Breaking News

AQShning Suriyadan chiqishi qanday o'zgarish yasaydi?


Turkiya dastaklayaotgan Suriya jangchilari Manbij hududiga yo'l olmoqda. 25-dekabr, 2018-yil.

AQSh harbiylari Suriyani tark etishi ma’lum bo’lgach, uning ichki va atrofidagi hududlarida o’z qo’shinlariga ega mamlakatlar strategiyalarini o’zgartirmoqda. O’zini xalifalik deb e’lon qilgan “Islomiy davlat” jangarilarining qolgan qismini Amerika ishtirokisiz yo’q qilish yo’llari ustida ishlamoqda.

Iste’foga chiqayotgan AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis 24-dekabr kuni mamlakat qo’shinlariga Suriyadan vatanga qaytish buyrug’ini bergan. Biroq rasmiy Amerikaning Suriyani tark etish qaroriga batafsil to’xtalmagan.

Turkiya rahbari Rajab Toyyip Erdog’anning matbuot kotibi joriy hafta oxirida bu davlat va AQShning mudofaa bo’yicha rasmiylari mintaqaning yaqin kelajagini muhokama qilish maqsadida uchrashishini ma’lum qildi.

Matbuot kotibi Ibrahim Kalinning aytishicha, muzokaralarda Amerika qo’shinlarining Suriyadan chiqib ketishi ortidan harbiy operatsiyalarni muvofiqlashtirish masalasi ko’rib chiqiladi. Kotib “Islomiy davlat”ga qarshi kurash aslo zaiflashmasligini ma’lum qilgan.

“Amerika rasmiylari Suriyadan qaytish jarayonini 30-60 yoki 60-100 kunga rejalashtirmoqda. Bu mintaqada kurashni davom ettiradigan kuchlarning muvofiqlashishi bilan bog’liq holda amalga oshiriladi”, - deydi Kalin.

Matbuot kotibi, shuningdek, Suriya kelajagi borasida Turkiya Rossiya bilan yaqindan hamkorlik qilish maqsadida ekanini bildirgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham buni tasdiqladi. Vazirlik saytida keltirilgan ma’lumotda Lavrov Suriya bo’yicha Rossiyaning Turkiya va Eron bilan hamkorlik qilishini bildirgan.

Prezident Trampning Suriyadan Amerika qo’shinlarini qaytarish to’g’risidagi kutilmagan qarori natijasida Vashingtonning urush zonasidagi asosiy ittifoqchilaridan bo’lgan kurd va arab jangchilaridan iborat Suriya Demokratik kuchlari ham Rossiya, Suriya va Eron bilan hamkorlik qilishga qaror qilgan.

“Agar Tramp o’z qarorini o’zgartirmasa, kurd xalqiga qarshi tahdidlar kuchayaversa, boshqalar bilan hamkorlik o’rnatishdan boshqa choramiz qolmaydi. Bu albatta noxush qaror bo’ladi, biroq Turkiya bosimidan yaxshiroq chora bo’lishi aniq”, - deydi “Amerika Ovozi”ga shaxsini ma’lum qilmaslik sharti bilan Suriyadagi kurdlar guruhi vakili.

AQSh qo’llab-quvvatlayotgan kuchlar hibsda saqlanayotgan yuzlab “Islomiy davlat” jangarilari taqdirini qanday hal qilish borasida ham ikkilanmoqda. Suriya Demokratik kuchlari rasmiylarining bildirishicha, hukumat bilan kelishuvga erishilmasa, mingdan ziyod jangarilar va ularning oilasini ozod qilishdan boshqa chora qolmaydi.

Suriya Demokratik kuchlari yetakchilari Moskvada Rossiya vakillari bilan muzokaralar olib borishga ulgurgan. Harakat yetakchilariga yaqin manbaning “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, AQSh mintaqani tark etgach, kurd-arab harakatiga oid ayrim hududlarni Rossiya qo’llab-quvvatlayotgan Suriya kuchlari egallaydi.

Biroq bu vaziyatda Turkiya bilan nizolar kelib chiqishi mumkin. Harakat AQSh tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga qaramay, Turkiya ularni Kurdiston Ishchilar partiyasi (PKK) bilan aloqador terrorchi guruh deb hisoblaydi. PKK Turkiyada uzoq yillardan beri kurdlarning haq-huquqlari va maqomi yuzasidan kurashib keladi.

Erdog’an 21-dekabr sanasida kurd harakatiga qarshi rejalashtirilgan harbiy operatsiyalarni to’xtatishini e’lon qilgan edi. Biroq kampaniya yaqin oylarda davom etishini aytgan.

Ayni damda, Turkiya Suriya chegarasidagi hamda ichkarisidagi vositachi kuchlarining harbiy shayligini kuchaytirishga urinmoqda.

“Biz “Islomiy davlat”ning qolgan kuchlarini yo’q qilish mas’uliyatini Suriya hududidagi ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga topshiramiz”, - deydi AQSh ma’muriyati vakili “Amerika ovozi” bilan suhbatda.

Prezident Tramp “Islomiy davlat” taqdirini Suriya Demokratik kuchlari emas, Turkiya hal etishini aytgan edi.

Tramp o’zining “Twitter”dagi sahifasida Turkiyaning “Islomiy davlat” kuchlarini oxiriga qadar yo’q qilishga jiddiy tayyorgarlik ko’rayotgani va buning uddasidan chiqa olishini yozgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG