Breaking News

Ostonasi tillo Alyaska


Xaritada Alyaska shtati

Alyaska shtatining Nom shahri o’tmishda oltin talvasasida kelganlar bilan gavjum bo’lgan. Shahar 20 mingdan ziyod aholiga ega edi. Endilikda to’rt mingga yaqin kishi yashaydigan Nomda oltin sanoati to’xtab qolgan. Biroq hanuz oltin topish ilinjida keladigan odamlar ham topiladi.

Alyaskaning Nom shahridan bir soat narida, tundrada uch zang bosgan lokomotiv uchraydi. Mahalliy aholi ularni “manzilsiz poyezd” deb ataydi. Oltin talvasasi davri yakun topgan XX-asr boshlarida shaharlarni temir yo’l orqali bog’lash rejasi ham barbod bo’lgan. Biroq qimmatbaho metal izlab keluvchilar hali ham topiladi.

“Til bilan izohlash qiyin – ochlikda, sovuqda, omadsizlikda… rafiqang seni tashlab ketgan yoki umidsizlikda bo’lsang ham, suv ostida yaltiragan oltinni ko’rgach, kuylashni, raqsga tushishni boshlaysan, quvonasan. Butun olam bir lahzada o’zgarib ketadi”, - deydi konchi Yevgeniy.

Alyaskada yashash qimmat, Nom ham istisno emas. Xazina topmaguncha ko’pchilik palatkada yashaydi.

Rendi Xarper buvasini 1980-yillarda bu yerga nimalar boshlab kelganini o’z boshidan kechirishga qaror qildi. Atrofiga hamfikr odamlarni to’pladi. Suv tubidan oltin chiqarishga mo’ljallangan gidravlik mexanizmni ixtiro qildi. Bor bisotini sarfladi. Arzirli ishga pul tikdim degan umidda.

“Oltin talvasasida kelganlarning maqsadi bir xil bo’lgan. Yaxshi yashashga intilgan. To’g’ri yo’nalish tanlansa, harakatlar natija berishini bilishgan. Bu ishda g’olib bo’lish uchun og’ir mehnat va matonat lozim. Kelishim bilan boyib ketaman deb o’ylaganlar xato qiladi”, - deydi Xarper.

Xarper bu yerda oltin zaxirasi ko’p deb hisoblaydi. Oltindan mo’may daromad topsa, jamoasi bilan kurort zonasini ochmoqchi.

Ogi Kruch oilaviy kurort biznesini yuritadi. Avallari ular ham quyqalardan oltin ajratadigan mexanizm bilan ishlagan. Biroq metall narxlarining doimiy o’zgarishi boshqa imkoniyatlarni sinab ko’rishga sabab bo’ldi.

“Oltin narxi ko’tarilganda ish boshlagan edik. Uni topganimizda esa bir unsiya oltin 260 dollargacha tushib ketdi. Ro’zg’or tebratish yana avvalgiday mushkul bo’lib qoldi”, - deydi Kruch.

Ogi onasi Betti bilan kurort biznesini boshlashga qaror qildi. Dam olish maskani toza havo va mahalliy o’tmishga intilgan sayyohlar orasida mashhur bo’lib ketdi. Bu yerga tashlandiq konchilik uskunalarini tomosha qilishga kelishadi. Ayrimlar oltin qazib olish jarayonini his qilishni istaydi. Ogi ularga quyqalardan oltin zarralarini ajratib olishni ko’rsatadi.

Nomda hamma ham konchilik bilan band emas. Avval mexaniklik qilgan Saymon Ridjvey Bering daryosi sohillaridan topilgan shisha, metal va yog’ochlardan turli haykalchalar yasash bilan kun kechiradi.

“Daryo shishasi mening oltinim”, - deydi Ridjvey.

Nom shahri omad va omadsizliklar makoni. U hanuz oltin izlovchilarni jalb etmoqda. Biroq Ridjvey misolida ko’rish mumkinki, oltin har kim uchun har xil narsani anglatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG