Breaking News

Ba'zi qonunchilar Saudiya Arabistoni bo'yicha Tramp siyosatidan norozi


O'ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi xotirasiga o'tkazilgan namoyish, Istanbul, Turkiya, 16-noaybr, 2018-yil.

Bir qator AQSh qonunchilari o'ldirilgan saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi bo'yicha Prezident Donald Tramp xulosasiga qo'shilmasligini ma'lum qildi.

Yanvar oyida Vakillar palatasida Razvedka qo'mitasi raisi vazifasida ish boshlaydigan demokrat qonunchi Adam Shif "CNN"ga shu haqda gapirdi.

"Markaziy Razvedka agentligi menga ham ma'lumot berdi. Ushbu ma'lumotlar mazmuni haqida gapira olmayman, lekin shuni ma'lum qilishim mumkinki, prezident Amerika xalqiga to'g'risini aytmayapti", - dedi u.

"Bu narsa dunyoda obro'miz pastga sho'ng'ishiga sabab bo'ladi; dunyo bo'ylab zolimlarga javobgarliksiz odamlarni o'ldirish mumkinligini anglatadi; ular, maqtab tursak bo'ldi, Tramp doim bizni himoya qiladi, deb o'ylashadi", - deya qo'shimcha qildi qonunchi.

Demokrat qonunchi Adam Shif jurnalistlar bilan gaplashmoqda, Vashington, 17-iyul, 2018-yil.
Demokrat qonunchi Adam Shif jurnalistlar bilan gaplashmoqda, Vashington, 17-iyul, 2018-yil.

O'tgan hafta Tramp jurnalistning o'limida Saudiya shahzodasining qo'li borligi aniq isbotlanmaganini aytib, AQSh Riyodni himoya qilishda davom etishini aytgan edi. AQSh rezidenti bo'lgan Jamol Qoshiqchi "Vashington Post" gazetasi uchun maqolalar yozgan va Yaman ixtilofidagi ishtiroki uchun Muhammad bin Salmonni keskin tanqid qilgani bilan tanilgan. U 2-oktabr kuni Turkiyadagi Saudiya Arabistoni konsulligiga borganda, Saudiya razvedka xodimlari tomonidan qiynab o'ldirilgan.

"Valiahd shazoda bu fojiali voqea haqida bilgan bo'lishi mumkin. Balki shunday bo'lgandir, balki unday bo'lmagandir", - dedi Tramp.

AQSh rahbarining aytishicha, har qanday holatda Saudiya Arabistoni qirolligi bilan aloqalar davom etadi.

"Eronga qarshi juda muhim kurashimizda ular bizning ajoyib ittifoqdoshimiz bo'ldi. O'z mamlakatimiz, Isroil va mintaqadagi boshqa davlatlar manfaatlarini ta'minlash maqsadida AQSh Saudiya Arabistonining mustahkam hamkori bo'lib qoladi", - dedi Tramp.

Saudiya Arabistoni Qoshiqchi o'limiga aloqador deb topilgan 11 kishini hibsga oldi, ularning besh nafari o'lim jazosi bilan yuzlashmoqda.

Yutalik respublikachi senator Mayk Li ham Trampning Saudiya Arabistoniga munosabatidan norozi.

"Prezidentning xulosasiga qo'shilmayman. Menga ma'lum razvedka ma'lumotlariga mos emas u. Shahzodaning aloqasi ko'rsatilgan edi", - dedi u.

Prezident Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan gaplashmoqda, 23-oktabr, 2018-yil.
Prezident Donald Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan gaplashmoqda, 23-oktabr, 2018-yil.

Inson huquqlari omili

Yana bir respublikachi senator Joni Ernst masalani chuqurroq o'rganish tarafdori.

"Inson huquqlari, qonun ustuvorligi masalalariga kelganda, biz juda kuchli davlatmiz. Agar valiahd shahzoda bu qotillikka aralashganini ko'rsatuvchi dalillar bo'lsa, biz, shubhasiz, qattiqroq chora ko'rishimiz kerak", - dedi u.

Tramp tanqidchisi sifatida tanilgan nebraskalik respublikachi senator Ben Sesning aytishicha, Saudiya bilan hamkorlik zarurligi boshqa narsa; haqiqatni ayta olmasdan zaif ko'rinish esa yana bir boshqa masala.

Muhammad bin Salmon xorijda kimnidir o'ldirishga hissa qo'shyapti va buni jiddiy olmaslik zaiflikdan boshqa narsa emas, dedi u.

"Qudrat bu qiyin bo'lganda ham haqiqatni ayta olishdir", - deya qo'shimcha qildi senator Ses.

Nebraskalik respublikachi senator Ben Ses
Nebraskalik respublikachi senator Ben Ses

Bir necha qonunchi Qoshiqchining o'limi ortidan Saudiya Arabistoniga qarshi sanksiya qo'llashga chaqirmoqda. Tramp bayonotida har qanday taklifni ko'rib chiqishini, lekin ular Amerika xavfsizligiga mos bo'lgan taqdirdagina amalga oshishini aytgan edi.

"AQShdan so'ng Saudiya Arabistoni dunyodagi eng ko'p neft ishlab chiqaruvchi mamlakat hisoblanadi. Ular biz bilan yaqindan ishlagan va har doim neft narxini me'yorda ushlab turish haqidagi iltimoslarimga ijobiy javob qaytarishgan. Bu dunyo uchun juda muhim. AQSh prezidenti sifatida mening maqsadim bu xavfli dunyoda AQSh manfaatlarini himoya qilish va bizga zarar yetkazmoqchi bo'lgan mamlakatlarga keskin qarshi chiqish. Sodda qilib aytganda, bu "Amerika birinchi" degani", - dedi AQSh rahbari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG