Breaking News

AQSh oraliq saylovlari taqdirini ayollar hal qilishi mumkin


AQSh Vakillar palatasi uchun demokratlar nomzodi Loren Andervud tarafdorlari bilan uchrashmoqda, 2018-yil, 29-iyul.

AQSh Kongressi uchun oraliq saylovlarga bir oydan oz vaqt qoldi. Kongress Vakillar palatasidagi barcha o'rinlar va Senatning uchdan biri ovozga qo'yiladi. Demokratlar Vakillar palatasida ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritishga umid qilmoqda. Shunday bo'lgan taqdirda, Prezident Tramp va respublikachi qonunchilarning ishi qiyinlashadi. Bu galgi saylovda faol va o'qimishli oq tanli ayollar ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi kutilyapti.

Ekspertlar taxminicha, bu yilgi saylov taqdirini ayollar hal qiladi.

Nyu-jersilik maktab o'qituvchisi Lin Fideli magistrlik darajasiga ega. 2016-yil prezident saylovida u uchinchi partiya nomzodiga ovoz bergan, bu safar esa demokratlarni yoqlayapti.

"Uy-joydagi tengsizlikni bartaraf etish, ta'lim va atrof-muhit himoyasi uchun hukumat ko'proq ish qilishi kerak", - deydi u.

Kris Elliot 2016-yilda Trampga ovoz berganidan afsusda. Shunga qaramay, oraliq saylovlarda Tramp partiyadoshlarini qo'llab-quvvatlamoqchi. Asosiy sabab - immigratsiya.

"O'zim muhojirman. Qonuniy kelganman va barcha hujjatlarim uchun pul to'laganman. Noqonuniy muhojirlarga qarshiman", - deydi u.

Kichik biznes egasi Keyt Smit kabilar esa e'tiborni iqtisodiyotga qaratadi.

"Moliyaviy mas'uliyat, hukumat dasturlari va cheklovlarini kamaytirish kabi masalalar tarafdoriman", - deydi Smit.

So'rovlarga ko'ra, ayollar erkaklardan ko'ra ko'proq demokratlar tarafini oladi. So'nggi prezident saylovida ayollarning 54 foizi Hillari Klintonga ovoz bergan, erkaklarning esa 52 foizi Trampni tanlagan.

Tahlilchilar fikricha, demokratlar yanada ko'proq ayollarning ovozini o'zlariga qaytarishga umid qilmoqda.

"Nomzodlar orasida biznesmenlar, shifokorlar, olimlar bor. An'anaviy liberal nomzodlardan farqli bu odamlar ko'proq saylovchini o'ziga jalb qilishi mumkin", - deydi professor Brijid Kallaxan.

Sobiq harbiy uchuvchi Mayki Sheril 36 yildan beri demokrat saylanmagan okrugdan nomzod. Sobiq Vitse-prezident Jo Bayden uni dastaklamoqda.

"Yig'inlarimizga kelayotganlarga, homiylarga qaraydigan bo'lsak, bu yerda ayollarning ovozi juda muhim", - deydi nomzod.

Sherilning respublikachi raqibi - Jey Vebber. U shtat qonunchisi sifatidagi tajribasiga urg'u bermoqda.

Vebberning ayollarga qaratilgan reklamasida rafiqasi va yetti farzandi ishtirok etdi. "Ayollar Vebber uchun" nomli kampaniya ham tashkil etilgan.

"Ayollar ham ko'p hollarda erkaklar xohlagan narsani istaydi. Bu - gurkirayotgan iqtisodiyot", - deydi u.

Prezident Tramp Oq uyga kelganidan beri har chorakda yalpi ichki mahsulot qariyb uch foizga o'smoqda. Savol shuki, iqtisodiyotning o'zi bu okrugda respublikachilar ustunligini ta'minlash uchun kifoya qiladimi? So'rovlarga ko'ra, Vebber va Sherilning yutish imkoniyatlari teng.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG