Breaking News

Mirziyoyev hayit kuni Karimovni ziyorat qildi


O’zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo’ygani, o’zgarishlar, yangilanishlar kuchayib borayotgani Ramazon hayitiga alohida fayz va tarovat bag’ishlamoqda, deyiladi Prezident Shavkat Mirziyoyevning bayram munosabati bilan O’zbekiston xalqiga yo’llagan tabrigida.

Hokimiyat almashishi ortidan O’zbekistonda diniy bayramlarni nishonlash ancha erkinlashgan. Ro’zador namozxonlar bosimga olinishi haqidagi xabarlar avvalgi yillardan farqli ravishda bu yil deyarli kuzatilmadi. Yosh bolalarning masjidga kirishiga qo’yilgan to‘siqlar ham keyinchalik bartaraf etildi.

Hukumat dindorlarga erkinliklar berish, "adashgan”larini esa jamiyatga qaytarish siyosatini olib bormoqchi.

Mamlakatda ilk bor Ramazon hayiti munosabati bilan afv e’lon qilindi. Prezident tabrigida ta’kidlanishicha, bu afv bilib-bilmay noto’g’ri yo’lga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bag’riga, to’laqonli hayotga qaytarishga qaratilgan keng ko’lamli ishlarning uzviy davomidir.

Shavkat Mirziyoyevning dindorlarga munosabati marhum Islom Karimov bilan solishtirganda ancha samimiy ko’rinadi. Hozircha mamlakatdagi barcha qatlam vakillarining, jumladan dindorlar va dunyoviylarning ham prezidentga bo’lgan ishonchi ancha yuqori.

Afv etilayotgan diniy mahbuslar ham, Karimov davridagi diniy siyosatning keskin tanqidchilari sifatida tanilgan faollar ham Mirziyoyev siyosatini yoqlamoqda, o’zgarishlarni e’tirof qilishmoqda.

Hukumat diniy e’tiqod bo’yicha turg’unlik yillaridan meros qolgan tarang vaziyatni fuqarolarda islom, din haqidagi ma’rifiy tushunchalarni kengaytirish orqali hal etmoqchi.

15-iyun kuni hayit munosabati bilan Toshkent shahrida qurilish, obodonlashtirishishlari bilan tanishgan Prezident Mirziyoyev poytaxtdagi Hasti Imom majmuasida Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishini ochib bergan, shu munosabat bilan yig’ilgan jamoatchilik oldida chiqish qilgan, aholini yana hayit bilan qutlagan.

Markazning asosiy vazifasi ekstremizmga qarshi diniy ma’rifat bilan kurashish g’oyasini shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar o’tkazish, islom madaniyatining dunyo sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasini o’rganish, tatbiq etish bo’ladi.

Mirziyoyev shu kuni diniy jamoatchilik hamrohligida poytaxtda marhum prezident Islom Karimov xotirasiga qurilgan yodgorlikni ham ziyorat qildi, birinchi prezident xotirasiga tilovat qilindi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, Mirziyoyev hayit munosabati bilan uyushtirilgan tadbirlar doirasida bir necha kun oldin og’ir kasallikdan vafot etgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov xonadonida ham bo’lgan, marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirgan.

So’nggi o’zgarishlardan qat’i nazar xalqaro miqyosda O’zbekiston hamon diniy erkinliklar cheklangan mamlakat sifatida qayd etiladi. AQShning diniy erkinliklar bo’yicha xalqaro komissiyasi buning sababini mamlakatda hamon minglab musulmonlar qamoqda qolayotganida ko’radi.

Ilgari xalqaro tashkilotlarning bu kabi hisobotlarini rad etib kelgan rasmiy Toshkent endi hisobotlarni eshitmoqda, muammolarni tan olmoqda, jumladan diniy erkinliklar masalasini ham qayta ko’rib chiqishga hozirlik bildirmoqda.

Mirziyoyevning AQSh safari davomida muhokama qilingan masalalardan biri ham O’zbekistondagi diniy erkinlik bo’yicha vaziyat edi. Hukumat mamlakatdagi e’tiqod erkinligiga doir huquqlarni xalqaro me’yorlarga tenglashtirish, BMT tavsiyalarini inobatga olish va’dasini bergan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG