Breaking News

"Oltin darvoza" ko'prigi suiqasdga qarshi kurashmoqda


San-Fransisko shahridagi "Oltin darvoza" ko'prigi

San-Fransisko shahridagi "Oltin darvoza" ko'prigi sayyohlarni o'ziga jalb qilishi bilan taniqli va ayrimlar uni hatto "Zamonaviy dunyo yetti mo'jizasining biri" deb ataydi. Bu joyni insonlar hayotiga nuqta qo'yuvchi "qora yo'l" deb nomlaydiganlar ham bor. Chunki bu mashhur ko'prikdan sakrab, minglab odam o'z joniga qasd qilgan. Ayni paytda bunday fojialarning oldini olish ishlari olib borilmoqda.

Uzunligi 2700 metrdan oshuvchi osmono'par ko'prikka o'zini o'ldirishni xohlaganlar ham kelib turadi.

1937-yil may oyida ishga tushgandan beri minglab odam ko'prikdan sakragan.

O'tgan yili suiqasd niyati bilan bu yerga 240 kishi kelgan. Aksariyati fikridan qaytgan, faqat 33 nafari sakrab o'z umriga zomin bo'lgan.

"Ko'prikda o'z joniga qasd qilish holatlari bo'lishini eshitganman", - deydi sayyohlardan biri.

"Bu haqda bilmasdim. Lekin chetlari panjara bilan to'silgan ekan. Nega bundayligini endi tushundim", - deydi yana bir sayyoh.

Ko'prikni boshqaruvchi agentlik o'zini o'ldirmoqchi bo'lganlarni tutib qoluvchi to'r qurmoqda.

"To'r yo'lakdan 7 metr pastda va har ikki yonga 7 metr chiqqan bo'ladi. Bu odamlarni sakrashdan saqlaydi", - deydi agentlik vakili Paolo Kosulich-Shvars.

Ayrim odamlar fikricha, o'zini o'ldirishni xohlaydigan odamlar uchun katta mablag' sarflash o'zini oqlamaydi. Boshqalar esa bunday to'siqlar ko'prikning go'zal manzarasiga putur yetkazishini aytadi.

Uzoq yillik bahslar va ruhiy salomatlikka oid tadqiqotlar ortidan nihoyat loyiha ijrosi tasdiqlandi.

"Xavfsizlik to'ri manzarani hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. To'siq ko'prikning tagida va piyodalar yo'lagining yonida bo'ladi. Ya'ni, haydayotganingizda, sayr qilib yurganingizda yoki velosipedda uni ko'rmaysiz. Yon tomondan qaraganda esa, tirgaklar apelsin rangida, to'rning o'zi esa okean va tumanga mos kulrang bo'ladi", - deydi Kosulich-Shvars.

Loyiha 211 million dollarga tushmoqda. Qurilish uch yil vaqt oladi.

Asosiy muammo - tumanli ob-havo va kuchli shamol.

"Hozir ishchilar ishlayotganini ko'rishingiz mumkin. Quruvchilar ko'prik ostiga tushib, yon tomondagi eng qiyin nuqtalarga borishadi. Dastlab ular to'rni ushlab turuvchi ustun va tirgaklarni o'rnatishadi, so'ng to'rning o'zini", - deydi mutaxassis.

Ko'prik burchaklariga bir necha yil oldin telefonlar o'rnatilgan. Ular 24 soat ishlaydigan maxsus yordam liniyalariga ulangan. Maqsad suiqasd niyati bilan kelganlarni o'z fikridan qaytarish va ularga ruhiy ko'mak ko'rsatish. Bu ham yordam bermaganlarni endi to'rli to'siq himoya qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG