Breaking News

"Tashkent city" loyihasi ortida kim turibdi?


"Tashkent City" maketi
"Tashkent City" maketi

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylov kampaniyasi paytida olg’a surgan yirik qurilish loyihasi "Tashkent City" korrupsiyaga doir shubhalar ostida qolgan. Hukumat buyurtmasiga ko’ra tiklanayotgan loyiha ortida hokimiyatdagi guruhlar turgani ta’kidlanmoqda.

Loyiha qurilishida ishtirok etayotgan shirkatlardan biri Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevga tegishli ko’p tarmoqli Akfa kompaniyasi; loyihani moliyalashtirayotgan boshqa investorlar kimligi jamoatchilikka noma’lum.

"Tashkent City" hukumat hisobiga emas, xususiy investorlar mablag’i evaziga qurilayotgan mamlakatdagi dastlabki yirik loyiha. Poytaxtning eski shahar qismidagi 80 gektarli hududda barpo etilayotgan bu loyihani Shavkat Mirzyoyev prezidentlik saylov kampaniyasi doirasida taqdim etgan edi.

Bugun Tashkent City qurilishi jadal davom etmoqda; loyiha doirasidagi ayrim obyektlar, turar joylar sotuvga qo’yilgan.

Ammo qiymati, investorlari noma’lum qolayotgan bu yirik qurilish loyihasi ortida kimlar turgani savol ostida.

Britaniyadagi "Open Democracy" tashkiloti bu boradagi o’z tadqiqotida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo’jayevga tegishli “Akfa”, bu kompaniya bilan bog’liq shirkatlar loyiha doirasida bir nechta yirik bitimlarga egalik qilayotganiga diqqat qaratadi.

Ortiqxo’jayevning o’zi Toshkentda o’tkazilgan matbuot anjumanida “Akfa” kompaniyasiga egalik qilishni inkor etmagan.

Hokimga ko’ra, loyihaga xorijlik investorlar qiziqish bildirmagan, shaxsan uning o’zi 700 dan oshiq investor bilan uchrashgan, ulardan rad javobini olgan.
Ortiqxo’jayev ma’lumotlariga tayanilsa, "Tashkent City" qurilishini mahalliy kompaniyalar bajarmoqda, pudratchimi yoki investor maqomidami, noma’lum.

Loyihadagi shirkatlarning aksariyati xorijda ro’yxatdan o’tkazilgan, ayrimlari loyiha ish boshlashi davomida.

O’zbekiston bilan bog’liq yirik korrupsiyaviy mojarolar bo’yicha surishtiruv o’tkazib kelayotgan faollardan biri Safar Bekjonga ko’ra, "Tashkent City" ortida hokimiyat doirasidagi guruhlar turibdi.

“Prezident Mirziyoyevning bu pulni qayerdan olding deb so’ramayman, degan va’dasidan so’ng, g’oyibdan bu loyihaga mablag’ kelib tushmoqda. Bu pullar hujjatsiz, qurilishda ishlatilsagina oqlanishi mumkin bo’lgan mablag’lar, zavod-fabrika qurib bu mablag’ni oqlash qiyin. Menga aytishlaricha, noma’lum odamlar allaqachon bu loyihadagi obyektlarni sotib olishgan. Ortiqxo’jayevning shirkatlari bu yerda qurilish ishlarini bajaryapti; ularga kim, qayerdan to’layotganini hech kim surishtirayotgani yo’q. Bu yerda chet el ahamiyati shundaki, loyiha bitganidan keyin, foyda ko’ruvchi shirkat yana chet elda bo’ladi, pul yuvishning ikkinchi qismi boshlanadi”, - deydi Safar Bekjon.

Loyihada qatnashayotgan bir necha shirkatlar Angliya, Germaniya va boshqa davlatlarda ro’yxatdan o’tkazilgan. "Tashkent City" uchun ro’yxatdan o’tgan bu shirkatlar kimligi noma’lum o’zbekistonliklarga tegishli deb ko’riladi.

Toshkent shahar hokimiyati o’tkazgan matbuot anjumanida loyihadagi shirkatlar bo’yicha savollarga ham javob berilgan. Hokimiyat vakiliga ko’ra, shirkatlarning yaqinda ro’yxatdan o’tkazilgani jinoiy holatdan darak emas.
Safar Bekjonning aytishicha, "Tashkent City"ning qanday tizim, qanday mablag’lar evaziga bunyod etilishi boshidanoq hokimiyatga yaxshi ma’lum bo’lgan, aynan shu bois ham unga tashqi investorlar qo’yilmagan.

“Sobiq ittifoq hududidagi yirik inshootlar asosan turk shirkatlari tomonidan qurildi. Men bu loyihaga qiziqish bildirgan turk shirkatlari bilan ham gaplashib ko’rdim, ularning aytishiga qaraganda investorga boshidanoq bajarish mumkin bo’lmagan talablar qo’yilgan. Bu loyiha ortida hokimiyat, davlat tizimidagi sobiq amaldorlar, shaxslar turibdi. Ular to’plagan noqonuniy mablag’larini shu orqali oqlab olishni rejalashtirgan”, - deydi Safar Bekjon.

"Tashkent City" loyihasi poytaxtda zamonaviy tijorat markazi, ko’ngilochar maskanlar, mehmonxona va turar-joylardan iborat majmua qurilishini nazarda tutadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG