Breaking News

Guterrish: Dunyoda nafrat va dezinformatsiya kuchaymoqda


BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish Jenevadagi anjumanda nutq so'zlamoqda, 2019-yil, 25-fevral.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning aytishicha, dunyo bo’ylab inson huquqlari himoyasining zaiflashishi tinchlik va xavfsizlikka tahdid solmoqda. Bu haqda u Inson huquqlari kengashining Jenevada o’tayotgan 40-sessiyasida gapirdi.

Guterrishga ko’ra, dunyoning ko’plab qismlarida inson huquqlariga e’tibor kamaymoqda va bu ijtimoiy adolat hamda insonlarning o’z hayotlarini yaxshilash imkoniyatiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.

Xavotirli o’zgarishlardan biri shuki, dedi BMT yetakchisi, dunyoning har bir mintaqasida va internetning har bir burchagida fuqarolik maydoni torayib bormoqda.

“Faollar va jurnalistlar kuzatuv, aldamchi kampaniyalar va zo’ravonlik tahdidlari bilan nishonga olinmoqda. Bular ko’pincha haqiqiy zo’ravonlikka boshlayapti. Yuzni tanish texnologiyasi noto’g’ri maqsaddagi kuzatuv uchun ishlatilyapti va so’z erkinligiga aralashuv muloqot uchun maydonni kamaytirib, salbiy ta’sir ko’rsatyapti”, - dedi Guterrish.

BMT rahbari yahudiy va musulmonlarga qarshi nafrat oshayotganidan xavotir bildirdi. Uning aytishicha, nafratga asoslangan bayonotlar demokratik qadriyatlar, ijtimoiy barqarorlik va tinchlik uchun tahdiddir. Shafqatsiz va kamsituvchi hujumlar odatiy holga aylanmoqda, deydi Guterrish.

“Ba’zi yirik siyosiy partiyalar va yetakchilar bunday g’oyalarni o’z propagandasi va saylov kampaniyasi uchun ishlatmoqda. Bir paytlar chetda yurgan partiyalar bugun hukumatlar ustidan ta’sir o’tkazmoqda. Bularning har biri insoniyat ustunlarini zaiflashtirmoqda”, - deydi u.

Kelasi to’rt hafta ichida 47 a’zo davlatdan iborat Inson huquqlari kengashi BMT bosh kotibi ko’targan masalalarni o’rganadi. Suriya, Myanma, Burundi, Janubiy Sudan, Eron va Shimoliy Koreyadagi vaziyat alohida tahlil qilinadi. Qiynoqlar, odam o’g’irlash, terrorizm va vijdon erkinligi kabi mavzularda maxsus sessiyalar bo’lishi kutilyapti.

AQSh o’tgan yili tashkilotni siyosiy tarafkashlikda va inson huquqlarini buzuvchilarni himoyalashda ayblab, uni tark etgan edi. Bu yilgi sessiyada Vashington rasmiylari kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG