Breaking News

Keniyadagi xuruj "Al-Shabab" hanuz kuchdan qolmaganini ko'rsatdi


Terrorchilik xuruji amalga oshirilgan mehmonxona oldi, Nayrobi, Keniya, 15-yanvar, 2019-yil.

15-yanvar kuni Keniya poytaxti Nayrobidagi mehmonxonada yuz bergan portlashda 14 kishi, jumladan, bir amerikalik halok bo'lgan. Xuruj uchun mas'uliyatnii "Al-Shabab" terrorchi guruhi o'z zimmasiga oldi.

Ekspertlarga ko’ra, hujum guruh hanuz katta xurujlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega ekanini ko'rsatadi. "Al-Shabab" Sharqiy Afrikada AQSh dastaklayotgan kuchlarga qarshi uzoq yillardan beri kurashib keladi.

AQSh rasmiylari tahliliga ko'ra, Nairobidagi "Dusit D2" mehmonxonasiga uyushtirilgan hujumda guruh an’anaviy taktikasidan foydalangan: avvalo, bomba portlatilib, so'ng xudkushlik hujumi amalga oshirilgan. Lekin bu guruhning qayta kuch olayotganini anglatmadi, deydi ekspertlar. Aksincha, u og’ir sharoitlarda ham yashab qolishini ko'rsatdi, deydi Amerika rasmiylari.

AQShning Afrika qo’mondonligi so'zlovchisi Karl Vistning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, "Al-Shabab" tinch aholiga hujum qilish bilan Amerikaning Afrikadagi ittifoqchilari bilan hamkorligini zaiflashtirishga urinmoqda.

“Ushbu ekstremistlar guruhi Sharqiy Afrikada Islomiy davlat tuzishga intilmoqda. Ular mintaqada G’arb ta’siri va qurolli kuchlarini tugatishni istaydi. Jihod dasturini olg’a surish uchun kurashadi”, - deydi Vist.

"Al-Shabab" hujum AQSh Prezidenti Donald Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olish qaroriga javoban amalga oshirilganini e’lon qildi.

“Sionistlar va salibchilar butun dunyo elchixonalarini Quddusga ko’chirsa ham, hech qanday shartlarsiz va murosasiz, bu muqaddas tuproq musulmonlarning panohgohi bo’lib qolaveradi. Quddus hech qachon yahudiylarniki bo’lmaydi”, - deyiladi guruh bayonotida.

"Al-Shabab" 2006-yilda Al-Qoidaning bir tarmog’i sifatida tuzilgan. Harakat Efiopiyaning Somalidagi bosiqiniga qarshi kurashgan. Mintaqadagi beqarorlik harakatning kuchayishiga imkon yaratgan. Natijada guruh qo’shni Keniya, Yaman, Tanzaniya va Mozambikka qadar kengaygan.

​Vistning ma’lum qilishicha, "Al-Shabab"ning tayanch markazi Somali bo'lib, guruh tarkibida 3000 dan 7000 gacha jangari bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG