Breaking News

Xitoy bilan savdo urushi Amerikaga qimmatga tushmoqda


Alyuminiy bankalarda savdosi chaqqon pivolar.

Tramp ma’muriyati po’lat va alyuminiy importiga yuqori tariflar belgilagan. Ushbu chora mahalliy sanoatni himoya qilish, ish o’rinlarini saqlab qolish va ko’paytirish maqsadida joriy etilgan. Biroq u AQSh iqtisodiyotining boshqa sektorlariga zarar yetkazmoqda. Ular orasida pivo ishlab chiqarish sanoati ham bor.

Den Ket 2016-yil “Good City” pivo zavodini ochganda Tramp ma’muriyati va Xitoy o’rtasida savdo urushi bo’lishini kutmagan edi.

“Biz bunday ma’muriyat bo’lishini ham o’ylamagan edik”, - deydi u.

Ket pivoni konservalash muammosiga duch kelishi mumkinligini tasavvur ham qilmagan.

“Mahsulotlarimizni konservalashni reja qilganmiz. Tariflarning eng ko’p xarajat ketadigan qadoqlash materiallariga ta’sir qilishini o’ylamaganmiz”, - deydi u.

Ket alyuminiy bankalardan foydalanadi. Ularning 30 foizi xorijdan, asosan, Xitoydan, keltiriladi. Alyuminiyga 10 foizlik tarif joriy qilingan.

“Alyuminiy narxi oshgan. Har olganimizda 215 ming dona alyuminiy banka xarid qilamiz”, - deydi Ket.

Bankalar uch oyga yetadi.

“Xarajatning bir sentga ko’payishi narxning 15 foizga oshishini anglatadi. Qadoqlash materiallari uchun katta pul ajratamiz. 2019-yilda xarajatlarimizning yanada ortishi kutilmoqda”, - deydi tadbirkor.

“Tariflar amerikaliklarga qo’shimcha soliq yuklaydi. Po’lat va alyuminiyga tariflar joriy qilish bilan ularning AQShdagi narxi ham ko’tariladi”, - deydi Brayn Kyul.

Brayn Kyul fermerlar uyushmasining ijrochi direktori. Uning guruhi tariflarga qarshi faol kurashib keladi. Prezident Tramp tariflar samara beradi deb ishonadi.

“Xitoyning savdo amaliyotini cheklash bilan tarixiy qadam qo’yildi. Bu o’z samarasini beradi: Xitoydan milliardlab dollar soliq kirib keladi. Bunaqasi avval bo’lmagan. Ular murosaga erishmoqchi. Bu yaxshi. Xitoy va uning rahbari menga yoqadi. Adolatli kelishuvga erisha olamiz deb umid qilaman”, - deydi prezident.

“Xitoy bilan joriy savdo urushi to’g’ri yo’nalishda ketayotgani yo’q. Bizningcha, u Amerika ishlab chiqaruvchilari va fermerlarining chiqimlarini oshirib, eksport imkoniyatlarini kamaytiradi. Xorijiy bozorlarda raqobat qilish qobiliyatimizga jiddiy ta’sir qiladi”, - deydi Brayn Kyul.

Ket eksport qilmaydi. Biroq alyuminiy bankalar bilan birga pivo tayyorlaydigan uskuna uchun po’latni xorijdan sotib oladi.

“Biz Xitoydan uskuna va zanglamaydigan po’lat sotib olamiz. Muntazam o’sish va ishlab chiqarish hajmini orttirishga intilar ekanmiz, bu bizda xavotir uyg’otadi. Har qanday metallga jiddiy ehtiyoj sezilmoqda. Odamlar imtiyozli narxlarni talab qilishadi”, - deydi u.

Ket kompaniyasining tariflar ta’siriga qaramay o’sishda davom etishini aytadi. Biroq u so’nggi chora sifatida pivo narxlarini oshirishga majbur bo’lishidan avval AQSh va Xitoy savdo sohasida kelishuvga erishadi deb umid qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG