Breaking News

AQShda oraliq saylovlar nima uchun muhim?


Amerikaliklar ovoz bermoqda.
Amerikaliklar ovoz bermoqda.

AQShda har ikki yilda Vakillar palatasining barcha 435 a’zosi va Senat a’zolarining uchdan bir qismi saylanadi. Joriy yilning 6-noyabr kuni Kongress tarkibini belgilash uchun oraliq saylovlar bo’lib o’tadi. Uning natijalari Kongressning har ikki palatasi yoki palatalardan birini navbatdagi ikki yilda qaysi partiya – demokratlar yoki respublikachilar nazorat qilishini belgilab beradi. Nazoratni qo’lga kiritgan tomon o’zlari taqdim etgan qonun loyihasining ana shu palatada qabul qilinishiga erishadi. Qonun hujjati prezident tomonidan tasdiqlanishi uchun har ikki palatada qabul qilingan bo’lishi kerak.

Saylovni o’tkazish majburiyati AQSh Konstitutsiyasida qisqa satrda keltirilgan:

“Vakillar palatasining tarkibi har ikki yilda turli shtatlardan saylangan a’zolardan tashkil topadi”, - deyiladi Konstitutsiyaning 1-moddasi 1-qismida.

Quyida oraliq saylovlar tarixi bo’yicha qiziqarli ma’lumotlarga to’xtalamiz:

Prezidentlik roli

Oraliq saylovlar, aksariyat hollarda, amaldagi prezident nufuzini belgilab beradigan referendum sifatida qabul qilinadi. Ko’plab prezidentlarning hokimiyatga kelgan ilk ikki yilligi mobaynida nufuzining zaiflashgani kuzatilgan. Natijada, oraliq saylovlarda amaldagi lider tarafdorlarining foizi tushib ketgan. Raqib partiya, odatda, bu jarayonlarda faol harakat qiladi. Tarixiy tajribaga ko’ra, prezident partiyasi ko’p hollarda Kongress tarkibidagi o’rinlarini yo’qotib qo’ygan. 1860-yillarda AQShda bo’lib o’tgan Fuqarolik urushidan buyon o’tkazilgan 39 oraliq saylovlarining 36 tasida amaldagi prezident partiyasi mag’lub bo’lgan.

Raqamlar

Ikkinchi Jahon urushi yakunlanganidan buyon oraliq saylovlarda amaldagi prezident partiyasining Kongressda o’rtacha o’rin yoqotish ko’rsatkichi: Vakillar palatasida 26 o’rin, Senatda 3-4 o’rin;

Amaldagi prezident reytingi 50 foizdan yuqori bo’lgan holatda vakillar palatasida o’rtacha yo’qotish ko’rsatkichi: 14 o’rin;

Amaldagi prezident reytingi 1970-yildan buyon 50 foizdan past bo’lgan holatda vakillar palatasida o’rtacha yo’qotish ko’rsatkichi 33 o’rinni tashkil etgan.

Ikkinchi Jahon urushi davridan buyon qayd etilgan oraliq saylovlarning eng salbiy natijalari: Barak Obama prezidentligi davrida 2010-yili demokratlar vakillar palatasida 63 o’rinni boy bergan. 1994-yilda Bill Klinton prezidentligi davrida bu ko’rsatkich 52 ta o’ringa to’g’ri kelgan; Respublikachilar Jorj Bush prezidentligi davrida 2006-yili vakillar palatasida 30 o’rinni boy bergan. Yo’qotishlar 1974-yilda respublikachi Jerald Ford prezidentligi davrida 48 o’ringa to’g’ri kelgan.

Aks natija

Respublikachilar 1998-yilda Klintonning impichmentini talab qilgan paytda demokratlar vakillar palatasida 5 ta qo’shimcha o’ringa ega bo’lgan. 2001-yilning 11-sentabrida sodir bo’lgan terror xurujidan keyin bo’lib o’tgan Jorj Bush prezidentligi davridagi ilk oraliq saylovlarda respublikachilar vakillar palatasida 8 ta, Senatda 2 ta qo’shimcha o’rinni qo’lga kiritgan.

Saylovchilar ishtiroki

Prezidentlik saylovi yillarida ovoz berish huquqiga ega bo’lgan aholining o’rtacha 50-60 foizi saylovlarda ishtirok etadi. Bu ko’rsatkich oraliq saylovlarda 40 foizga tushib ketadi.

2014-yilda bo’lib o’tgan oraliq saylovlarda ovoz beruvchilarning 36,4 foizi ishtirok etgan. Bu 1942-yildan buyon qayd etilgan eng past ko’rsatkich.

2016-yilgi prezidentlik saylovlarida bu ko’rsatkich 58,1 foizni tashkil etgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG