Breaking News

Suriya sharqiga arab davlatidan qo'shinlar safarbar etilgan


Dayr-uz-Zur, Suriya

Suriyadagi voqealarni Britaniyadan turib yoritayotgan "Suriya inson huquqlari observatoriyasi" guruhining bildirishicha, bir necha kun burun Suriya sharqidagi Dayr-uz-Zur viloyatiga arab mamlakatidan qo'shinlar kirgan.

Askar yuborgan mamlakat nomi tilga olinmagan, biroq guruh bergan ma'lumotga ko'ra, u AQSh yetakchiligidagi harbiy koalitsiyaga a'zo.

"Manbalarimiz bu qo'shinlarni Furot daryosining "Islomiy davlat" jangari to'dasi faol sharqiy sohiliga yaqin hududda ko'rishgan", - deydi guruh rahbari Rami Abdulrahmon.

Unga ko'ra, askarlar Forz ko'rfazida joylashgan arab mamlakatlarining biridan bo'lishi mumkin.

So'nggi oylarda kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlari (SDK) askarlari AQSh koalitsiyasi yordamida mamlakat sharqida Daishga qarshi jang qilmoqda. Yirik hududlar ozod etilgan, ammo daryo bo'yidagi bir nechta posyolkalar hamon jangarilar qo'lida.

SDK vakillari hududga arab qo'shinlari safarbar etilgani haqidagi xabarlarni izohlashdan bosh tortmoqda.

AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, ayni damda Suriyada Amerikaning 2000 harbiysi xizmat qilmoqda.

AQSh rasmiylari "Islomiy davlat" yakson etilmaguncha va Eron Suriyani tark etmaguncha, amerikalik qo'shinlar mamlakatdan ketmasligini aytib keladi.

Eron Suriya mojarosida eng boshidan Prezident Bashar Assad tomonida, uning qurollangan raqiblariga qarshi kurashda rasmiy Damashqni qo'llab-quvvatlab keladi.

Qo'shma Shtatlarning Suriya bo'yicha maxsus elchisi Jeyms Jeffrining aytishicha, Eron Suriya mojarosiga aralashuvi tufayli Yaqin Sharqda ta'sirini kuchaytirmoqchi.

“Eron Suriyada uzoq masofali raketa hamda havo mudofaasi tizimlarini o'rnatgan, biroq buning Assad rejimini muxolifatdan himoya qilishga aloqasi yo'q, u shunchaki qudratini yoymoqchi", - deydi elchi Jeffri.

AQShning Fors ko'rfazidagi Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kabi ittifoqchilari ham Eronning Suriya, Yaman va boshqa hududlardagi faoliyatiga qarshi.

Suriya sharqiga arab qo'shinlarining safarbar etilishi qisman Eron harakatlariga to'siq qo'yishga qaratilgan bo'lishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Yaqin Sharq bo'yicha mutaxassis Jonatan Spayerning aytishicha, AQSh Eron qo'shinlarini Suriyadan haydamaguncha o'zi ham askarlarini chiqarmaydi.

Spayer Suriyaga borgan arab qo'shinlari sharqiy hududlarda yashovchi arab va kurd aholisi o'rtasidagi etnik ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda. Dayr-uz-Zur va Raqqa aholisining aksariyatini arablar tashkil etadi, kurdlar ozchilikda.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tadqiqotchisi Aleks Vatanka nazarida, Suriyada xorijiy qo'shinlarning ko'payayotgani usiz ham murakkab vaziyatni chigallashtiradi.

“Bu yangi qo'shinlarning qaysi mamlakatdan ekanini, maqsadi nimaligini bilmasdan turib vaziyatni bashorat qilish qiyin", - deydi u.

Ba'zilar esa arab qo'shinlarining Suriya sharqiga safarbar etilganini Turkiya va kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlari o'rtasidagi ziddiyat bilan bog'laydi.

“Agar amerikaliklarning SDKni qo'llab-quvvatlashga kuchi yetmayotgan bo'lsa, ularning arab ittifoqchilari "mana biz bormiz" deb, Turkiyaga ishora qilmoqchi", - deydi maltalik harbiy tahlilchi Babak Tag'vai.

Turkiya qo'lga qurol olgan kurdlarni o'ziga tahdid den biladi. So'nggi haftalarda Anqara suriyalik kurd qismlarini Turkiya bilan Suriya o'rtasidagi hududlarda nishonga olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG