Breaking News

Vashingtonda ko'rgazma: ranglar jilosida yurak urishi


Vashingtondagi Hirshhorn muzeyi

Bir daqiqa tin oling va yuragingizga quloq tuting. Uni eshityapsizmi? Balki eshitmassiz, lekin yuragingiz urayotganini bilasiz. Endi yuragingiz ovozini ranglarda tasavvur qiling, ranglar jilosidagi raqsini. Vashingtondagi Hirshhorn muzeyida "Puls" nomli interaktiv ko'rgazma ochildi. Unda siz yuragingiz urishini o'ziga xos uslubda tomosha qilishingiz mumkin.

Eshitishdan oldin ko'rasiz. Bu yuragingiz. Uning ritmiga ranglar raqs tushadi.

Sensorlarni ushlashingiz bilan eng yaqindagi lampochka porlaydi. Yuragingiz sizdan oldin bu yerga kelgan boshqa yuzlab odamlar yuragiga jo'r bo'ladi.

Bu - Puls. Vashingtondagi Hirshhorn muzeyida ochilgan interaktiv ko'rgazma.

Biometrik ma'lumotlar shipdan 3 metr pastda osilib turadigan lampochkalarga uzatiladi. Stefan Aken muzey kuratori.

"Bu o'zidan nur taratuvchi chiroq. Yurak urish ritmiga mos tarzda o'chib yonadi", - deydi u.

Keyingi xonada barmoq sensorlari, raqamli mikroskop va yurak monitori joylashgan. Proyektor orqali barmoq izlari butun galereya devorlarida ko'rinadi. Yurak urishini ko'rsatuvchi to'lqinlar ham namoyish etiladi.

Uchinchi xonada esa yurak urishi suv to'lqinlarida aks etadi. To'lqinlar hayotdagidek sekinlab, ohista to'xtaguncha tebranadi.

Kop'rgazmaga yurak va san'atga birdek oshufta insonlar ham kelib turadi.

Kardiolog Syuzen Bennetga ko'ra, ko'rgazma faqat san'atdangina iborat emas.

"Agar bu yerga yurak urishi beqaror odamni olib kelib, menga shu ko'rgazma orqali yuragini ko'rib bering, desangiz, undagi xastalikni aytib bera olaman", - deydi u.

Birinchi xonaga qaytamiz. Yurak urishi davom etadi. Yangi odam kirar ekan, sizniki keyingi lampochkaga o'tadi.

211-yurak yozilishi bilan, sizniki g'oyib bo'ladi. G'oya mualliflarining aytishicha, bu inson umri naqadar qisqaligini eslatib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG