Breaking News

Ukraina: Rossiya Ukrainaga urush e'lon qilishi mumkin


Rossiya rahbari mamlakat aholisiga bayram tabrigini yo'llamoqda. Moskva. 31-dekabr, 2018.

Ukraina Rossiyani "Yangi yil tinchlik sulhi" va Minsk shartnomasini buzganlikda ayblamoqda. Rossiya kuchlari ehtimoldagi jang uchun shay holga keltirilgan.

Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Rossiya o’zaro nizolarni kuchaytirishi mumkin. Moskva Qrim orqali Ukrainaga harbiy hujum qilish ehtimoli bor, deydi diplomatlar.

Ukrainaning Donbass hududida Moskva dastaklayotgan separatist guruhlar ikki davlat o’rtasida tuzilgan “Yangi yil sulhi”ni buzganlikda ayblanmoqda. Separatistlar hujumlarda Minsk tinchlik bitimida taqiqlangan og’ir kalibrli qurollardan foydalangan.

2014-yilda Rossiya hududiga qo’shib olingan Qrim yarimoroli va Ukraina tasarrufidagi hududlar tomon rus harbiy qismlarining harakatlanayotgani kuzatilgan. Qrim aerodromiga Rossiyaning qiruvchi samolyotlari joylashtirilgan. Bu haqda Vashingtonda joylashgan Urushlarni o’rganish Instituti tahlil markazi xabar bergan.

“Rossiya Qrim va sharqiy chegaralar orqali Ukrainaga qarshi ehtimoliy janglarga harbiy qismlarini tayyorlashda davom etmoqda. Harbiy operatsiyalar qisqa fursatlarda amalga oshirilishi mumkin”, - deyiladi markaz axborotida.

Ayrim tahlilchilar bu harakatlarni real urush uchun emas, aksincha G’arbni o’ylashga majbur qilish uchun ishlatilayotgan nayrang deb baholaydi.

“O’ta mavhum vaziyat. Putin Ukraina va G’arbni Rossiyaning nimalarga qodir ekanini xususida o’ylashga majbur qilmoqchi yoki yangi yil avvalida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan yana bir sammit tashkil etishni ko’zlamoqda”, - deydi Yevropa mudofaasining yuqori martabali rasmiylaridan biri.

Rossiya harbiylari tomonidan qo'lga olingan Ukraina kemalaridan biri. Kerch, Qrim. 25-noayabr, 2018
Rossiya harbiylari tomonidan qo'lga olingan Ukraina kemalaridan biri. Kerch, Qrim. 25-noayabr, 2018

Ikki davlat o’rtasidagi tanglik o’tgan yilning 25-noyabrida Qora dengizning Qrimga yaqin xalqaro suv hududida Rossiya qirg’oq qo’shinlari tomonidan Ukrainaning uch kemasi ushlangani ortidan kuchaygan.

Rossiya bosqinidan himoyalanish maqsadida tuzilgan Ukraina-Qo’shma kuchlar qo’mondonligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 31-dekabr oqshomida mamlakatga 120 millimetrli snaryadlar vositasida hujum uyushtirilgan.

Ukrainaning Mariupol port shahri
Ukrainaning Mariupol port shahri

2015-yilda imzolangan Minsk shartnomasiga muvofiq, 100 millimetrdan yuqori kalibrli qurollardan foydalanish taqiqlangan. Matbuot xizmatining bildirishicha, Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning Mariupol port shahri yaqinida 82 millimetrli minomyotlardan foydalanib hujum uyushtirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG