g'orida farishta Jabroil payg'ambar Muhammad huzuriga kelib, Qur'onning ilk oyatlarini o'qib bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG