Breaking News

AQShga qabul qilinadigan qochqinlar soni kamaytiriladi


Somalilik muhojirlar uchun tashkil etilgan trening, Oregon, 21-iyul, 2015-yil.

AQSh Afrika va Yaqin Sharqdan o'tgan yilga qaraganda kamroq qochqin qabul qilishni rejalamoqda. Davlat departamenti taqdim etgan rejada ularning o'rni Osiyo, Lotin Amerikasi, Karib havzasi va yevropaliklar hisobiga to'ldirilishi taklif etilmoqda.

So'nggi raqamlar hali tasdiqlanmagan. Ayni damda Davlat departamenti bu masalada qonunchilar bilan maslahatlashmoqda. Shundan so'ng kelasi bir yil davomida qabul qilinadigan qochoqlar soni va ularning hududlar bo'yicha taqsimoti haqida Prezident Donald Tramp farmoni chiqadi.

Yangi takllifga ko'ra, Afrikadan qabul qilinadigan qochoqlar soni 19 mingdan 11 mingga, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodan keladiganlar 17500 dan to'qqiz mingga tushirilishi kutilyapti. Yevropaliklar miqdori esa 2000 dan 3000 ga oshiriladi. Lotin Amerikasi va Karib havzasidan ham 1500 emas, 3000 kishi qabul qilinishi rejalangan. Jami qochqinlar soni 30 mingga tushiriladi. Bu AQSh uchun rekord darajadagi kam ko'rsatkich.

Prezident qarori e'lon qilinishidan oldin Kongress a'zolari maslahatlar orqali unga o'zgartirish kiritishi mumkin. Taklifdagi raqamlar maqsad emas, balki qabul qilinishi mumkin bo'lganlarning maksimum miqdoridir. Masalan, 45 ming kishilik limit doirasida bu yil hozirgacha faqat 22 mingga yaqin qochqin qabul qilingan, xolos.

Ba'zan hududlar bo'yicha taqsimot ham amaliyotga to'g'ri kelmaydi. 2018-yil jami qochqinlarning 42 foizi Afrika hissasiga to'g'ri kelishi belgilangan bo'lsa-da, amalda qabul qilinganlarning 46 foizini afrikaliklar tashkil etdi. Yevropaliklarga ham faqat 4 foiz o'rin ajratilgan edi, ammo Ukrainadagi ixtilofdan qochganlar soni oshishi natijasida bu qit'adan qabul qilinganlar soni 16 foizga oshib ketdi.

Yaqin Sharqdan esa belgilanganidan ancha kam odam olingan. Jami kvotaning 39 foizi, ya'ni 17500 o'rin bu mintaqa qochqinlariga ajratilgan bo'lsa, amalda ularning faqat 3756 nafari qabul qilindi, xolos.

Kelasi yil qancha miqdorda qochoq qabul qilinishi ikki omilga bog'liq.

Avvalo, so'nggi raqamlar Kongress va Oq uy o'rtasidagi maslahatlashuvlar so'ngida aniq bo'ladi.

Ikkinchidan, qochoqlar bilan ishlovchi dastur xodimlari soni tobora kamayib borayotgani hamda 11 davlat fuqarolari uchun qo'shimcha tekshiruv talablari qo'yilgani amalda qabul qilinadigan qochoqlar miqdori yanada kamayishiga sabab bo'lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG