Breaking News

Kelajak janglari: AQSh armiyasini robotlar bilan to'ldirmoqchi


AQSh bombalarni zararsizlantiruvchi mashinalarni ishlatishni boshlaganiga bir necha o'n yillar bo'ldi. Harbiy texnikalar o'rnini endi aqlli robotlar armiyasi egallashi mumkin.

Sun'iy idrok jang maydonlariga ham kirib kelmoqda. Robotlarning yangi avlodi endi askarlar yoki bombalarni zararsizlantirish vazifasini bajarishi mumkin.

Mana bu texnika 450 kilogramgacha yuk ko'tarib, askarlar og'irini yengil qiladi.

"Agar yuklarini boshqa narsa ko'tarib yursa, biror narsa yuz berganda askarlarning dushmanlarga javob berishi tez bo'ladi. Yuksiz jang qilish yengil bo'ladi", - deydi podpolkovnik Jonatan Bodenxemer.

Bu robotlar suvda ham harakatlanadi.

Muz va to'siqlardan o'tib, hatto quvurlar ichida ham yuradi. Ular inson hayotini hal qilishi mumkin.

"Askarlarni xavfdan uzoq saqlasangiz yoki xavfli vaziyatlar orasini uzoqlashtirsangiz, odamlar hayotini saqlayotgan bo'lasiz", - deydi robotlar bilan ishlovchi kompaniya rahbari Shon Bilet.

AQSh armiyasi qo'shimcha 5000 robotni ishga tushirishni ko'zlayapti. Rossiya va Xitoy bu borada AQShni ortda qoldirishi mumkin, degan xavotirlar bor.

"Raqiblarimiz ularni ishlatishning turli yo'llarini o'rganayotganidan xabarimiz bor. Uzoq muddatda dushmanlarimizdan ustunligimizni saqlab qolish uchun biz ham shunday qilishimiz kerak", - deydi Bodenxemer.

Bu sohada ishlayotgan startaplar soni oshib bormoqda.

"Endeavour Robotics" 500 million dollarlik hukumat tenderini qo'lga kiritish uchun kurashayotgan ikki kompaniyadan biri. Ular askarning ryukzagiga sig'adigan mitti robotlarni yasash harakatida.

"Odatda, askarlar qiladigan ishni robotlarga topshirish orqali jangovarlikni bir necha karra oshirasiz", - deydi Shon Bilet.

Bu texnika hali inson o'rnini bosa olmaydi. Hozircha ular jangda askarlarga yordamchilik qiladi.

Robotlar murakkablashib borar ekan, huquqiy va etikaga oid savollar ham o'rtaga chiqmoqda.

"Jang maydonlarida robotlar ko'payib borar ekan, shunday xavotirlar paydo bo'ladi. Ular nima qila olishi haqida emas, balki nima qilishi kerakligi yoki biror noto'g'ri ish qilib qo'ysa, bunga kim javobgar bo'lishi haqida", - deydi urush bo'yicha ekspert Piter Singer.

Bu savollarning javobi hali aniq emas, ammo robotlarning kelajak janglarida qatnashishi muqarrar ko'rinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG