Breaking News

O'zbekistonda Islom Karimov nomi unutilyaptimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev marhum Islom Karimov qabrini ziyorat qilmoqda.

O'zbekistonda marhum prezident Islom Karimov xotirasi yuzasidan muhokamalar qizimoqda. Munozaralar birinchi prezident xotirasi kuni yaqinlashayotgani munosabati bilan emas, balki mamlakat televideniyesida Islom Karimovning nomiga norasmiy taqiq qo’yilgani haqidagi ma’lumotlar ortidan boshlangan. Islom Karimov vafoti haqidagi xabarlar 2016-yilning avgust oyi oxirida paydo bo’lgan edi. Keyinroq hukumat Karimov 2-sentabrda miyaga qon quyilishidan vafot etganini e'lon qildi. Ochiq jamiyat qurishni va'da qilayotgan yangi hokimiyatning turg’unlik davri timsoli sanalgan Karimov xotirasidan voz kechishi nimani anglatadi?

O'zbekistonda Islom Karimov xotirasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:23 0:00

O’zbekiston televideniyesida Islom Karimov nomiga taqiq qo’yilgani haqidagi xabarlarga hozircha biror rasmiy munosabat bildirmagan.

Marhum prezidentning xotira kuni yaqinlashar ekan, bu xabarlar Karimov maqbarasi, yodgorligi ziyorat qilingan ko’plab marosimlar bilan inkor qilinishi kutilmoqda.

Ammo bundan qat’i nazar, o’limiga ikki yil to’layotgan Islom Karimov xotirasiga nisbatan hokimiyat doirasida munosabat o’zgarayotganini kuzatish mumkin.
Avvalroq senator va shoir Iqbol Mirzoning Karimov davri “qora tushga” qiyoslangan matbuotdagi maqolasi keskin munozara qo’zg’adi. Karimovga atab yozilgan madhiyalari bilan tanilgan shoirning o’zi keskin tanqid ostida qoldi.

Yangi hokimiyat Karimov davrini tanqidga olayotgani birinchi bor emas, asosan, prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qilingan bu tanqidlarda tuzum nishonga olinsa-da, uning yaratuvchisi bo’lgan Karimov shaxsi chetlab o’tilayotgan edi.

O’zbekiston televideniyesida Karimov nomiga taqiq qo’yilgani haqidagi ma’lumot bevosita marhum shaxsi bilan bog’liq dastlabki holat. Bunday taqiq haqidagi ko’rsatma Karimov o’limiga ikki yil to’lishi arafasida, uning xotirasi kunlari yaqinlashgan bir paytda berilayotgani ham tasodif emasdek.
Birinchi prezident xotirasi haqidagi munozaralardan qat’i nazar, yangi hokimiyat, jumladan, prezident Mirziyoyev hozircha Karimov xotirasidan voz kechish darajasidagi siyosiy irodaga ega emasligi ta’kidlanmoqda.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek jurnalistlaridan biri Ulug’bek Haydarov nazarida televideniyeda Karimov nomiga taqiq qo’yilgani haqidagi xabarlar uning shaxsi, siyosiy merosidan kelib chiqayotgani yo’q; aksincha, hokimiyat marhum xotirasini ulug’lashda davom etadi.

“Bu xabarlar hozircha iddaoligicha qolmoqda, go’yo Prezident maslahatchisi televideniyega shunday topshiriq bergani haqida. Lekin ayni zamonda biz bilamizki, Karimov xotirasini abadiylashtirish uchun katta ishlar amalga oshirildi, aeroportga nomi berildi, yodgorligi ochildi, haykallar qo’yildi, ya’ni bir-ikki yilda nomi o’chmaydigan darajada. Meningcha, prezident hali bunday qarorga bormaydi, Karimov xotirasiga ehtirom hali bir necha yillar o’z kuchida qoladi”, - deydi jurnalist.

O’zbekistonni chorak asr davomida boshqargan 72 yoshli Islom Karimovning o’limi aksariyat jamoatchilikni larzaga solgan, sarosimada qoldirgan voqelik bo’lgan edi. Karimov o’limi ortidan mamlakatda hokimiyat almashib, prezident Mirziyoyev islohotlar e’lon qilar ekan, jamoatchilikda o’zgarishlar umidi boshlandi.

Yangi hokimiyatning bu o’zgarishlari, asosan, Karimov davridagi taqiqlarni bekor qilish bilan kuzatilayotgan bo’lsa-da, birinchi prezident hamon mustaqil davlatchilik asoschisi sifatida qolmoqda.

Ulug’bek Haydarov fikricha, Karimov vafotidan ikki yil o’tib, aksariyat jamoatchilik uning xotirasidan voz kechishga tayyor turibdi, faqat hokimiyat hozircha bundan manfaatdor emas.

“Jamoatchilik tayyor, faqat buni ochiq ko’rsatayotgani yo’q, chunki ko’pchilik jamiyatdagi inqirozga Karimov davri sababchi ekanligini tushunib yetdi. Jamoatchilik bunda faqat Karimov emas, u bilan birga ishlagan boshqa amaldorlarning ham hissasi borligini yaxshi biladi. Masalan, men ham shunday o’ylayman, har holda u uzoq yillar bosh vazir bo’lib ishlagan. Hozir ham baribir avvalgi qo’rquvlar arimagan, shuning uchun ham Karimovga nisbatan munosabat o’zgargani har doim ham ochiq aytilayotgani yo’q. Xullas, Mirziyoyev Karimov xotirasiga nisbatan munosabatini keskin o’zgartira olmaydi, avvalo, uning xotirasini abadiylashtirish uchun ko’p ish qilindi. Qolaversa, uning o’zi yig’lab Karimovni dafn qildi. Shuning uchun yaqin yillar ichida Karimov xotirasi daxlsiz qoladi”, - deydi Haydarov.

O’zbekistonda Islom Karimov mustaqil davlatchilik asoschisi sifatida taqdim qilinadi, Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan maxsus qaror qabul qilgan.

Bu qaror doirasida poytaxtdagi xalqaro aeroportga Islom Karimov nomi berildi, poytaxtda, mamlakat viloyatlarida uning xotirasiga yodgorliklar o’rnatildi, Karimov dafn qilingan Samarqanddagi Hazrat Xizr majmuasida maxsus maqbara bunyod qilindi, ayni paytda bu maqbara ziyoratgohga aylantirilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG