Breaking News
Din

So'rov: musulmon ayollar kiyimiga cheklov bo'lishi kerak


Niderlandiyaning Gaaga shahridagi bozor

G'arbiy Yevropa aholisining salmoqli qismi musulmon ayollarning jamoat joyida kiyiladigan kiyimlariga qaysidir darajada cheklov qo'yilishini qo'llab-quvvatlaydi. "Pyu" tadqiqot markazi o'tkazgan so'rov natijalari shuni ko'rsatmoqda.

15 mamlakatda o'tkazilgan so'rovga ko'ra, musulmon bo'lmagan aholining 50 foizi musulmon ayollar o'zlari xohlagan kiyimni kiyishi mumkin, faqat yuzini to'smasligi kerak, degan fikrda. 23 foiz qatnashchi esa musulmon xotin-qizlar hech qanday diniy libos kiymasligi kerak, deb aytgan. 25 foizi kiyinish bo'yicha har qanday cheklovlar bo'lishiga qarshi.

Natijalar Portugaliyaning Yevropadagi eng bag'rikeng davlat ekanini ko'rsatmoqda. Bu yerda aholining 52 foizi musulmon ayollar cheklovlarsiz xohlaganicha kiyinishi mumin, degan fikrda.

Portugaliyaliklarning 66 foizi oila a'zolaridan birining musulmon bo'lishiga qarshi emas. Lekin bu guruhdagilarning 55 foizi yuzning to'silmasligini istaydi.

"Bu kichik guruh emas. Aksariyati musulmonlarga nisbatan ochiq va ijobiy fikrda, lekin oilasida musulmonlar bo'lishiga rozi bo'lganlar ham qandaydir cheklov bo'lishini yoqlaydi", - deydi so'rov tashkilotchisi Skot Gardner.

Portugaliya bu masalada ham ancha bag'rikeng. Oila a'zolarining musulmon bo'lishiga qarshi bo'lmaganlarning 60 foizi yuzlarning yopilishiga ham e'tiroz bildirmasligini aytgan.

So'rov natijasi hukumatlar siyosatini ham o'zida aks ettiradi. O'tgan yili Daniyada jamoat joylarida yuzni to'suvchi niqob va burqa kiyish taqiqlandi. Avstriya, Belgiya va Fransiyada ham shunga o'xshash cheklovlar joriy etilgan.

Suriya va boshqa urush domiga tortilgan hududlardan musulmonlar Yevropaga katta miqdorda oqib kelar ekan, bu o'lkalarda muhojirlarga qarshi kayfiyatdagi o'ng qanot siyosiy partiyalar kuchaymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG