Breaking News

O'zbekiston-Germaniya: aloqalarda yangi sahifa


Oʻzbekiston hukumatiga ko'ra, Berlindagi biznes-forumda Germaniya xususiy sektori bilan 8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalar borasida kelishilgan, lekin tafsilotlar berilmagan.

O’zbekiston rahbari kecha va bugun Berlinda bo'lib, Germaniya rahbarlari bilan muloqot qildi. Bu safardagi keyingi manzil - Myunxen. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kechqurun vatandosh yoshlar bilan qisqa ko'rishib, ularni ona yurtga qaytib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo’shishga chaqirdi.

21-yanvar kuni Mirziyoyev Germaniya prezidenti Frank-Volter Shtaynmayer bilan uchrashdi. Muzokaralarda asosan BMT va YXHT doirasida yaqindan ishlash, Markaziy Osiyo-Germaniya formatida dialog boshlash va ilmiy-ta’limiy hamkorlik xususida gap ketgan.

Keyin Mirziyoyev Germaniya kansleri Angela Merkel va boshqa rasmiylar bilan so’zlashdi.

Tomonlar ishonchli sherik bo'lib, hamkorlikni kengaytirishga so'z berdi. Rahbarlar nazarida davlatlar orasida yangi sahifa ochilmoqda.

Kansler Merkel, Prezident Shtaynmayer va boshqa rasmiylar bilan muloqotda xalqaro hamjamiyatda birgalikda harakat qilish, xususan BMT, Yevropa Ittifoqi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida yaqindan ishlash, iqtisodiy-siyosiy va ilmiy-texnologik sohalarda qo'shma loyihalar boshlash hamda O'zbekistonni islohotlar jarayonida quvvatlash haqida gap ketgan. O'zbekistonda nemis tilini o'qitish kengayishi kutilmoqda.

Afg'onistonda tinchlikka erishish hamda Markaziy Osiyo integratsiyasi yo'lida ham Germaniya yaqin hamkor bo'lishini bayon etgan.

Berlindagi uchrashuvlarda Oʻzbekistonda inson huquqlari va demokratik qadriyatlar, davlat boshqaruvida oshkoralik, korrupsiyaga qarshi kurash haqida ham gaplashilgan. Nemis rasmiylari bu borada o'z prinsip va takliflarini bildirgan.

Oʻzbekiston hukumatiga ko'ra, prezident tashrifi arafasida oʻtgan biznes-forumda 8 milliard yevrodan ziyod qiymatdagi yangi loyihalar borasida kelishilgan, lekin tafsilotlar berilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG