Breaking News

AQSh fazoda hukmronlik qilishga intilmoqda


AQSh Havo kuchlari 17-sentabr kuni “Amerika Ovozi”ga taqdim qilgan memorandumga ko’ra, mamlakatning yangi harbiy fazo kuchlari Kongress tasdig’idan o’tsa, dastlabki bosqichda 13 ming xodim bilan faoliyat yuritishi kutilmoqda.

Ayni paytda harbiy fazo loyihalarining aksariyat qismini nazorat qilayotgan Havo kuchlarining hisob-kitobiga ko’ra, Fazo kuchlarini tashkil etish ilk yilda 3 milliard, navbatdagi to’rt yilda 10 milliard dollar mablag’ni talab etadi.

Havo kuchlari kotibi Xezer Vilsonning memorandumda yozishicha, Rossiya va Xitoy bilan harbiy sohadagi strategik raqobat ustuvor ahamiyatga ega va bu raqobat boshqa jabhalardan ko’ra fazoda bo’lishi muqarrar.

Vilson taqdim etgan reja AQShning fazodagi ustunligini “yemirishga” urinayotgan raqobatchilarga o’z vaqtida qarshilik ko’rsatish imkonini beradi. Buning uchun 2020-yilda Fazo kuchlari shtabini tuzib, 2021-yilda Kongress taqdim etgan qonun va moliya nizomiga muvofiq barcha fazo dasturlarini yangi departamentga o’tkazish kerak.

Havo kuchlari kotibi Mudofaa vaziri o’rinbosari Petrik Shanaxanning fazo kuchlari bo’yicha bildirgan dastlabki takliflarini amalga oshirishni lozim deb hisoblamaydi. Shanaxan sun’iy yo’ldoshlarga egalik qilishni nazorat qiluvchi Fazo taraqqiyot agentligini tuzish va Mudofaa vaziri ma’muriyatida yangi nufuzli lavozim ta’sis etishni taklif qilgan edi.

“Mudofaa vazirining fazo bo’yicha o’rinbosari lavozimini joriy etish, mudofaa faoliyatida yangi byurokratiyani o’rnatish yoki dasturlarni vaqtinchalik tashkilotga o’tkazish Prezident tashabbuslariga muvofiq emas”, - deydi Vilson.

Buning o’rniga u avvaldan faoliyat yuritib kelayotgan Havo kuchlarining fazodagi tezkor imkoniyatlar boshqarmasidan sun’iy yo’ldoshlar xaridini nazorat qilishda foydalanish taklifini bergan.

Pentagon prezident istagan Fazo kuchlarini ta’sis etish nizomini Mudofaa departamentining 2020-yilgi moliyaviy byudjetiga kiritadi. U Kongressga 2019-yil boshlarida taqdim etilishi mumkin.

Prezident Donald Tramp AQShning fazodagi hukmronligini ta’minlash maqsadida fazo kuchlarini harbiy sohaning yangi yo’nalishi sifatida joriy etishga takror va takror chaqirayotgan edi.

Pentagon avgust oyida fazo boshqaruviga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha hisobotini Kongressga taqdim etgandan so’ng Vitse-prezident Mayk Pens yangi kuchlarni tashkil etishga doir amaldagi ayrim bosqichlarni rasman e’lon qilgan edi.

Harbiy soha nufuzli rasmiylarining ma’lum qilishicha, Mudofaa vazirligida 18 ming xodim fazo bo’yicha faoliyat yuritadi. Ularning vazifasi bir necha trillion dollarlik iqtisodiy mahsulotlarni yetishtirish imkonini yaratadigan 140 harbiy yo’ldoshni himoya qilishdan iborat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG