Breaking News

Amerikada millionlab fuqarolarning tibbiy xizmat olishga qurbi yetmaydi


AQShda noyabr boshida o'tgan oraliq Kongress saylovlarida eng muhim mavzu na iqtisodiyot va na immigratsiya masalasi bo'ldi. Hatto Donald Tramp ham emas. So'rovlarda saylovchilar uchun eng muhim masala bu sog'liqni saqlash tizimi ekani aniqlangan. Chunki asosiy tibbiy xizmatlardan foydalanishga millionlab amerikaliklarning qurbi yetmaydi.

Syuzen Stivenson bepul tibbiy xizmatga oldinroq navbatda turish uchun tunni mashinasida o'tkazdi.

"Yuk mashinamni tozaladim, kuchugimni sayr qildirib, telefonda gaplashdim", - deydi u.

G'arbiy Virjiniyaning Charlston shahrida Syuzen kabi tunni navbat kutib o'tkazgan yana yuzlab odam bor. Chunki ularda boshqa chora yo'q.

"Hech qachon tibbiy sug'urtam bo'lmagan. Bu yerda tekin ekan. Bir necha ming dollar to'lagandan ko'ra ikki soat uyqudan voz kechgan yaxshi", - deydi Benni ismli yigit.

Ko'pchilik tish doktori uchun kelgan. Chunki ishxona yoki davlat tomonidan beriladigan tibbiy sug'urtada, odatda, tishni davolash qoplanmaydi. Moliyaviy ahvoli tang odamlar uchun bu yagona chora.

"Bitta plomba uchun oylik ijaramning yarmi ketadi. Bitta tish uchun juda ko'p bu", - deydi Eshli Boumen ismli ayol.

"Tishlarim singan va ochiq. Kim bunaqa odamni ishga oladi? Mijozlar oldida shunday odam turishini hech kim xohlamaydi", - deydi yana bir fuqaro.

Bepul tibbiy xizmat maktabda tashkil etilgan va ko'ngillilar tomonidan yuritiladi. Ikki kun ichida 800 dan ortiq odamga umumiy tibbiy tekshiruv, ko'z va tish davolash xizmatlari taqdim etildi.

Klinika asosichisi Robert Lambert bu ishni, dastlab, Lotin Amerikasida boshlagan. So'ng Amerikada ham ehtijoy borlini anglagan.

"Ko'zingizni yumib, barmog'ingizni AQSh xaritasidagi istalgan joyga qo'ysangiz, shunday xizmatga ehtiyoj borligini ko'rasiz. Talab juda katta, ayniqsa, tish va ko'z uchun, chunki sug'urtasi borlar ham, odatda, bu xizmatlarni ololmaydi", - deydi u.

2010-yilgi Sog'liqni saqlashga oid qonun ortidan sug'urtasiz amerikaliklar soni kamaydi.

Hozir faqat to'qqiz foiz amerikalikda sug'urta yo'q. Lekin tishni qoplovchi sug'urtaga ega bo'lmaganlar 23 foizdan ko'p.

Bu kabi bepul tibbiy klinikalar sog'qliqni saqlash tizimidagi muammolar uchun doimiy yechim emas. Lekin vaqtinchalik bo'lsa-da, ko'pchilikning joniga oro kirmoqda. Chunki oddiy ko'zoynak ham katta moliyaviy og'riqqa aylanishi mumkin.

Tibbiy sug'urta ham xarajatlarni to'liq qoplamaydi. Syuzen Stivenson bu yerda oladigan xizmat aslida bir necha ming dollarga tushishi mumkin.

Nafaqadagi Rouzmeri Pouli yangi ko'zoynak olish niyatida.

"Qurbim yetmaydi. Yagona choram shu. Qo'limdan boshqa ish kelmaydi. Imkonim yetganicha harakat qilyapman. Borim shu endi", - deydi ayol.

Ikki kun ichida klinika 300 ming dollarlik xizmatni bepul ko'rsatdi. Mamlakat bo'ylab esa bunday yordamga muhtojlar millionlarni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG