Breaking News

Amerika noqonuniy muhojirning boshini silamaydi


Immigrant oila a'zolari ajratilish arafasida. Texas shtati, 17-iyun, 2018.

Amerikada hibsda saqlanayotgan noqonuniy immirgantlar soni ortib bormoqda. Yuridik himoya bilan ta’minlanmayotgan muhojirlar hibsda avvalgidan ham uzoqroq vaqt qolib ketmoqda. Immigrantlarni himoya qilish guruhining hisobotida ana shunday xulosa qilingan. Noqonuniy muhojirlarni hibsga olish holati Prezident Donald Tramp ma’muriyati davrida kuchaygan.

Hibsda saqlanayotgan immigrantlarning kundalik miqdori 1994-yilda yetti mingga yaqin bo’lgan. Joriy yilda bu ko’rsatkich 44 mingga yetdi.

Tramp ma’muriyatining qatiqqo’l siyosati raqamlarni keskin oshirib yubordi.

Ichki xavfsizlik vaziri Kirsten Nilsen ma’muriyatning immigratsion siyosatini tushuntirar ekan, mamlakatga noqonuniy kirganlarni hibsga olish, javobgarlikka tortish va vataniga qaytarish asosli, deydi.

“Qonunga ko’ra, ishlash istagi boshpana uchun sabab emas”, - deydi Nilsen.

Biroq Amerika Immigratsiya kengashi mazkur siyosat inson huquqlarini poymol qilish holatlarini ko’paytirib yubordi deb hisoblaydi. Oila a’zolarini majburan ajratib qo’yish, hibsxonalardagi ayanchli sharoit, advokat bilan ta’minlamaslik asosiy muammolardan.

“Biz har bir hibsxonadagi har bir shaxsning asosiy huquqlari va minimal yuridik himoyasi ta’minlanishini talab qilayapmiz”, - deydi Kengash vakili Ketrin Sheferd.

Joriy yil avvalida Prezident Tramp chegaradan noqonuniy o’tganlarga jinoiy jazo qo’llash tartibini tatbiq qilgan edi. Bolalar hibsda ota-onalaridan ajratib qo’yiladigan bo’ldi. Jamoatchilik bosimi bilan Tramp bunga nuqta qo’ydi.

Avval boshpana istab murojaat qilganlarga sud kuniga qadar ozodlikda qolishiga imkon berilar edi. Biroq Tramp ma’muriyati ularning ishi ko’rib chiqilgunga qadar hibsda ushlab turilishini talab qilmoqda.

Nigeriyalik Edafe Okporo 2017-yilda boshpana so’rab ariza berganida besh oy hibsda saqlangan. O’z vatanidagi adolatsiz muhitdan qochib kelgan Okporo tartib-qoidalardan ajablangan.

“Hibsga olinganimni aytishdi. Avvaliga Nigeriyaga qaytmoqchi bo’ldim. Men muqaddam sudlanmagan odamman. Nima uchun meni qamashlari kerak? Vaziyatdan karaxt bo’lib qoldim”, - deydi Okporo.

Immigratsiya Kengashi qonuniy asosda boshpana so’raganlarni hibsda saqlash zaruriyati yo’q deb hisoblaydi.

“Hibsdagilarning aksariyati jamiyat uchun xavf tug’dirmaydi. Ular sud kuniga qadar yashash joyiga egaligini va belgilangan kun qaytib kela olishlarini ko’rsatib bergan”, - deydi Ketrin Sheferd.

Immigratsiya kengashi taqdim etgan ma’lumotlarga ko’ra, muhojirlarni hibsga olish jarayonida jamoatchilikka hisobot berish va shaffoflik yetishmaydi. Ayniqsa, xususiy hibsxonalardagi og’ir va xavfli sharoitdan arz qilingan. Tanqidchilarga ko’ra, tibbiy yordam xarajatlari qisqartirilib, ko’proq daromad olish maqsadida hibs muddati uzaytirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG