Breaking News

Nazarboyev o'ziga voris tayinlash harakatiga tushdimi?


Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev
Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev

Ostonadagi yong’inda besh bolaning qurbon bo’lishi ortidan boshlangan noroziliklar Qozog’iston hukumatining iste’foga chiqarilishi sabablardan biri sifatida ko’rilmoqda. Iste'fo 80 yoshga yaqinlashayotgan Prezident Nursulton Nazarboyev vorisi masalasi bilan bog'liqligi ham e'tibordan chetda emas. Prezident Nazarboyev hukumat iste’fosini e’lon qilar ekan, Bosh vazir Baqitjon Sagintayev boshliq hukumat o’z vazifasini uddalay olmaganini aytgan. Bu o'zgarish Qozog’istonda kutilayotgan saylovlar, hokimiyat almashishiga doir mulohazalar kuchaygan bir paytga to’g’ri kelmoqda.

Qozog'iston hukumatidagi o'zgarishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:49 0:00

Prezident Nazarboyev iste'fo sabablarini iqtisodiy omillarda ko’rgan bo’lsa-da, uning qozoq jamiyatini larzaga solgan fojiaga bog’liqligi haqida hech narsa demagan; ammo hukumat kam ta’minlangan aholi bilan ishlashni yo’lga qo’ya olmaganini e’tirof etgan.

4-fevral kuni Ostonada yuz bergan yong’inda bir oilaning besh farzandi yonib ketgan edi. Tunda yuz bergan fojia paytida bolalarning ota-onalari ishda, navbatchilikda bo’lishgan.

Qozoq jamoatchiligini larza solgan bu fojia ortidan mamlakatdagi ko’p bolali onalar ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash talab qilingan norozilik aksiyasini boshladi.

Fojia 30 yildirki Qozog’istonni muqobilsiz boshqarib kelayotgan Nazarboyev hokimiyatiga nisbatan ham norozilik to’lqinini kuchaytirgani aytilmoqda.

Muxolifat Nazarboyev o’z hokimiyatiga nisbatan norozilik kuchayganidan yaxshi xabardorligini, hukumat iste’fosi shu norozilikni tinchlantirishga qaratilganini ta’kidlamoqda.

Qozoq muxolifati faollaridan biri Aydos Sodiqqa ko’ra, mamlakatda noroziliklar ko’lami oshmoqda; nafaqat Ostona, balki boshqa shaharlarda ham iqtisodiy vaziyatni yaxshilash talab qilingan turli aksiyalar kuzatilmoqda.

“Bu iste’foning asosiy sababi Qozog’istonda boshlangan norozilik aksiyalaridir. Bunday noroziliklar Ostona doxil mamlakatning barcha hududlarida kuzatilmoqda. Ijtimoiy qarshiliklar to’lqini oshib bormoqda, odamlar yashash sharoiti yomonlashib borayotganidan norozilar. Bunday sharoitda Nazarboyev jamoatchilikka muammolarga aybdor bo’lgan kimnidir ko’rsatishi kerak edi, shunday bo’ldi. Mavjud muammolarda Sagintayev boshliq hukumat ayblandi, iste’foga chiqarildi”, - deydi Aydos Sodiq.

Siyosatshunoslar Qozog’iston hukumatining iste’foga chiqarilishi ortida nafaqat iqtisodiy sabablar, balki mamlakatda kutilayotgan saylovlar, xususan, 80 yoshni qarshilayotgan Prezident Nursulton Nazarboyevning siyosiy vorisi masalasini ham ko'rmoqda.

Qozog’istonda aksariyat saylovlar muddatidan oldin o’tkazib kelingan, navbatdagi savlovlar ham bundan mustasno emas. Katta ehtimol bilan prezidentlik saylovlari 2019-yilda o’tishi kutilmoqda.

Bu saylovlardagi asosiy masala unda Prezident Nazarboyevning ishtirok etish- etmasligi haqida bo’ladi. Hukumat iste’fosi Nazarboyev vorisi kim bo’lishi haqidagi savollarga ham oydinlik kiritadi, degan qarashlar yo’q emas.

“Hukumat iste’fosi ortidan shunday o’rinli mulohazalar bor. Chunki hokimiyat tranzitini amalga oshirish uchun hukumat tarqatilishi juda qulay vaqt, tizim Nazarboyev o’rniga keladigan yangi vorisga moslashtirilishi kerak. Ammo uning o’rniga kim kelishi, voris amaliyoti o’tkaziladimi, yo’qmi, bu haqida faqat taxminlar qilish mumkin. Nazarboyev hokimiyatni topshirishiga biror ishora bermadi, aksincha o’tgan yil Finlandiyaga qilgan safarida navbatdagi saylovlarda ham qatnashishiga shama qilgan edi. Shu oy oxirida prezident “Nur Otan” partiyasi syezdida chiqish qilishi kutilmoqda, ko’pchilik aynan shu tadbirdan so’ng Nazarboyev vorisiga doir masalaga oydinlik kiritilishiga umid qilmoqda”, - deydi Aydos Sodiq.

Qozog’istonda hukumat tarqatilishi ortidan hukumatni vaqtincha boshqarish Bosh vazir o’rinbosari lavozimida ishlab kelgan Asqar Maminga yuklatilgan.

Sobiq bosh vazir Baqitjon Sangitayev maxsus bayonot bilan chiqdi. Unda elboshi, mamlakat asoschisi faqat davlat, xalq manfaatidan kelib chiqib qaror chiqarishi, Prezident Nazarboyev zamonaning buyuk bunyodkori ekanligi, Qozog’iston xalqi buguni va kelajagini faqat uning nomi bilan bog’lashi haqida so’z boradi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG