Breaking News

Afg'oniston bo'yicha keng qamrovli AQSh missiyasi ish boshlaydi


AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod

AQShning Afg’onistonda tinchlik o’rnatish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod joriy yilning 2 - 20-dekabr oralig’ida belgilangan missiya doirasida Pokiston, Afg’oniston, Rossiya, O’zbekiston, Turkmaniston, Belgiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga boradi. Elchining ilk muzokaralari Islomobodda 4-dekabr sanasidan boshlanadi. Halilzod Afg’oniston hukumati va boshqa manfaatdor tomonlar vakillari bilan uchrashib, ularni Afg’onistonda tinchlikka erishish jarayonini qo’llab-quvvatlash va ushbu jarayonda faol ishtirok etishga chaqiradi. Muzokaralardan ko’zlangan asosiy maqsad afg’on xalqining o’z xohish-irodasiga binoan mamlakat taqdirni mustaqil hal qilishiga imkoniyat yaratishdir.

Maxsus elchi, shuningdek, Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani, ijro hokimiyati boshqaruvchisi Abdulla Abdulla va boshqa manfaatdor tomonlar bilan Tolibon bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokaralarga erishishda yaqindan hamkorlik qilish borasida suhbat olib boradi.

Halilzod Afg’onistonga amalga oshirgan so’nggi tashrifi chog’ida fuqarolik jamiyati va tinchlikka erishish harakatlarining faol a'zolari, OAV vakillari, hukumat va nohukumat rasmiylari bilan uchrashgan edi. Elchi o’z nutqida mamlakatda barqaror tinchlikka erishish jarayonida barcha afg’onistonliklar o’z so’zini aytishi kerakligiga alohida urg’u bergan. AQSh afg’on xalqining tinchlikka erishishga intilishlarini qo’llab-quvvatlashda sobitqadam. Shuningdek, Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasida siyosiy muvozanatga erishishda hamkorlik qilib, mamlakat hududining kelajakda takror xalqaro terrorizm o’chog’iga aylanishiga yo’l qo’ymaslik borasida hamkorlikni davom ettiradi.

Ayni damda, AQSh Prezidenti Donald Tramp Pokiston Bosh vaziri Imron Xonga maktub yo’llab, Tolibonni tinchlik muzokaralariga jalb etishda Islomobodni hamkorlik qilishga da’vat etgan.

Imron Xon bir guruh jurnalistlarga 3-dekabr sanasida Vashingtondan maktub olgani va Afg’onistonda tinchlikka erishish yo’lida Pokiston barcha imkoniyatlarini safarbar qilishini bildirgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Muhammad Faysal mazkur mavzu tafsilotlari bilan rasmiy bayonot berdi.

“AQSh Prezidenti Donald Tramp Bosh vazir Imron Xonga yo’llagan maktubida ushbu mintaqadagi ustuvor maqsadi Afg’oniston urushiga muzokaralar yo’li bilan yakun yashashdan iborat ekanini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan, Pokistonning dastagi va faol ishtiroki so’ralgan”, - deyiladi bayonotda.

Faysalning aytishicha, Prezident Tramp maktubda afg’on urushi AQSh va Pokistonning ham katta yo’qotishlariga sabab bo’lganini yozgan. Shuningdek, Amerika rahbari ikki davlat “birga ishlash va hamkorlikning yangi bosqichiga erishish yo’llarini topishi lozim”ligiga alohida e’tibor qaratgan.

“Pokiston Afg’oniston urushini yakunlash bo’yicha siyosiy yechimga erishishni muntazam qo’llab-quvvatlab keladi. Shunday ekan, AQShning taklifini mamnuniyat bilan qabul qiladi. Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish har doimgiday umumiy mas’uliyatimiz bo’lib qoladi”, - deydi Faysal.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG