Breaking News

O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston diniy idoralari hamkorlikni oshirmoqchi


Qirg'iziston

Yaqinda Andijonda "Islom - tinchlik va ezgulik dini" mavzusida o'tgan anjumanda Qirg'iziston va Qozog'iston delegatsiyalari ham ishtirok etdi. Tomonlar radikalizm va terrorizmga qarshi kurashda birga ishlashga kelishib oldi.

O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston diniy organlari esktremizmga qarshi birga kurashadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:40:04 0:00

Ma’lumki, bir paytlar yagona bo'lgan O’rta Osiyo musulmonlari dunyosi Sovet Ittifoqi inqirozga yuz tutishi ortidan parchalanib ketgan.

Hozirga har bir mustaqil respublikada tashkiliy, huquqiy, amaliy jihatlarda, qolaversa, erkinlik masalalarida o’zgachaliklarga ega diniy soha qay yo'nalishlarda birlashishi, umumiy til topishi mumkin? Qanday dolzarb masalalar, qanday imkoniyatlar mavjud?

“Amerika ovozi” o’zbekistonlik va qirg’izistonlik ulamolar, taniqli dinshunoslar hamda davlat arboblarining fikr-mulohazalarini yozib oldi.

Qirg'iziston masjidlarida
Qirg'iziston masjidlarida

O’zaro aloqalar mustahkam poydevorga tayanadi

Uch qardosh o’lka diniy idoralari millatlararo hamjihatlik, diniy bag’rikenglikni targ’ib va tatbiq etish borasida hamkorlik yo’lida ilk qadam qo’yishdi.

O’zbekiston Respublikasi musulmonlarining Diniy idorasi rahbari Usmonxon Alimov din idoralari hamkorligining istiqboli kenglini ta’kidlaydi.

“Bu (Andijondagi uchrashuv - muallif) - dastlabki qadamimiz, birinchi qilgan ishimiz. Bundan keyin uch mamlakatning mo’min-musulmonlari, diniy idoralari barcha elatlar va millatlar o’rtasidagi tinchlik, osoyishtalik, ahillikka birga hissa qo’shib boraveradi”, - deydi Alimov mahalliy matbuot vakillari bilan muloqotda.

Aytish joizki, yaqin o'tmishda diniy idoralar ham mustaqillikka urg’u berib, qo’shni o’lkalarning din ahli bilan aloqalar o’lda-jo’lda qolgan edi. Mutahassislar qardosh mamlakatlarning diniy idoralari hamkorligi uchun mustahkam poydevor mavjdligini ta’kidlaydi.

Qirg’izistonda taniqli jamoat arbobi, O’sh viloyat gubernatorining din ishlari bo’yicha maslahatchisi To’xtasin Japarov:

“Mintaqa ahli azaldan bir din va bir mazhabni qo’llab kelgan, asosiy diniy ko’z qarash bir hil bo’lgan. O’rganilayotgan manba bir. Markaziy Osiyoda dinimizning yetuk namoyondalari yetishib chiqqan. Andijondagi muloqotlardan hulosa shuki, ilgaridan birga bo’lganmiz va bundan keyin ham - barcha yo’nalishlarda - shunday bo’lsagina muvaffaqiyatga erishamiz”.

Qirg'iziston masjidlarida
Qirg'iziston masjidlarida

Farqlar taraqqiyotga to’siq bo’lmaydi

“Qayta birlashish, jamlanish - barchamiz uchun bu katta yutiq. Ko’rib turibmizki, oxirgi paytlarda birlashish o’rniga bo’linish hollari ko’payib ketayapti, jam bo’lish o’rniga turli tahlikalar paydo bo’lmoqda. Firqalar ko’paygan zamonda yashayapmiz”, - deydi Qirg’izistonning Jalol-Obod shahridagi “Islom ta’limi”, atalmish jamoatchilik jamg’armasining rahbari, ulamo Dilmurod O’ro’zov.

Yuqorida aytib o’tilganidek, mustaqillik yillari davomida mintaqa o’lkalarining diniy hayotida ma’lum farqlar, o’zgachaliklar vujudga kelgan.

“Aslida, dunyo tajribasidan kelib chiqilsa, mintaqa musulmonlarining diniy idorasi bo’linmasdan saqlanib qo’lishi mumkin edi. Masalan, Yer yuzining katoliklari Vatikanga tobe, pravolavlarning bosimli qismi - rus cherkoviga. Lekin buning uchun kuchli siyosat darkor edi. Ikkinchi tarafdan, bo’linishning foydasi ham bo’ldi. Aytaylik, Qirg’izistonda diniy siyosat, tegishli qonunlar ancha liberalligi bilan ajralib turadi. Erkinliklar ko’p. Deylik, masjid qurish uchun biron cheklov yo’q, ibodathonalarning sanog’iga yetmaysiz. Yoshlarimiz hufuzli horij islom oliygohlarida ta’lim olish imkoniga ega bo’ldi”, - deydi ulamo.

O’zgachaliklardan biri - Qirg’izistonda qo’shni mamlakatlarda ta’qiqlangan ayrim diniy tashkilotlar, masalan, Tabligi jamoat rasman faoliyat yuritib keladi.

“Salbiy tarafiga kelsak, erkinliklardan foydalanib, har xil yot firqalar avj oldi”, - deydi suhbatdosh.

Unincha, diniy idoralarning hamkorligi qanday yo’nalishlarda faol rivojlanishini vaqt ko’rsatadi. To’plangan tajriba, mavjud o’zgachaliklar esa farqlanishga emas, taraqqiyotga xizmat qilishi maqsadga muvofiq.

Ulamo fikricha, har-hil firqalar hadislarni bahs quroliga aylantirishga urinayotganini hisobga olgan holda, Hadis akademiyalari barpo etish, hadis ilmini o’rganish va tatbiq etish - hamkorlikning dolzarb yo’nalishlaridan biri bo’lmog’i kerak. Diniy maktablar, diniy ta’lim tizimlarida mushtaraklik darkor.

Dilmurod O’ro’zov mintaqaning din xizmatchilari oldida katta vazifa va mas’uliyat turganini ta’kidlaydi.

Qirg'iziston masjidlarida
Qirg'iziston masjidlarida

Ulamolar zamon talablari va chaqiriqlariga hozirjavob bo’lsin

O’ro’zbek Mo’ldaliyev - Markaziy Osiyoda taniqli siysatshunos va dinshunos. O’z vaqtida ushbu arbob Qirg’izistonning O’zbekistondagi elchixonasida mas’ul lavozimda faoliyat yuritgan, ohirgi yillarda Din ishlari bo’yicha Davlat agentligining rahbari bo’lib ishlagan.

Suhbatdosh deydiki, Markaziy Osiyo, xususan, hozirgi O’zbekiston hududi, diniy sohaga chuqur tarix hamda ulkan qadriyatlarga ega va bu ma’naviy boylikdan oqilona foydalana bilish lozim.

Mo’ldaliyev nazarida, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalarida mintaqa o’lkalarida, ayniqsa, O’zbekustonda, o’rganishga arzirli tajriba to’plangan. Shuningdek, o’zbek ulamolari azaldan chuqur bilim va salohiyat namoyon etib kelganki, bu namunaga loyiq.

Mutaxassis deydiki, mintaqa ulamolari ahil bo’lib, Markaziy Osiyoga chetdan xavf solayotgan tahlikalar, aytaylik, yot mafkuralar, talash-tortishlar yo’liga g’ov qo’yishlari darkor. Diniy soha zamon talablari va chaqiriqlariga munosib javob bermog’i kerak.

Qirg’izistonlik tahlilchilar din ahli millatlararo totuvlik, hamjihatlikni targ’ib etish va mustahkamlash borasida beqiyos imkoniyatga ega ekanini urg’ulab keladi.

Islohotlar hamda din va davlat hamkorligi

Keyingi yillarda Qirg’izistonda diniy sohaning turli qirralari, chunonchi, kadrlarni tanlash, diniy ta’lim tizimi, din va davlat munosabatlari, haj safarini tashkil etish ishlarini isloh qilishga kirishilgan.

“Ammo jadal boshlangan harakatlar bora-bora to’xtab qolayotir. Qat’iyat, shijoat yetishmayotganga o’hshaydi. Oqibatda yana chalasavod odamlar mas’ul lavozimlarni egallashyapti”, - deydi Mo’ldaliyev.

Suhbatdoshlar fikricha, mintaqa davlatlari din xizmatchilari bilan tig’iz hamkorlik qilishi, har tomonlama ko’mak ko’rsatishi joiz.

“Diniy sohani o’z holiga tashlab qo’yish turli ziddiyatlar, o’zaro talash-tortishlar ehtimolini kuchaytiradi”, - deydi ular.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG