Breaking News

Yil sarhisobi: Qirg'iziston uchun 2017-yil qanday kechdi?


Qirg'iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning inauguratsiya marosimi, Bishkek, Qirg'iziston, 24-noyabr, 2017-yil
Qirg'iziston Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning inauguratsiya marosimi, Bishkek, Qirg'iziston, 24-noyabr, 2017-yil

O’tgan yilni sarhisob qilar ekan, Qirg’iziston ahli qanday voqea va jarayonlarni yodga olmoqda? Yangi 2018-yildan nimalar kutadi, unga qanday umidlar bog’laydi?

“Zahiriddin Muhammad Bobur nomli O’sh O’zbek akademik drama teatrining jamoasi uchun 2017-yil unutilmas yil bo’ldi, - deydi teatr direktori Nabijon Mamajonov. - Ko’p yillik tanaffusdan so’ng Farg’ona vodiysi bo’ylab ijodiy safarda bo’ldik. Gastrollarimiz O’zbekiston matbuotida keng yoritildi. Eng quvonchlisi - chegaralar ochildi, Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida azaliy bordi-keldi izga tushdi. Yaqinda o’tkazilgan Qirg’izistonda O’zbekiston madaniyati kunlari barchani xushnud qildi”.

Shuningdek, teatr joriy yil Yevropaga “darcha ochdi”.

“Buyuk Shekspirning vatanida, London shahrining sahnalarida“Richard III” spektaklini namoyish etdik. Bu joylik tomoshabinlarning olqishi, teatrshunoslarning yuksak baholari bizni benihoya quvontirdi”, - deydi Nabijon Mamajonov.

2018-yil teatr o’zining yuz yilligini nishonlaydi.

“Yubiley mavsumiga tayyorlanar ekanmiz, yaxshi rejalar tuzdik, bayramimizda O’zbekiston delegatsiyasi ham qatnashadi”, - deydi san’atkor.

O’sh viloyatilik bu qizlar uchun yilning eng muhim voqeasi - talabalar safiga qabul qilinish. Qizlardan biri o’qishni xorijda davom ettirish, keyinchalik chet elda faoliyat yuritishni orzu qiladi.

Qirg’iziston Xalq assambleyasining O’sh viloyat bo’limi boshlig'i, tarix fanlari doktori Boltag’ul Nurunbetovning aytishicha, yilning yorqin voqealari bu - kuzda o’tgan prezident saylovlari, Issiqko’lda bo’lib o’tgan Ko’chmanchi xalqlar o’yinlari hamda hukumatning yoshlar hisobiga yangilanishi.

Suhbatdosh Qirg’iziston - O’zbekiston munosabatlaridagi ijobiy siljishlarni ham alohida urg’ulaydi.

Professor Nurunbetov kelayotgan yil davomida iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda siljishlar yuz berishida umid bog’laydi.

Marhaboxon sotuvchi bo’lib ishlaydi, odamlarni yaqindan kuzatadi. U jamiyatda iymon ildiz otayotganidan mamnun.

“Taqvodor namozxonlar safi ko’payayotgani qanday go’zal. Har bir insonning qalbi ochilsa, qalblar toza bo’lsa, bu dunyoda hech yomonlik bo’lmaydi”, - deydi Marhaboxon.

Bu yosh ona kelasi yil davlat maktab o’quvchilarini bepul darsliklar bilan to’la ta’minlashini, ko’p bolali xonadonlar sohiblarining daromadlari ko’tarilishini istaydi.

Nafaqadagi muallima Matlubaxon Abdullayeva kirib kelayotgan yil o’tgan yildagiday fayzli, barakotli davr bo’lishini tilaydi.

“Yana bir tilagim - yosh oilalarga uy-joy qurish uchun yer maydonlari ajratish yo’lga qoyilsa edi. Bizning O’sh shahrimizda bu dolzarb masala”, - deydi katta xonadon bekasi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG