Breaking News

Qozog'istonda yangi hukumat tuziladi


Nazarboyev Qozog'istonni 30 yildan beri boshqarib keladi

Bugun Qozog'istonda 30 yillik rahbar Nursulton Nazarboyev hukumatni tarqatib yubordi. Xalq norozi, deydi prezident, chunki vazirlar ishini eplolmayapti.

Aholining eng oddiy talablarini bajo keltira olmagan Vazirlar mahkamasi kimga kerak? Nazarboyev bugungi bayonotida shunday savolni o'rtaga tashladi.

Qozog'istonda qashshoqlikka qarshi kurash, aholining turmush darajasini oshirish, viloyatlarni taraqqiy ettirish - asosiy vazifalar, deb belgilangan. Nazarboyev deydiki, hukumat qonunlarni, qaror va farmonlarni amalga oshirmagan.

Prezident mana shunday iddaolar bilan Askar Maminni muvaqqat bosh vazir etib tayinlagan. Viloyatlarda va poytaxt Ostonada norozilik chiqishlari kuzatilayotgan edi.

Fuqarolar muammolarda faqat vazirlarni emas, butun tuzumni, shu jumladan Nazarboyevni ham ayblaydi. Lekin prezident bu borada hech narsa demagan.

Qozog'iston parlamentida Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi hukmron. Respublika avtoritar boshqaruv ostida. Matbuot erkin emas, shuningdek, Qozog'istonda siyosiy erkinliklar va inson huquqlari sistematik tarzda toptaladigan mamlakatlar qatorida.

Neftga boy davlat qora oltin bahosi jahon bozorida pasayib ketganidan ulkan moliyaviy zarar ko'rgan. Rossiya boshliq Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirgan Qozog'iston bu borada real yutuqlar hali oldinda ekanini qayd etib keladi.

Tahlilchilarga ko'ra, mamlakatning iqtisodiy daromadi asosan Ostona va Almatida aylanadi va viloyatlardagi aholi ulardan juda kam naf ko'radi.

AQSh, Xitoy va Rossiya bilan muvozanatli hamkorligi bilan nom qozongan Nazarboyev, deydi tanqidchilar, Qozog'istondagi tub muammolar - qashshoqlik, huquqbuzarlik va korrupsiya - bilan shug'ullanmay, pulni dabdabali lekin keraksiz loyihalarga, xususan xalqaro tadbirlar va ko'rgazmalarga sarflab, oz nufuzini mustahkamlash harakatida.

Shunga qaramay Qozog'iston Markaziy Osiyodagi eng yirik iqtisodiy tizimga ega. Biroq so'nggi yillarda o'sish pasaygan.

Jamoatchilik iqtisodiy yetishmovchilik, ijtimoiy tavofut va ishsizlikdan nolib keladi. Ostonada fevral oyining boshida bir xonadondagi yong'inda besh bola o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG