Breaking News

Qirg’iziston tashqi siyosatda qanchalik mustaqil?


Qirg'izistonda xitoylarning ko'payib ketayotganiga qarshi o'tkazilgan namoyish, Bishkek, 2019-yil, 17-yanvar

Yil boshida Qirgʻiziston bir qator mamlakatlardagi elchilarini almashtirdi. Bu Rossiya, Xitoy va AQSh kabi yirik qudratlar bilan Qirgʻizistonning aloqasini yaxshilash va mamlakatning tashqi siyosatdagi oʻrnini kuchaytishga intilish deya baholanmoqda.

2018-yil Xitoydan Qirgʻizistonga keluvchi sarmoyalarning avvalgi yilga nisbatan ikki hissaga qisqargani, bir qator ommaviy axborot vositalarida xitoylarga qarshi kayfiyat deya yoritilgan Bishkekdagi mitinglar oʻlkaning Xitoy davlati bilan, umuman olganda esa, AQSh va Rossiya bilan bugungi aloqalari qay darajada degan savolni o’rtaga chiqarmoqda.

Qirg'iziston tashqi siyosatini qanday yuritmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:10 0:00

Siyosatshunos Iqbol Mirsaitovning aytishicha, Qirgʻizistonning hozirgi prezidenti Sooronbay Jeenbekovning avvalgi prezidentga nisbatan boshqa davlatlarga bordi-keldisi sustroq. Unga ko’ra, Qirgʻiziston hech qaysi bir davlatni xafa qilishni istamaydi. Shu bilan birga Qirgʻiziston kelajakka moʻljallangan tashqi aloqalar boʻyicha yaxshi bir konsepsiyaga muhtoj.

“Biz hozirgi paytda ikki davlat bilan nisbatan yaxshiroq aloqada boʻlib turibmiz. Birinchisi - Rossiya. U yerda bizning millionga yaqin fuqarolarimiz ishlab tirikchilik qilyapti. Rossiyadan migrantlar hisobiga katta mablagʻ keladi. Shuning uchun biz Rossiya bilan yomon aloqada boʻla olmaymiz. Bu bizga yaxshilik olib kelmaydi. Ikkinchi davlat esa Xitoy. Garchi bir oycha avval xitoylarga qarshi mitinglar boʻlib oʻtgan boʻlsa-da, bizning davlat bu kayfiyatlarga eʼtibor qaratmadi. Davlat rahbarlarimiz Xitoy bilan aloqalar yomonlashishini istamasligini bildirishdi”, - deydi siyosatshunos Iqbol Mirsaitov.

Xalqaro aloqalar boʻyicha mutaxassis, siyosatshunos Chinara Esengul Qirgʻizistonning Xitoy bilan aloqalari toʻgʻri yoʻnalishda, ijobiy dinamika bilan rivojlanmoqda deb hisoblaydi. Uning aytishicha, Xitoy ham Qirgʻiziston bilan aloqalarning yaxshi boʻlishiga, biz kichik davlat boʻlsak ham,manfaatdor.

“Lekin ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar boʻyicha aytganda, eʼtiborga olish kerak boʻlgan yana bir masala bor. Bu elning Xitoy davlatiga, xitoylarga munosabati qanday ekanidir. Umuman olganda, menimcha, qirgʻizlarda tarixan olganda xitoylardan xavfsirash , ishonmaslik bor. Buni ochiq aytish kerak, men bu yerda Amerikani kashf qilayotganim yoʻq. Hamma biladi buni. Ayni vaqtda xitoylarning bizga munosabati qanday degan savol tugʻilishi mumkin. Albatta, ular biz haqimizda biror fikr bildirish uchun avval bizni tanishi kerak. Men Xitoyga koʻp borib koʻrdimki, xitoylarning Markaziy Osiyo xalqi haqida koʻp maʼlumoti yoʻq ekan. Shu va boshqa tarixiy, iqtisodiy, geosiyosiy faktorlar sabab ikki davlat aloqalari bir oz susayib, qiyinlashdi”, - deydi siyosatshunos Chinara Esengul.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Qirgʻiziston hukumati Xitoy sarmoyalaridan toʻgʻri foydalanish uchun sharoitlarni tashkil qilishi kerak. Shu bilan birga elning fikrini toʻgʻri, ijobiy tomonga - aldamay ammo haqiqatda yaxshi boʻlgan jihatlarni koʻrsatib - yoʻnaltirish uchun ishlasa, yaxshi boʻlar edi, deydi u.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Xitoydan Qirgʻizistonga keluvchi investitsiyalar ikki hissaga qisqargan. 2017-yil 300 mln. dollar atrofida mablagʻ kelgan boʻlsa, “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati yozishicha, oʻtgan yili bu miqdor 100 mln. dollardan bir oz ortgan, xolos.

Shuningdek, Xitoy davlati Qirgʻizistonga grant sifatida bermoqchi boʻlgan 100 mln. dollar ham kelmagani maʼlum boʻlgan.

Siyosatchi Ravshan Jeenbekov esa Qirgʻiziston boshqa yirik davlatlar bilan mustaqil aloqa qila olmaydi, degan fikrda. Uning aytishicha, Qirgʻizistonning Xitoy bilan yoki AQSh bilan qanday muomala qilishini Rossiya belgilaydi.

“Qirgʻiziston hukumati toʻligʻi bilan Kremlga tobe boʻlib qoldi. Bizning hukumat ham, prezidentimiz ham Kremlning gapidan chiqa olmaydi. Agar Kreml izn bermasa, Gʻarb bilan, ayniqsa, AQSh bilan aloqa qilish bugungi kunda Qirgʻiz hukumati uchun juda xavfli boʻlib qoldi. Shuning uchun Qirgʻiziston hukumati Amerika bilan tigʻiz hamkorlik qila olmayapti. Chunki Kremldan qoʻrqyapti”, - deydi siyosatchi Ravshan Jeenbekov.

Siyosatchi fikricha, AQSh bilan oʻzaro aloqalar 2014-yil Qirgʻiziston xalqaro shartnomani buzgani ortidan bir oz sustlashganiga qaramay, asosan, ikki tomonlama hamkorlik qilish tashabbusi koʻproq AQSh tomonidan boʻlayotgani seziladi. Amerika tomon Qirgʻizistonga tibbiyot va taʼlim yo’nalishlarida yordam koʻrsatib keladi.

Ravshan Jeenbekov oʻz fikrini davom ettirib, Qirgʻizistonning AQSh bilan yaqin aloqalarini istamagan Rossiya ayni vaqtda Xitoy bilan hamkorlikka qarshilik koʻrsatmaganini aytdi. Bunga Xitoyning siyosiy masalalarga aralashmasligi, iqtisodiy masalalardagi hamkorlik esa Rossiya manfaatlariga qarshi kelmagani sabab boʻlgan, deydi u.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG